11:08 / 18.03.2022
4762

Mashhurlar va shifokorlarning dori vositalari reklamasida ishtiroki taqiqlanmoqda

Senat ma’qullagan reklamaga doir yangi qonunga ko‘ra, reklamalarda voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish taqiqlanmoqda.

Senat yalpi majlisi / Foto: Senat axborot xizmati

Kecha, 17 mart kuni senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi qonunda reklama faoliyatiga qo‘yiladigan talablarning yetarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmaganligi ko‘plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Yangi tahrirdagi qonunga esa ushbu qonunosti hujjatlari normalari ham kiritilib, reklama faoliyatini tartibga soluvchi yaxlit hujjat sifatida aks ettirilgan.

Senatorlar ma’qullagan qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi, qo‘shimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkin. Hujjatda reklama beruvchining, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq va majburiyatlari ham belgilangan.

Shuningdek, tashqi reklama va axborot obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq bo‘lishi hamda mavjud binolarning tashqi me’moriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlashi kerak.

Xususan, tashqi reklama va axborot obektlarini o‘rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy saytlarida e’lon qilinishi lozim.

Elmurod Hayitmetov - Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori / Foto: Senat axborot xizmati.

Bundan tashqari, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qo‘yilgan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilmoqda.

Jumladan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valutada ko‘rsatish, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni iste’molchidan yashirish taqiqlanmoqda.

Qonunning yana bir muhim jihati shundaki, voyaga yetmaganlarni reklamadan, xususan uning salbiy ta’siridan himoya qiluvchi va reklamada voyaga yetmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar bilan to‘ldirilgan.

Jumladan, voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko‘rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish, voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanmoqda.

Bundan tashqari, qonunda dori vositalari reklamasiga qat’iy talablar o‘z aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.

Shuningdek, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Qonun bugungi kunda juda dolzarb. Haqiqatdan ham reklamani tartibga soluvchi amaldagi normalarni zamon talablariga moslash zarur. Va bunda birinchi navbatda iste’molchining manfaatlari ustun bo‘lishi shart», - dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun prezident tomonidan imzolangach, hujjatning o‘zida ko‘rsatilgan muddatda kuchga kiradi. 

Mavzuga oid
Top