O‘zbekiston | 16:30 / 05.02.2022
4192
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar portali hamda qonunchilik faoliyatiga doir portal ishga tushirildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qonun ijodkorligi faoliyati tizimiga doir portal hamda deputatlar portali axborot tizimlari ishga tushirildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov «Taraqqiyot strategiyasi» haqidagi maqolasida aytib o‘tgan.

Spikerga ko‘ra, strategiyada «Elektron parlament» doirasida deputatlarning o‘z saylovchilari bilan muloqot qilishi va ularni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish jarayonini raqamlashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan.

«Bu borada Qonunchilik palatasida deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash, shu jumladan ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot olib borish, amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rib chiqilayotgan hujjatlar va saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish imkoniyatini beradigan «Qonun ijodkorligi faoliyati tizimi» https://qonun.gov.uz/uz/ hamda «Deputatlar portali» https://deputat.gov.uz/uz/ axborot tizimi ishga tushirildi», - deydi Nurdinjon Ismoilov.

Ayni vaqtda ushbu ikki platforma test rejimida ishlamoqda. Deputatlar portalida OneID bilan ro‘yxatdan o‘tish orqali har bir hududdan saylangan deputatlar haqida ma’lumot olish, ularga murojaat yuborish yoki qabuliga yozilish mumkin.

Qonunchilik faoliyati tizimi orqali esa quyi palata muhokamasiga kiritilgan, kelishuvda bo‘lgan, 3-o‘qishda muhokama qilinayotgan hamda Senatga yuborilgan qonunlar haqida ma’lumot joylanishi nazarda tutilgan. Ushbu platforma qachondan boshlab to‘liq ishga tushishi noma’lum.

Ushbu tizimda Senat uchun ajratilgan joy bo‘sh turganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, Qonunchilik palatasi yo‘lga qo‘yilgan elektron hujjat aylanishi tizimi takomillashtirilib, «Elektron parlament» tizimini yaratish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, strategiya doirasida xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida ayrim deputatlarning doimiy asosda ishlashi tartibi joriy etiladi.