Jahon | 07:44 / 22.03.2022
33221
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni to‘xtatdi 

Foto: Bloomberg

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Tokio tomonidan Ukrainadagi voqealar sababli kiritilgan sanksiyalarga javoban Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni to‘xtatdi. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Moskvaning pozitsiyasini nomaqbul deb atadi.

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Rossiya Tashqi ishlar vazirligining tinchlik shartnomasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni to‘xtatish haqidagi qarorini tanqid qildi. Rasmiy Moskvaning pozitsiyasi «adolatsiz» va «mutlaqo qabul qilib bo‘lmas», dedi Yaponiya hukumati rahbari. Rossiyaning xatti-harakatlari «status-kvoni kuch bilan va bir tomonlama o‘zgartiradi», deya Kisida so‘zlarini keltirgan AFP.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yaponiya bilan muzokaralarni tark etishini ma’lum qilgan. Rossiya TIV ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya «ochiqdan ochiq nodo‘stona pozitsiyani» egallab, Rossiya manfaatlariga zarar yetkazmoqchi. Bundan tashqari, Rossiya Kuril orollari janubida qo‘shma iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Yaponiya bilan muloqotdan chiqmoqda. 

Yaponiya Yevropa ittifoqi, AQSh va boshqa bir qator davlatlar ortidan Rossiya harbiylarining Ukrainaga kirishiga javoban Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qildi. 

Janubiy Kuril tizmasining orollari Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai arxipelagi Ikkinchi jahon urushidan keyin SSSR tarkibiga kiritilgan, ammo Tokio 1855 yildagi Shimoda shartnomasiga tayangan holda bunga qarshi ekanini bildirib keladi. 

1956 yildagi sovet-yapon qo‘shma deklaratsiyasida SSSR «yaxshi niyat ishorasi sifatida» Shikotan va Xabomayni Yaponiyaga berishga tayyorligi, ammo bu faqat tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin yuz berishi aytilgan. Biroq Tokio tinchlik shartnomasini imzolashdan bosh tortgan. 

Mavzuga oid