Gaz uzilgach hosili nobud bo‘lgan G‘allaoroldagi yagona issiqxona: bunda kim aybdor?
Tahririyatimizga Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidan issiqxonasidagi hosili nobud bo‘lgan tadbirkor Nuriddin Hojiyev murojaat qildi. Uning 2,4 gektar joydagi issiqxonasi gaz tarmog‘idan uzilgani tufayli 57 ming tup bodring nihollari sovuq urish tufayli katta zarar ko‘rgan.
Kun.uz ijodiy guruhi tadbirkorning G‘allaorol tumanining Sarbozor mahallasida joylashgan issiqxonasiga borib, mavjud holatni o‘rgandi.
Tadbirkorning hikoya qilganlari
1 dekabr kuni «Hududgazta’minot» AJ raisining o‘rinbosari Abdusamat Sayidvaliyev boshchiligidagi ishchi guruh issiqxonani gazdan uzish haqida ko‘rsatma bergan. Shu kuni tunda minus olti daraja sovuq bo‘lgan va jami ekilgan bodringlar so‘lib qolgan.
Eng qizig‘i, bu tadbirkorning gazdan uzib qo‘yilishi tufayli birinchi marta zarar ko‘rishi emas ekan. 2020 yilning dekabr oyi oxirlarida ham issiqxona gazdan uzilgan. O‘shanda uning pishay deb turgan 57 ming tup pomidori nobud bo‘lgan.
O‘tgan yili pomidor ekilganda issiqxona gazdan uzilishiga sabab qilib gaz tarmog‘i aholi liniyasiga ulangani ro‘kach qilingan. Ayni qish paytida kunlar sovib ketgach, quvur kesib tashlangan.
2021 yilda bodring ekib foyda qilishni ko‘zlagan tadbirkor 1 km 200 metr joydan gaz tortish uchun viloyat gaz idorasida texnik shart olgan. Shu shart bo‘yicha 85 mln so‘mga quvurlar sotib olingan. Ishchilar yollagan va quvur tortgan.
Ammo shu ishlarga qaramasdan gaz idorasi ular bilan hattoki gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma ham imzolamaganini, og‘zaki topshiriqlar asosida gazdan foydalanib, foydalanilgan gaz uchun orttirilgan summada — kub metriga 1400 so‘mdan to‘lab kelganini aytdi.
Issiqxona esa respublikamizning eng baland nuqtasida joylashgan hududlaridan biri bo‘lgan G‘allaorolda gaz yordamida isitiladigan yagona issiqxona ekan. Tadbirkor o‘ziga tegishli ikkita oshxonani garovga tikib, bankdan mablag‘ olib, xorijdan zamonaviy uskunalar keltirib, 2018 yilda issiqxona tiklagani, ikki yildan buyon foyda ko‘rolmayotganini bayon qildi.
Qolaversa, gidroponika usulida ham mahsulot yetishtirilayotgan issiqxonada mahalliy aholi ish bilan ta’minlangan. Ular ham yangi yil oldi ishsiz va mablag‘siz qolib ketganini bayon qilishdi.
Nuriddin Hojiyev viloyat gaz idorasi tasdiqlangan texnik shartga ko‘ra gaz tarmog‘iga ulangani, aqlli hisoblagich va modem aloqasi o‘rnatilganiga qaramasdan bodring endi pishib, hosil bera boshlaganda gazdan uzishganini ro‘kach qilmoqda. Bu yerda sovuq shunday qattiqki, isitish uskunlari ichidagi suvlar muzlab, radiator quvurlarini yorib yuborgan.
To‘g‘ri, tadbirkorning foydalanilgan gaz uchun gaz idorasi oldida qarzi bo‘lgan. Lekin u 160,5 million qarzdorlikdan 148 millionini so‘ndirgani, 12,5 million so‘m qarzini hosilni sotib, to‘lab berishni mo‘ljallaganini aytdi. Chunki 1200 metrdan gaz tortib kelish uchun uning qariyb 14 ming dollar mablag‘i ketgan va puli qolmagan.
«Gazchilarning talabiga ko‘ra, hisoblagich va modem ulanish nuqtasida o‘rnatilishi kerak, shu sababli va qarzdorligim uchun uzishdi», dedi u.
O‘lganning ustiga tepgandek, issiqxona gazdan to‘liq uzilganidan so‘ng 15 dekabr kuni «Hududgaz Jizzax» filiali metrologiya bo‘limidan Feruz degan yigit kelib, noqonuniy ulanish deb yana 75 million so‘m jarima solib ketgan. Ayni paytda tadbirkorga jarima qo‘llanilgani tufayli yana millionlab qarz mavjud.
