Jahon | 16:54 / 25.01.2022
37364
6 daqiqa o‘qiladi

«Moskvaning rejalarini bilamiz» – Ukraina Xavfsizlik kengashi kotibi mamlakatdagi holat haqida ma’lumot berdi

Ukraina hukumati mamlakatga Rossiya bostirib kirishi borasidagi G‘arbning chiqishlarini sovuqqonlik bilan qabul qilmoqda. Prezident Zelenskiy hammani xotirjamlikka chaqirgan.

Foto: Getty Images

Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi bosh kotibi Aleksey Danilov VVS bilan suhbatda Moskvaning rejalaridan xabardor ekanini aytdi.

«Hozir qo‘rquvdan baqiradigan vaqt emas, Rossiyaning rejalari nimadan iborat ekanini bilamiz. Ularning birlamchi maqsadi Ukraina ichidagi vaziyatni izdan chiqarish. Afsuski, ular hozircha buni yaxshi uddalashmoqda. Bizning asosiy vazifamiz vaziyatdan kelib chiqqan holda xotirjam harakat qilish», degan bosh kotib.

Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi bosh kotibi Ukraina chegarasidagi vaziyat haqida ham ma’lumot berdi.

«Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida ko‘pchilik tasvirlayotganidek askarlar soni ko‘paygani yo‘q. Qandaydir manyovrlar bo‘lib turibdi, lekin bu yangilik emas, ular doim bo‘lgan. Rossiya o‘z askarlarini mamlakati ichida xohlagan tomoniga harakatlantirishi mumkin. Ular chegaramizga kelgani biz uchun yoqimsiz, lekin bu yangilik emas. Balki G‘arb uchun yangilikdir, bilmadim», dedi Danilov.

Uning fikricha, Ukraina hamda Rossiya o‘rtasidagi urush 2014 yil – Rossiya Qrimni bosib olgandayoq boshlangan. «AQSh yoki boshqa davlatlar uchun bu yangilik bo‘lsa, biz uchun reallik», dedi bosh kotib.

Aleksey Danilov G‘arb nashrlarining Rossiya tez orada Ukrainaga bostirib kirishi haqidagi bayonotlari bejiz berilmayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, dunyoda Ukraina muammosi qanchalik jiddiy ekaniga endi-endi e’tibor berishmoqda.

«Borgan sari ko‘p davlatlar nafaqat Ukrainadagi voqealarga e’tibor bermoqda, balki Ukrainaga yordam berishni o‘z burchi deb hisoblay boshladi. Albatta, ular yordam berishi haqidagi bayonotlar biz uchun muhim, lekin amaldagi harakatlar barchasidan zarurroq. Bizga Rossiya agressiyasiga qarshi turish uchun avvalo qurol kerak. Qurollar kela boshlagani yaxshi, avval bunaqa bo‘lmagandi», degan Ukraina yuqori lavozimli harbiy mulozimi.

Danilov xorijiy davlatlar o‘z fuqarolarini Ukrainadan olib chiqib ketishi Kreml foydasiga ishlashini qayd etdi.

«Hamma davlatlarda ham Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi borasida xavotir yo‘q. Masalan, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan ko‘plab davlatlar diplomatlarini olib ketish haqida o‘ylamayapti. Unutmang, OAVda urush xavfi yuqori ekani haqidagi chiqishlar, diplomatlarni Ukrainadan olib ketish faqat va faqat Kreml foydasiga xizmat qilib, Ukraina iqtisodiga zarar olib keladi.

Biz hamkorlarimizga ham shuni tushuntirmoqchi bo‘lyapmiz: Ukraina iqtisodi tushib ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Odamlar tushkunlikka tushsa, bu mamlakat uchun yomon holat. Bunday vaziyatda odamlar fikrini istalgan tomonga yo‘naltirish yanada oson bo‘ladi. Rossiya aynan shunga erishishga harakat qilmoqda. Nega hamkorlarimiz shuni bilib hozirgiday harakat qilyotganidan hayronman», deydi u.

Danilov Rossiya tomonidan Ukrainaga xavf anchadan buyon mavjudligini aytar ekan, bu borada Kremlni agressiyaning oqibatlaridan ogohlantirmagan AQShning ham aybi borligini ta’kidladi.

«2008 yil Putin AQSh prezidenti (Jorj Bush) bilan uchrashuvda Ukraina degan davlat yo‘qligi, bu sun’iy tushuncha ekanini aytgan, ammo bu gapi uchun amerikalik hamkasbidan munosib javob olmagan.

Hamma ish o‘z vaqtida qilinishi kerak. Aks holda demokratiya xavf ostida qoladi. Demokratiya o‘zini himoya qila olishi shart, kerak bo‘lsa qo‘lida qurol bilan. Shunday ekan, demokratiyani yo‘q qilishga intilayotgan tuzumlar nafaqat Ukraina uchun, balki Yevropa va dunyo uchun xavfli», degan u.

Buyuk Britaniya rossiyaliklarning Ukrainaga bostirib kirishi xavfi ostida Kiyevdagi elchixonasi xodimlarini olib chiqishni boshladi

Dushanba kuni Britaniya urush xavfi sabab Ukrainadan diplomatlarini olib chiqishni boshlagandi. AQSh esa elchixona vakillarining oila a’zolariga mamlakatni tark etishni maslahat berib, diplomatlarning o‘ziga ham xohishi bo‘lsa, ketishga ruxsat bergandi. Keyinroq Avstraliya ham diplomatlarini olib ketishga kirishdi, Fransiya va Yaponiya esa fuqarolariga zarur ehtiyojsiz Ukrainaga bormaslikni, borganlarga esa ortga qaytishni tavsiya qildi.

Ukraina tashqi ishlar vazirligi diplomatlarini olib ketayotgan davlatlarning harakatlarini ortiqcha ehtiyotkorlik va voqealar rivojidan ilgarilab ketish deb baholadi.

2021 yil oktyabr oyidan buyon G‘arb nashrlari Rossiya Ukraina chegarasida 100 ming askar to‘plagani haqida yozib kelishadi. Keyinchalik bu bayonotlar rasmiy doiralarga ko‘chdi va siyosatchilar Rossiya 2022 yil qishida Ukrainaga bostirib kirmoqchi ekani haqida yoza boshlashdi. Rossiya bu ayblovlarni rad etish asnosida G‘arbdan Ukraina va Gruziya hech qachon NATOga kirmasligi bo‘yicha huquqiy kafolat talab qilmoqda.

Mavzuga oid