08:25 / 03.03.2022
1310

Xorazmda muammoli kreditlar miqdori 1 trln so‘mdan oshdi

Eng katta qarzdorlik Urganch shahri, Tuproqqal’a, Xonqa, Bog‘ot va Urganch tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Muammoli kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Foto: Kun.uz

Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Qudrat Igambergenov xalq deputatlari viloyat Kengashida muammoli kreditlarni grafik asosida keskin kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha hisobot berdi.

Unda qayd qilinishicha, 2022 yilning 1 yanvar holatiga muammoli kreditlar miqdori 903,5 mlrd so‘mga yetgan. Ularni yil yakuniga qadar so‘ndirish reja-grafigi ishlab chiqilib, tasdiqlangan.

1 fevral holatiga 44 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar so‘ndirilgan.

Jumladan,

  • hududiy investitsiya dasturlari doirasida 17 mlrd so‘m;
  • uy-joy mulkdorlari shirkatlarining 1 mlrd so‘mi;
  • oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 4 mlrd so‘m;
  • boshqa yo‘nalishlarda 22 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar so‘ndirilgan.

1 fevral holatiga muammoli kreditlar hajmi 1,0 trln so‘mdan oshgan. Eng katta qarzdorlik Urganch shahri, Urganch tumani, Tuproqqal’a, Xonqa va Bog‘ot tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Banklar kesimida O‘zmilliybank (27,2 foiz), O‘zsanoatqurilishbank (13,7 foiz), Asakabank (22 foiz) va Xalqbanki (17,4 foiz) hissasi yuqori bo‘lib qolmoqda.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi qaroriga ko‘ra muammoli kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha quyidagi choralar belgilab olindi:

  • muammoli krediti 50 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik mijozlarning ro‘yxatini shakllantirib, qarzdorlikni belgilangan muddatda so‘ndirish;
  • so‘ndirish imkoni bo‘lmagan kredit qarzdorligini sud tartibida undirish;
  • maqsadsiz ishlatilgan holatlar yuzasidan «qora ro‘yxat» shakllantirish va ushbu kreditlarni so‘ndirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish.
Mavzuga oid
Top