O‘zbekiston | 16:26 / 17.02.2022
7063
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda qurilish sohasida 30 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Foto: Fotolia

Qoraqalpog‘istonda qurilish sohasida 30 mlrd so‘m talon-toroj qilingan holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

«2018 yildagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, 2018-2021 yillarda Nukus davlat pedagogika instituti o‘quv binolarini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun 54,3 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. 

2018 yilda o‘tkazilgan tenderda «Jayhun Universal Qurilish» MChJ g‘olib chiqib, u tomonidan 2021 yilning sentabr oyiga qadar barcha ishlar amalga oshirilishi kerak bo‘lgan. Ammo, zarur mablag‘lar davlat budjetidan ajratilganiga qaramasdan, rejalashtirilgan ishlar belgilangan muddatda yakuniga yetmagan.

Aniqlanishicha, pudratchi «Jayhun Universal Qurilish» MChJ va buyurtmachi hisoblangan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirgan holda, tegishli hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan 12,7 mlrd so‘m miqdordagi pul mablag‘larini talon-toroj qilishgan.

Holat yuzasidan «Jayhun Universal Qurilish» MChJ hamda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksi 167- va 209-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqa holatda esa buyurtmachi «Qishloq qurilish invest» MChJ injiniring kompaniyasi Qoraqalpog‘iston filiali va 7 ta pudratchi tashkilotlar mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, 2020 yilda Qoraqalpog‘istonda ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan budjet mablag‘ining 17,5 mlrd so‘mini talon-toroj qilgani aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan ham qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid