O‘zbekiston | 20:23 / 11.02.2022
13978
4 daqiqa o‘qiladi

Demokratiya indeksi reytingida O‘zbekiston 150-o‘rinda qayd etildi

O‘zbekiston Demokratiya indeksi reytingida besh pog‘ona yuqorilab, 167ta mamlakat ichida 150-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining barchasi avtoritar rejimdagi davlatlar sifatida qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

Buyuk Britaniyaning Economist Intelligence Unit tadqiqot markazi 2021 yil uchun Demokratiya indeksi reytingini e’lon qildi. Unda 165ta davlat va 2ta ma’muriy birlik (Hongkong va Falastin) haqida so‘z yuritilgan. Ushbu reytingda O‘zbekiston 150 pog‘onada qayd etilgan bo‘lib, 2020 yilga nisbatan o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilagan.

Qayd etilishicha, 2021 yilda reytingdagi 167ta mamlakatning 74 tasida umumiy vaziyat yomonlashgan va ko‘rsatkichlar pasaygan, 46 tasida umumiy vaziyat o‘zgarishsiz qolgan va faqat 47ta mamlakat holati yaxshilangan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyo aholisining yarmidan kamrog‘i (45,7 foiz) demokratiyaning qaysidir ko‘rinishida yashamoqda. Bu 2020 yildagi (49,4 foiz) ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada kam.

Bundan tashqari sayyoramiz aholisining 6,4 foizi (o‘tgan yili 6,8 foiz bo‘lgan) to‘liq demokratlashgan jamiyatlarda, 37,1 foizi (ularning katta qismi Xitoy aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi) esa avtoritar boshqaruv ostida hayot kechirmoqda.

Ushbu indeksni tuzishda pandemiya keltirib chiqargan muammolar ham inobatga olingani bildirilgan. Xususan, sayohat qilish uchun cheklovlar joriy etilishi, blokirovkalar va vaksina olinganligi haqidagi hujjatlarning talab etilishi fuqarolarning shaxsiy hayotiga hukumat aralashuvini kuchaytirgan.

Yangilangan indeksning rejim toifasida o‘n uchta o‘zgarish bo‘lgan: ulardan to‘qqiztasi salbiy va to‘rttasi ijobiy. Ikki davlat, Chili va Ispaniya «to‘liq demokratlashgan» davlatlar ro‘yxatidan «nuqsonli demokratlashgan» davlatlar qatoriga tushirilgan. Uchta davlat o‘z maqomini «gibrid rejim»dan «nuqsonli demokratiya» toifasiga ko‘targan. Bularning barchasi Sharqiy Yevropa mamlakatlari: Moldova, Chernogoriya va Shimoliy Makedoniya. Shuningdek, Ekvador, Meksika, Paragvay va Tunis «nuqsonli demokratiya» toifasidan «gibrid rejimlar» toifasiga tushirilgan bo‘lsa, Mavritaniya «avtoritar» toifasidan «gibrid rejim»dagi davlatlar toifasiga ko‘tarilgan. Qo‘shni respublika Qirg‘iziston sakkiz pog‘ona pastlab, «gibrid rejim»dagi davlatlar qatoridan «avtoritar» tasnifdagi mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan. Xuddi shu kabi holat Gaiti va Livan bilan ham kuzatilgan.

Sobiq Ittifoq mamlakatlaridagi vaziyat?

Reytingda possovet mamlakatlari ichida eng yuqori pog‘onalarda Estoniya (27-o‘rin), Litva (38-o‘rin) va Latviya (40-o‘rin) qayd etilgan. Uchta Boltiqbo‘yi respublikasi va Moldoviya(69-o‘rin) «nuqsonli demokratiya» toifasidagi mamlakatlar qatoridan o‘rin olgan. Ukraina (86-o‘rin), Armaniston (89-o‘rin) va Gruziya ( 91-o‘rin) esa «gibrid rejim»dagi mamlakatlar sifatida qayd etilgan.

Qolgan mamlakatlar Qirg‘iziston (115-o‘rin), Rossiya (124-o‘rin), Qozog‘iston (128-o‘rin), Ozarboyjon (141-o‘rin), Belarus (146-o‘rin), O‘zbekiston (150-o‘rin), Tojikiston (157-o‘rin) va Turkmaniston (161-o‘rin) «avtoritar rejim»dagi davlatlar qatoriga kiritilgan.

Eng demokratlashgan davlatlar

Reytingda birinchi o‘rinni 9,75 ball bilan Norvegiya egallagan. Undan keyingi pog‘onalardan Yangi Zelandiya (9,37) va Finlandiya (9,27) joy olgan.

Shuningdek, kuchli o‘ntalikka Shvetsiya (9,26), Islandiya (9,18), Daniya (9,09), Irlandiya (9), Tayvan (8,99), Avstraliya va Shveytsariya (8,90 ball) ham kiritilgan.

Indeksdagi eng quyi pog‘onalardan Shimoliy Koreya (165-o‘rin), Myanma (166-o‘rin) va Afg‘oniston (167-o‘rin) joy olgan.

Ma’lumot uchun, demokratiya indeksini tuzishda quyidagi 5ta omil inobatga olingan:

  • saylov jarayonlari va plyuralizm;
  • hukumatning ishlashi;
  • siyosiy ishtirok;
  • siyosiy madaniyat shakllanganligi;
  • jamiyat erkinligi.

Mavzuga oid