Jahon | 14:56 / 06.03.2022
18920
2 daqiqa o‘qiladi

RF Ukrainada 2200 harbiy obekt yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Ukraina rossiyaliklarning yo‘qotishi - 11 mingdan oshganini xabar qilmoqda

Maksim Levin / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya Mudofaa vazirligi «maxsus operatsiya» davomida rossiyalik harbiylar «Ukraina harbiy infratuzilmasining 2203 ta obektini ishdan chiqargani» haqida xabar berdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, havoda 24 ta va quruqlikda 69 ta samolyot, 778 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnikalar ham yo‘q qilingan.

O‘z navbatida, Ukraina Bosh shtabi urush boshlanganidan buyon Rossiya qo‘shinining yo‘qotishi 11 mingdan oshganini ma’lum qildi (bu miqdor halok bo‘lganlar bilan birga yaralanganlarni ham o‘z ichiga oladi). Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi 285 ta tank, 985 ta zirhli texnika, 44 ta samolyot va 48 ta vertolyotni ham yo‘qotgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya armiyasining yo‘qotishlari haqida operativ rejimda xabar bermayapti. Vazirlik qurbonlar soni haqidagi ma’lumotni faqatgina 2 martga kelib e’lon qilgan, unda 498 nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani, 1597 nafari yaralangani aytilgandi.

Urush sharoitida tomonlar bergan rasmiy ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid