O‘zbekiston | 07:41 / 01.02.2022
4509
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Inson qadri indeksi joriy etiladi

31 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Toshkent shahrida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Dastlab aholi hayot darajasini mahallalar kesimida o‘rganish natijalari haqida ma’lumot berildi.

Ma’lumki, dunyoda Inson taraqqiyoti indeksi bor. U aholining hayot sifati, savodxonlik darajasi va umri davomiyligini qiyosiy baholaydigan ko‘rsatkichdir. Bu davlatimiz rahbari ilgari surgan “inson qadrini ulug‘lash” g‘oyasi bilan hamohang.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shundan kelib chiqib, Toshkent shahrida Inson qadri indeksini joriy etish bo‘yicha taklif tayyorlangan. Buning uchun Chilonzor, Uchtepa, Sergeli va Yunusobod tumanlaridan bittadan mahalla tanlab olinib, aholi o‘rtasida 56 xil masala bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilgan. Bu orqali mahallada qaysi soha oqsayotgani, odamlarda nimalarga talab borligi aniqlangan.

Taqdimotda shunday tahlilni sinov tariqasida poytaxt mahallalari kesimida yo‘lga qo‘yish, uning natijalariga qarab, muayyan hududga e’tiborni kuchaytirish taklifi bildirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

– Buning mezonlari qanday bo‘ladi? Olti oy yoki yil yakunida nimaga erishiladi? Shuning uchun ilmiy asoslangan tizim kerak. Shahar hokimligida Situatsion markazga o‘xshash tahlil markazi tashkil qilish, dasturiy mahsulot yaratish zarur. Mahallabay ishlash oson emas, zimmamizga katta mas’uliyat olyapmiz. Bu tizim qaysi mahallaga, qaysi ko‘chaga birinchi bo‘lib kirishni ko‘rsatib berishi kerak. Hamma ishlarni jamoatchilik bilan maslahatlashib, mahalliy kengashlarda tasdiqlab, tartib bilan bajarish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Indeks loyihasini mutaxassislar bilan muhokama qilib, har tomonlama takomillashtirish, sektor rahbarlariga bu tizimni o‘rgatish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu ularning o‘z ish uslubini o‘zgartirishga undashi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid