Sport | 20:00 / 27.01.2022
16641
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘rtoqlik uchrashuvida Janubiy Sudanni yirik hisobda yengdi

O‘zbekiston milliy jamoasi bugun, 27 yanvar kuni FIFA kunlari doirasidagi ilk rasmiy o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Srechko Katanets shogirdlari Janubiy Sudan milliy jamoasiga qarshi saf tortdi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvdan oldin sloveniyalik murabbiy faqat ikki futbolchi xizmatidan foydalana olmasdi – bir o‘yinlik diskvalifikatsiya sababli Farrux Sayfiyev va koronavirus yuqtirib olgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev. 

Uchrashuvni hujumkor boshlagan vakillarimiz 6-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Chap qanot himoyachisi Sherzod Nasrullayevning zarbasini darvozabon bartaraf etgach, qaytgan to‘pni Eldor Shomurodov darvozaga teskari turgan holda tovoni bilan hisobni ochdi – 1:0.

29-daqiqada esa Javohir Siddiqovning uzatmasidan keyin Eldor darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, dublini rasmiylashtirdi – 2:0.

Ikkinchi bo‘limning 67-daqiqasida esa afrikalik futbolchilar o‘z jarima maydonlarida qo‘l bilan o‘ynashdi. Belgilangan penaltini esa Jaloliddin Masharipov «Panenka uslubi»da ijro etib, farqni yiriklashtirdi – 3:0.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy jamoasi Dubayda FIFA kunlari doirasidagi ilk rasmiy o‘rtoqlik bahsida yirik hisobda g‘alaba qozondi. Navbatdagi bahs 1 fevral kuni Yangi Zelandiyaga qarshi o‘tkaziladi.

O‘rtoqlik uchrashuvi. BAA, Dubay.
27 yanvar (payshanba)
O‘zbekiston – Janubiy Sudan – 3:0

Gollar: Eldor Shomurodov 6, 29, Jaloliddin Masharipov 67 penaltidan.
O‘zbekiston: 16.Valijon Rahimov, 9.Dilshod Saitov (2. Hojiakbar Alijonov, 80), 15.Umarbek Eshmurodov, 2.Islom Qobilov, 18.Sherzod Nasrullayev, 20.Akmal Mozgovoy (17.Sardor Sobirxo‘jayev, 57), 7.Otabek Shukurov, 22.Javohir Sidiqov (6.Aziz G‘aniyev, 46), 23.Hojimat Erkinov (21.Shahboz Umarov, 57), 10.Jaloliddin Masharipov (8.Oybek Bozorov, 72), 14.Eldor Shomurodov (11.Sherzod Temirov, 73).

Mavzuga oid