Kuchli yog‘ingarchilik davrida bulutlarga ta’sir ko‘rsatilsa, katta talafotlar ro‘y berishi mumkin - «O‘zgidromet»
Kuchli yog‘ingarchiliklarning oldini olish maqsadida fuqaro FVVga telefon qilib, osmonga raketa uchirib, bulutlarni haydab berishni so‘ragani haqida audioxabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. «O‘zgidromet» tarqalgan xabarga munosabat bildirdi.
Markaz ma’lumotida aytilishicha, bulutlarga faol ta’sir qilish dasturlarida har bir aniq hududdagi meteorologik jarayonlarning intensivligini hisobga olish zarur. Bulutlarga faol ta’sir qilish bo‘yicha ishlar kuchli yog‘ingarchilik davrlari yoki ko‘p miqdorda yog‘ingarchilik bo‘lgan davrlarda mutlaqo olib borilmaydi, chunki bu iqtisodiy faoliyatga zarar yetkazishi mumkin.
«Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda kuzatilgan kuchli yomg‘irli hodisalar tufayli bulutlarga zarba berish mutlaqo taqiqlangan. Mutaxassislarning fikricha, bu bulutlar juda ham katta massaga ega. Bunday bulutlarga faol ta’sir ko‘rsatilsa, yana ham ko‘p yomg‘ir yog‘ib, katta talafotlar ro‘y berishi mumkin», — deyiladi «O‘zgidromet» xabarida.
Namangan viloyati FVB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yuqoridagi qo‘ng‘iroq 16 mart kuni Namangan shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mas’ul xodimi tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish natijalaridan aniqlanishicha, yuqoridagi murojaatdagi xonadonlarda suv bosish holati yuz bermagan, balki ko‘chadagi yo‘lning yemirilishi kuzatilgan. Telefon orqali murojaat qilgan fuqaroning u yerda yer uchastkasi bo‘lib, hech qanday xonadoniga zarar yetmagan, fuqaro bu sohaga tushunmagani va obro‘sizlantirish maqsadida bo‘lmaganini aytib o‘tgan.