Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya biznesi kiruvchi bojlar uchun rublning sanksiyagacha bo‘lgan kursini belgilab qo‘yishni so‘radi
RFga kiritilayotgan tovarlar uchun bojxona bojlari miqdorini aniqlash uchun rubl kursini xalqaro sanksiyalar qo‘llanilgan davrgacha bo‘lgan darajada belgilab qo‘yilishi so‘ralmoqda.
Bu haqda «Opora Rossii» («Rossiya tayanchi») kichik va o‘rta biznes uyushmasi prezidenti Aleksandr Kalinin RF prezidenti Vladimir Putin va moliya vaziri Anton Siluanovga yozgan xatida so‘ragan. Biroq, ushbu choralar qabul qilinishi uchun YeOII davlatlarining roziligi ham olinishi kerak.
Faoliyati mahsulot importidan bog‘liq rus ishbilarmonlari so‘nggi kunlarda bojxona bojlarini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarning sezilarli tarzda oshishiga duch kelishgan. Chunki bojlar mahsulotlarning yevro, dollar va boshqa xorijiy valutalardagi qiymatiga ko‘ra hisoblanadi, deyiladi xatda.
Olib kirilayotgan mahsulotlar uchun boj miqdori bojxona deklaratsiyasi ro‘yxatga olingan kundagi rubl kursi, ya’ni olib kirish sanasiga ko‘ra aniqlanadi. Holbuki, ko‘plab import shartnomalari rubl kursining keskin qulashidan avval tuzilgan, deb yozgan Kalinin.
Import qilinayotgan mahsulotlar uchun bojxona to‘lovlarining keskin oshishi ishlab chiqarish, savdo sohasida loyihalarni amalga oshirishda salbiy ta’sir o‘tkazadi, shuningdek, ichki bozorda yakniy narxlarning oshishiga olib keladi, deb ogohlantirmoqda uyushma prezidenti.
«Opora» bunday imtiyozlarni yil oxirigacha joriy etishni so‘ramoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu budjet uchun ortiqcha tushib qoluvchi daromadlar yaratmaydi, chunki kutilayotgan tushumlar summasi valutalarning «avvalgi reallik»dagi kursidan kelib chiqib loyihalangan.
Logistika xarajatlarning oshishi, rubl qurbining pasayishi, buning ortida bojxona bojlarining oshishi, boz ustiga kiruv mahsulotlar uchun QQS yaqin kunlarda mahsulotlar narxining ikki barobar oshishiga olib kelishi mumkin, degan Kalinin. Shu sababli salbiy ta’sirni qisman bo‘lsa-da yumshatuvchi tezkor yechimlar qabul qilish kerak, deydi u. Olib kirilayotgan mahsulotlar uchun QQS miqdorini aniqlashtirish bilan bog‘liq muammo ham yechilishi kerak, chunki bu soliqning miqdori ham boj kabi aniqlanadi: olib kirilgan kundagi rubl kursiga ko‘ra, deya qo‘shimcha qilgan Kalinin.
Lekin bu holda mexanizm biroz murakkabroq bo‘lishi mumkin, chunki importchi ushbu soliqni qayta hisoblashni talab qilishga haqli. QQS darhol narxga qo‘shilishi sababli, tadbirkor kiruvchi soliq uchun soliq solinadigan bazani kamaytirishi mumkinligidan iste’molchi uchun ko‘p narsa o‘zgarmaydi, degan Kalinin.
Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) mikroiqtisodiy tadqiqotlar laboratoriyasi katta ilmiy xodimi Galina Balandinaning qayd etishicha, tashqi savdo oqimlari to‘xtab qolmasligi, imkon boricha G‘arb davlatlariga muqobil bo‘lgan davlatlarga o‘tkazilishi kerak. Shu sababli importchilar uchun mahsulot narxini tushirish yo‘llarini izlash kerak: bu nuqtayi nazardan, kursni ma’lum bir darajada belgilash bilan bojning faktik miqdorining kamaytirilishi — oqilona chora, deb yozgan u.
Lekin muammo shundaki, kiritilayotgan mahsulot uchun bojlarning bojxona deklaratsiyasi qayd etilayotgan kundan kelib chiqib belgilanishi milliy emas, xalqaro qonunchilik normasi hisoblanadi. Bu holatda YeOII Bojxona kodeksi talabidir, degan ekspert. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi hamkorlarimiz Rossiya ekstraordinar vaziyatda kodeksini vaqtinchalik bo‘lsa buzishga, xalqaro shartnomani milliy darajada liberralashtirishga majbur bo‘layotganini tushuna olisharmikan — bu savol ochiq.
Har qanday qo‘shimcha to‘lovlar mahsulotlarning narxida o‘z aksini topadi, deydi Balandina. Biroq olib kirilayotgan mahsulotlar uchun o‘rtacha boj stavkasi 3 foiz, rublning qadrsizlanishi qanday sur’atlarda borayotani inobatga olinsa, rubl kursini fiksatsiya qilishdan kutiladigan samara nisbatan katta bo‘lmaydi, degan Balandina.
Rossiya Federal bojxona xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda import hajmi 293,4 milliard dollar bo‘lgan (o‘sish 2020 yilda 27 foiz). Qiymat hajmlarining oshishi nafaqat import narxlarining oshishi (+10,4 foiz), shuningdek mahsulotlarni olib kirish hajmi oshishi (+15 foiz) bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Yevroittifoq davlatlaridan Rossiyaga import 19,4 foizga oshib, 93,9 mlrd dollarga yetgan. Yevropaning RFga mahsulot olib kirishdagi ulushi 2 foizga kamaygan.
Mavzuga oid
10:40 / 27.06.2026
Aviayonilg‘i taqchilligi: Rossiya importni keskin ko‘paytirdi
20:27 / 26.06.2026
Rossiyada migrantlar uchun bojlar 5-12 baravar oshirildi
11:00 / 26.06.2026
AQSh Ukraina bo‘yicha Alyaskada kelishuv bo‘lganini rad etdi
09:15 / 26.06.2026