O‘zbekiston | 07:25 / 09.02.2022
2781
2 daqiqa o‘qiladi

Mahallalarda suv ta’minoti bo‘yicha pullik xizmatlar turini belgilash va tushumlar to‘liq tumanlar vakolatiga o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida hududlarda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Yig‘ilishda bugungi kunda mavjud 8 mingta suv qudug‘idan 1,5 mingtasi yaroqsiz holatga kelgan bo‘lib, qariyb 800 ta mahallada suv ta’minoti yomonlashgani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Zomin, Nurota va Qo‘shrabot konlarida yerosti quduqlarini qazish hamda Zarafshon, Chirchiq kabi daryolar o‘zanida qum-shag‘al olish ishlarini nazoratsiz, pala-partish amalga oshirish oqibatida, ushbu hududlarda yerosti chuchuk suvlari zaxiralari 30 metrgacha pasaygan.

Yig‘ilishda bundan buyon suv quduqlarini aniqlash va burg‘ilash ishlari faqat Geologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ikki oy muddatda Zarafshon va Chirchiq daryolarining ichimlik suvi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan uchastkalarida tartib o‘rnatish topshirildi.

"Boshqa daryo bo‘ylaridagi ahvol ham qattiq tartibga olinishi kerak. U yerlardagi holatdan to‘liq xabarim bor. Bunga ham ikki oy muhlat beraman", dedi davlat rahbari.

Prezident tumanlarda ekspluatatsiya tizimini yaxshilash eng dolzarb masalalardan biri ekanini qayd etdi. 

Jumladan, 100 dan ortiq tumanda ekspluatatsiya xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur texnika yetarli emas. Shu bois tuman suv ta’minoti tashkilotlari moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. 

Bunda:

mahallalarda suv ta’minotini yaxshilash uchun ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar turlarini belgilash va ular bo‘yicha tushumlar to‘liq tumanlar vakolatiga o‘tkaziladi;

suv ta’minotini yaxshilash, joriy ta’mirlash, avariya holatlarini bartaraf etish hamda maxsus texnika xaridi uchun tuman va shahar hokimlari tomonidan tuman “Suvta’minot” korxonasiga mablag‘ ajratish tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid