Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navbatdagi «Andijoncha tajriba»: «Vijdon xati» yozgan rahbarlar, tungi gulxanlarga majburlanayotgan o‘qituvchi va o‘quvchilar
Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar tunda o‘tkazilayotgan «Gulxan atrofida» tadbirlariga majbur etilmoqda. Uyushmagan yoshlar uchun, deya atalayotgan tadbirlarda maktab o‘quvchilari o‘z raqslari bilan ko‘rinish bergan.

Foto: Jalaquduq tumani hokimligi
Viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov esa tadbirlarda rasm va videotasvirlarni tarqatgan o‘qituvchilarni «gap tashish» va «g‘iybatchilik qilish»da aybladi.
Andijon viloyatidagi barcha tuman-shaharlardagi ta’lim muassasalarida o‘qituvchilar, maktab rahbarlari va mahalla ahli bilan «Gulxan atrofida» nomi ostida ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgani ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ayrim o‘qituvchilar mazkur tadbirlarga majburlanayotgani, rahbarlar esa 22:00 gacha ta’lim muassasasida ushlab qolinayotgani haqida o‘z e’tirozlarini bildirishgan.
Biroq viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mazkur iddaolarni keskin rad etib, tadbir mahallalar va u yerlarda yangi tashkil etilgan yoshlar yetakchilari tomonidan amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ammo viloyat ta’lim muassasalari xodimlarining Facebook’dagi sahifalarini kuzatar ekansiz, bu tadbirlarda asosan maktab o‘qituvchilari ishtirok etayotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, mazkur tadbirlarda maktab o‘quvchilarning ham ishtiroki kuzatilmoqda.
Jumladan, Asaka tumani 30-umumta’lim maktabidagi kechki tadbirlarda yupun kiyingan o‘quvchilarning raqs tushayotgani internet sahifasiga joylashtirilgan.

Eng qizig‘i, mazkur tadbirlar ortidan ta’lim muassasalari rahbarlariga ommaviy tarzda «Vijdon xati» yozdirilmoqda.
Tahririyatimizga kelib tushgan mana shunday xatlardan birida direktor va uning o‘rinbosarlari tadbirlarda vijdonan ishtirok etishga va’da berishi haqida yozilgan.
Ushbu ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatlar ortidan viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov murojaat bilan chiqdi va o‘z murojaatida guruhlardagi rasmlarni tarqatayotgan o‘qituvchilarni «gap tashish» va «g‘iybatchilik qilish»da aybladi.

«Siz nimaning hisobiga asoslanmagan xabarlarni tarqatmoqdasiz? Onlayn darsni nazorat qildingizmi yoki biror o‘quvchining o‘zlashtirish jarayonini vijdonan nazorat qildingizmi? Sizlarga ish bo‘lmasa-da, faqat gap tashib, g‘iybat qilsangiz. Ta’lim sifatiga ham ana shunday fidoyilik bilan yondashganingizda Andijon ta’limi yuksalarmidi?
Ish qilmasdan guruhlardagi rasmlarni kimlargadir tashlab berib nima foyda ko‘rasiz? O‘z ishingizni uddalay olmasangiz, hech bo‘lmasa ishlaganlarga xalaqit bermay tursangiz yaxshimidi?
Tadbirlar mahalla yetakchilari va maktab ma’muriyati tomonidan tashkil etilyapti. Vijdonli va diyonatli o‘qituvchilarimiz esa o‘quvchilarining o‘zlashtirishi bilan band. Ularga boshim yerga tekkuncha ta’zimdaman.
Kamchilik izlayotgan ayrim bekorchilarga esa (ustoz deyishga tiling bormaydi — A.M.) insof tilab qolaman, gruppalardagi rasmlarni tashishda davom eting», — degan boshqarma boshlig‘i o‘z murojaatida.
Qiziq, agar bu tadbirlar xo‘jako‘rsin va hisobotlar uchun emas, qonuniy tarzda, nimanidir targ‘ib qilish uchun o‘tkazilayotgan bo‘lsa nega ulardan foto va videotasvirlar mahalliy rahbarlarni bu tarzda xijolat qilmoqda? Nega tadbirlardan surat olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatayotgan o‘qituvchilar mulzam qilinmoqda?

Andijon viloyatida bunday jonbozlik ko‘rsatilishi birinchi marta emas. Avvalroq, Jalaquduq tumanidagi 1-IDUMI o‘qituvchilarining ritmik raqsi keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan esa Asaka tumanida direktorlar mahalladagi ishsizlarni ishga joylashtirishga majbur qilinayotgani haqida xabar bergan edik. Bu xabarlar yuzasidan Andijon viloyat XTB munosabat bildirmagan edi.
Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri
Tavsiya etamiz
Navbatdagi cho‘pchak: O‘zbekistonda kriptovaluta “qazib oluvchi” uskuna ijarasidan daromad olish taklif etilmoqda
Jamiyat | 20:37 / 14.07.2025
Toshkentda piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilarni qayd etuvchi kameralar ishga tushirildi
Jamiyat | 17:45 / 14.07.2025
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlandi
O‘zbekiston | 22:40
-
Trampdan yangi dedlayn – 50 kun. Bu nima degani?
Jahon | 22:31
-
Braziliya prokuraturasi sobiq prezident Bolsonaruni davlat to‘ntarishiga urinishda aybladi
Jahon | 22:28
-
Tayvan armiyasi shahar ichida jang olib borish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini boshladi
Jahon | 21:54
Mavzuga oid

22:19 / 14.07.2025
Andijonda hokim o‘rinbosari, statistika bo‘limi boshlig‘i va sobiq mansabdorlar pora bilan ushlandi

22:27 / 10.07.2025
Buloqboshida yana toshqin xavfi: aholi Janubiy Farg‘ona kanalida suv sathi ko‘tarilganidan xavotirda

12:15 / 10.07.2025
Andijonda chiqindidan elektr ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlandi

20:51 / 07.07.2025