Biz issiqxonadan 1200 metr narida joylashgan ulanish nuqtasiga bordik. Gaz magistral tarmoqqa qabristonning oldida, yaydoq dalada ulangan. Talab bo‘yicha hisoblagich va modemni xuddi shu yerga o‘rnatish kerak. Buning uchun uycha qurish, uni qo‘riqlash, qolaversa, inshoot qurish uchun yer ajratishga hokimlikdan ruxsatnoma ham olish kerak.
Tadbirkor gaz liniyasining yarmida, o‘ziga tegishli choyxonada modem va hisoblagich o‘rnatishga ruxsat berishmagani, gaz quvurini ham shu yerda uzib ketishganini ko‘rsatdi.
Gazchilarning tushuntirishi
Biz «G‘allaoroltumangaz» gaz ta’minoti filialida bo‘lib, masalaga oydinlik kiritdik.
«G‘allaoroltumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi rahbari Sobir Murodov tadbirkorni bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan gaz tarmog‘iga qayta qayta noqonuniy ulanib olganini ta’kidladi. Rahbarga ko‘ra, tadbirkor na 2021 yil uchun, na 2022 yil uchun shartnoma imzolagan.
«Uning gazdan uzilishiga uchta sabab bor. Birinchisi — shartnoma imzolamagan. Ikkinchisi — gazning magistral tarmoqqa ulanish nutqasida aqlli gaz hisoblagich va modem o‘rnatmagan. Uchinchisi — gazdan qarzi bo‘lgan», — dedi Sobir Murodov.
Idora rahbari tadbirkor modem va hisoblagichni esa gazdan uzilgach, 1 dekabrdan so‘ng o‘rnatganini aytdi.
Ayni paytda 1200 metr masofadan tortilgan quvur ham aholi liniyasiga ulangan, dedi gaz idorasi rahbari. Sanoat uchun mo‘ljallangan magistral quvur issiqxonadan 3 km masofada joylashgan ekan. Tadbirkor xarajat qilib ana shu yerdan gaz tortishi lozim ekan.
Tuman gaz idorasining ekspluatatsiya bo‘limi yetakchi mutaxassisi Abdukarim Mamarasulov avvaliga Nuriddin Hojiyev so‘nggi ulanish bo‘yicha texnik shart hujjatlarini tuman gaz idorasiga topshirmaganini aytdi. Biroq hujjatlar tuman gaz idorasida ham bor bo‘lib chiqdi.
Keyin ulanish ishlarini o‘zlari noto‘g‘ri amalga oshirgani, payvandlash ishlari litsenziyasi mavjud bo‘lgan korxona tomonidan amalga oshirilmaganini ta’kidladi.
«Gaz tarmog‘ini tortish litsenziyasi bor tashkilot tomonidan amalga oshirilib, alohida hujjat qilinadi», dedi A.Mamarasulov va namuna sifatida nonvoyxonalardan biri tayyorlagan hujjatni ko‘rsatdi.
Xullas, gazchilarning tushuntirishlaricha, gaz tarmog‘iga barcha talablarga ko‘ra tayyorlangan va tasdiqlangan loyiha bo‘yicha ulanib, gaz yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangach, limit ajratilib, tadbirkor gaz tarmog‘iga qonuniy ulangan bo‘ladi. Ungacha uning faoliyatida savollar tug‘ilaveradi.
Tuman gaz idorasining ulgurji iste’molchilar bilan ishlash xizmati yetakchi mutaxassisi Ravshan Sarimsoqovning aytishicha, 1 dekabrdagi so‘nggi uzishga qadar tadbirkor bir necha marta noqonuniy ulanishga yo‘l qo‘ygan va orttirilgan hisobda, gazning metr kubi 1400 so‘mdan hisoblangan. Nihoyat, gaz uchun qarzdorligi va noqonuniy ulanish tufayli tadbirkor gazdan uzib qo‘yilgan.
«Tadbirkor Vazirlar Mahkamasining 2018 yil №22 qarorining 2-ilovasiga mos ravishda gaz tarmog‘i ulansa, tegishli tartibda gaz hisoblagich o‘rnatsa, oldindan shartnoma tuzib, o‘ziga limit ajratilishiga erishib foydalansa, gaz idorasi tomonidan uning faoliyatiga hech qanday to‘siq qo‘yilmaydi», — dedi R.Sarimsoqov.
Modem va hisoblagichni ulanish nuqtasida o‘rnatish va uning uchun alohida uycha qurish talabiga qiziqdik. Bu ish butun gaz quvuridagi yo‘qotishlar va sizishlar uchun iste’molchi javobgar bo‘lishi uchun qilinar ekan. Bizga boshqa yuridik shaxslar ulanish nuqtasida modem va hisoblagich o‘rnatilgan uychalar qurilgan joyni borib ko‘rsatishdi.
Talablarga ko‘ra, iste’molchigacha gaz idorasi hisobidan quvur tortib kelish faqat sanoat zonalari uchungina amalga oshirilar ekan.
So‘ngso‘z o‘rnida
Albatta, mavjud voqeada kimning haq kim nohaq ekanligi haqida yakdil xulosa berish juda qiyin. Tadbirkor gazchilar uning faoliyat yuritishiga peshvoz chiqmaganidan jig‘ibiyron bo‘lmoqda. Gazchilar esa tadbirkor belgilangan talablarga rioya qilmadi, degan vajni keltirishmoqda.
Tadbirkor belgilangan talablarni risoladagidek bajarmagani uchun o‘z hosiliga kuyib o‘tiribdi desangiz, u talablarni bajarish ham oson emasdek.
Qolaversa, issiqxonada qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiriladi. U «metan zapravka», ohak, g‘isht ishlab chiqarish sexi yoki oshxona yo somsaxona emas: gazdan uzilsa bir kunlik xomashyosi yo masallig‘igagina kuysa yoki ishni vaqtincha to‘xtatib qo‘ysa. G‘allaorolning qishki sovug‘i bir kunda hosilning boshiga yetadi.
«Issiqxonani muqobil yoqilg‘ida qilish kerak edi», desangiz, yo‘lda ana shunday abgor ahvoldagi issiqxonalardan biriga ham ko‘zimiz tushdi. Ya’ni bu yerlarda ko‘mir bilan issiqxona yuritish samarasiz va imkonsiz.
Tadbirkor bu xarajat va zararlardan so‘ng qon bosimi ko‘tarilib ketganini aytdi. Uning eng ta’sirli gapi, shu bo‘ldi:
«Men issiqxona qilmoqchi emasdim. Ikkinchi oshxonam tuman hokimiyatining oldida. Bu taklif tumanning oldingi hokimidan chiqqan edi. Menda mablag‘ bor edi, kredit olishda yordam berishdi. Bor-budimni shu ishga tikdim. Foyda qilaman, deb o‘yladim. «Prado», «Malibu» mashinalarim bor edi. Endi bitta «Jyentra»da yuribmiz. Bu mashmashalardan so‘ng o‘lib netib qolsam yakka-yu yagona o‘g‘limga tog‘dek qarz qoldirib ketamanmi?»
Bularni eshitib, o‘yga tolasan kishi: «Hududgazta’minot» AJ qishda issiqxonalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga gaz ta’minoti va to‘lov masalasida imtiyoz bersa bo‘lmaydimi? Parvarishlanayotgan o‘simlik tirik organizm-ku? U axir sovuqda nobud bo‘ladi-ku?
Gazchilar kelgusida bunday holatlar ro‘y bermasligi uchun, issiqxonachi tadbirkorlarni ham risoladagidek qilib, gaz tarmog‘iga o‘zlari ulab berishi kerak emasmi? Nega tadbirkor o‘z hisobidan xarajat qilib, gaz tarmog‘iga ulanadiyu, yana turli jarimalar, uzilishlarga mubtalo bo‘laveradi?
Aslida, quvurni magistralning kerakli joyidan ulab, iste’molchi tadbirkorning eshigining oldigacha keltirib berishsa shu mashmashalar ro‘y berarmidi? Yagona ta’minotchi «Hududgazta’minot» qachon mana shunday adolatli tizimga o‘tadi? Nega bunday imtiyozlar faqat erkin iqtisodiy zonalar uchun?
Savollar tug‘ilaverganidan sohada ayni paytda mavjud tizimni adolatli deyishga ham odamning tili bormaydi.
Nuriddin Hojiyev ham endi adolatni suddan izlab ko‘rmoqchi. U ko‘rilgan zararlarini sud orqali undirmoqchi. Biz esa voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
20:03 / 22.11.2024
Gaz qazib olishning qisqarishi 2 mlrd kubga yaqinlashdi, neft va benzin ishlab chiqarish ham kamayib boryapti
14:18 / 22.11.2024
Zangiotada 14 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
11:31 / 22.11.2024
Energetika vazirligi: Issiqxonalarga gaz yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar yo‘q
09:51 / 21.11.2024