13:30 / 24.01.2022
6319

Chilonzordagi omborxonalarning birida yong‘in chiqdi (video)

Toshkent shahri Bunyod ko‘chasidagi omborxonada yong‘in yuzaga keldi. FVV yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.

24 yanvar kuni internetda Toshkent shahridagi sanoat zonalaridan birida yirik yong‘in ro‘y bergani aks etgan videolar tarqaldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, hodisa Toshkent shahri Chilonzor tumani Bunyod ko‘chasida joylashgan omborxonalarning birida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, tuman FV bo‘limiga soat 09:58da yong‘in to‘g‘risida xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 12ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 10:04da yetib borgan va yong‘in soat 10:57da qurshab olingan. Soat 12:58da yong‘in bartaraf etilgan.

«Yong‘in natijasida omborxonaning taxminan 600 kv.m. maydonida tomi, shifti va ichki qismida saqlanayotgan mahsulotlar yonib zararlangan. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar haqida ma’lumot kelib tushmadi», deyiladi xabarda.

Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Top