Jahon | 17:10 / 22.03.2022
54304
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya bilan kelishuvlar bo‘yicha Ukraina xalqi referendumda qaror qabul qiladi

Rossiya Ukrainaning demilitarizatsiya va denatsifikatsiyasi, shuningdek Qrimni Rossiyaniki ekani, LXR va DXRni tan olishni talab qilgan.

Foto: president.gov.ua

Ukraina va Rossiya muzokaralarida erishilgan kompromisslar bo‘yicha yakuniy qaror Butunukraina referendumida qabul qilinadi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Milliy jamoat teleradiokompaniyasi uchun bergan intervyusida ma’lum qildi.

Zelenskiy bunday bayonotni Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning to‘rtinchi raundi yakunida berdi. Uchrashuv onlayn-konferensiya rejimida o‘tkazilgan va bir yarim soat vaqt davom etgan. Ukraina delegatsiyasi vakili David Araxamiya ish ishchi guruhlar tomonidan davom ettirilishini ma’lum qilgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, gap Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, Donbass va Qrim masalalaridagi kompromisslar haqida ketmoqda.

U buni ehtimoliy kelishuvlar Ukraina qonunchiligiga, jumladan mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qilishi bilan izohlagan.

«Men muzokara guruhlariga tushuntirdim: siz aytayotgan bu o‘zgarishlar tarixiy bo‘lishi mumkin, lekin biz referendumga boramiz. Kompromisslarning u yoki bu formati bo‘yicha xalq o‘z javobini aytishi kerak. Bu formatlar qanday bo‘lishi esa — bizning muloqotlarimiz masalasi. Shuning uchun, nima bo‘lganda ham, xalqimiz qanday yo‘lni tanlasa, men hammasiga tayyorman», degan u.

  • Rossiya va Ukraina muzokaralari 28 fevral kuni — Rossiya bosqinining to‘rtinchi kunida boshlangandi. Dastlabki raundlar 28 fevral, 3 va 7 mart kunlari Belarusda o‘zaro uchrashuv tarzida o‘tkazildi. To‘rtinchi raund 14 mart kuni boshlandi, tomonlar bir necha soat videoaloqa orqali muloqot qilishdi. Keyingi kunlarda ushbu raundning navbatdagi bosqichlari davom ettirildi.
  • Rossiyaning Ukrainaga qo‘yayotgan talablari qatorida — neytral maqom (NATOga qo‘shilish borasidagi intilishlaridan voz kechishga qaratilgan), «demilitarizatsiya» va «denatsifikatsiya» shartlari bor. Shuningdek, Rossiya Ukraina Qrimni Rossiya hududi, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb tan olgan DXR va LXRni — mustaqil deb tan olishini talab qilmoqda.
  • 18 mart kuni RF prezidenti maslahatchisi, muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Vladimir Medinskiy Ukraina neytral maqomi bo‘yicha «tomonlarning pozitsiyalari maksimal darajada yaqinlashgani» haqida aytgandi.
  • Medinskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina «demilitarizatsiya qilingan neytral davlatning avstriyacha, shvedcha variantlarini taklif qilgani», bunga ko‘ra neytral davlatning armiyasi va harbiy-dengiz kuchlari saqlab qolinishi haqida gapirgandi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid