O‘zbekiston | 08:50 / 04.03.2022
7279
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi boshqarmalari tuzilmalarida yangi nazorat bo‘limlari tashkil etiladi

Foto: Shutterstock

Prezidentning “Suv resurslarini aniq hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha ma’murchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Davlat soliq qo‘mitasining hududiy - Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar davlat soliq boshqarmalari tuzilmalarida Suv resurslari hisobini yuritish va nazorat bo‘limlari tashkil etiladi hamda ularga 270 ta qo‘shimcha shtat birligi, shu jumladan markaziy apparat uchun 3 ta shtat birligi ajratiladi.

Davlat soliq qo‘mitasi Suv xo‘jaligi vazirligining yagona ma’lumotlar bazasi orqali suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bazasini kengaytirish orqali budjet daromadlarini oshirib boradi.

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar tajriba tariqasida tumanlarda kamida 1 tadan namunali qishloq xo‘jaligi korxonalarini suvdan foydalanish hamda suv iste’moli hisobini yuritishlari uchun “Smart Water” o‘lchagichi va shu kabi raqamli texnologiyalar bilan ixtiyoriy tarzda jihozlanishini ta’minlaydi.

Bunda, suv resurslarini hisobga olish, ma’lumotlarni qayta ishlash hamda belgilangan tartibda yagona ma’lumotlar bazasida aks ettirilishi bo‘yicha vazirlikning ayrim funksiyalarini davlat xususiy sherikchiligi shartlari asosida xususiy sektorga o‘tkazilishi belgilanadi.

2022 yil 1 yanvardan uch yil muddatga:

qishloq xo‘jaligi korxonalariga suv hisoblash vositalari bilan jihozlangan paytdan boshlab, suv resurslaridan foydalanganlik uchun belgilangan soliq stavkalari 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent;

“Smart Water” o‘lchagichi va shu kabi raqamli texnologiyalarni joriy qilgan qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun belgilangan soliq stavkalari 0,1 kamaytiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda qo‘llaniladi;

sektor rahbarlarining tavsiyasiga asosan kam ta’minlangan va ishsiz aholiga takroriy ekin uchun yer maydoni ajratgan qishloq xo‘jaligi korxonalariga, ajratilgan yer maydoni qismi bo‘yicha suv resurslari iste’molining normativlari asosida aniqlanadigan soliq summasining 50 foizi miqdorini to‘lash huquqi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid