Iqtisodiyot | 16:55
430
2 daqiqa o‘qiladi

Biznes-ombudsman Toshkentdagi reklamalarni buzishda qonuniy yo‘l tutishga chaqirdi

Poytaxtda ayrim hollarda reklama vositalari majburiy demontaj qilinishi va elektr energiyasidan uzish holatlari kuzatilmoqda. Biznes-ombudsman tadbirkorlarning bu boradagi murojaatlarini o‘rganishga kirishdi va mas’ullarni biznes bilan qonuniy shaklda muomala qilishga chaqirdi.

Illyustrativ surat: Kun.uz

Toshkent shahrida ayrim hollarda tadbirkorlarning reklama vositalari majburiy tartibda demontaj qilinib, talablar bajarilmagan taqdirda elektr energiyasidan uzish holatlari kuzatilmoqda. Biznes-ombudsman bu borada tadbirkorlardan murojaatlar kelib tushayotganini ma’lum qildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, bu murojaatlar Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, hozirda holatlar atroflicha o‘rganilmoqda.

“Shu munosabat bilan mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslar ta’sir choralarini qo‘llashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi va har qanday cheklov va majburlov choralarini faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llashi lozimligi haqida ogohlantiriladi.

O‘rganishlar yakunlari bo‘yicha murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, qonunchilikda belgilangan tartibda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi”, – deyiladi prezidentning tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq korxona nomi, faoliyat turi yoki savdo belgisi aks etgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida pasport rasmiylashtirish va to‘lovlarni amalga oshirish talabi qo‘yilgan edi.

Joriy yil 5 may kuni davlat rahbari huzuridagi yig‘ilishda bu talablar tanqid qilingan hamda tadbirkorlik sub’yektining nomi va faoliyat turi to‘g‘risida binoga joylashtirilgan axborotni reklama deb hisoblamaslik va buning uchun pasport rasmiylashtirishni bekor qilish taklif etilgan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid