Biz tanklaringizning atigi 1 foizini so‘ragandik - Zelenskiy NATOga murojaat qildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 24 mart kuni NATO sammitida videoaloqa orqali chiqish qilib, alyansdan Ukrainaga alyans ixtiyoridagi barcha tanklardan atigi bir foizini taqdim etishni so‘ragani, ammo aniq javob olmaganini aytib o‘tdi.
«Bu urush davridagi eng qo‘rqinchlisi — yordam haqidagi so‘rovga aniq javob olmaslik», — degan u.
Zelenskiy Ukraina NATOdan jangovar samolyotlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari so‘ragani, ammo birorta ham olmagani haqida qo‘shimcha qilgan.
Ukraina prezidenti alyansni «ayblamasligi», ammo uning a’zolari «hali ham ukrainlarning rossiyaliklar zarbalari qurboni bo‘lishdan saqlab qolishi mumkinligi»ni ta’kidlagan.
U Rossiya Ukrainada to‘xtamasligi va NATOning sharqiy qanotiga, xususan Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlariga hujum qilishi haqida gapirgan.
Zelenskiyning NATO yetakchilariga murojaatidan asosiy iqtiboslar:
- Ha, bu to‘g‘ri, biz alyansda emasmiz. Dunyoning eng qudratli mudofaa birlashmasida emasmiz. Birgalikdagi mudofaa soyaboni, 5-modda soyaboni [NATOning kollektiv himoya ustavi alyans a’zolaridan biriga hujum qilingan taqdirda birgalikda javob qaytarishni nazarda tutadi] ostidagi 30 davlatdan biri emasmiz. Shunday hissiyotki, biz kulrang hududdamiz. G‘arb va Rossiya o‘rtasida. Ammo sizniki bilan umumiy bo‘lgan qadriyatlarimizni muhofaza qilyapmiz.
- 24 fevral kuniyoq sizga mutlaqo tushunarli, mantiqiy iltimos bilan murojaat qilgandim. Osmonimizni yopishga yordam bering. Qanday formatda bo‘lsa ham. Bizning odamlarni rus bombalari va raketalaridan asrang, deb. Biz aniq javob eshitmadik. Ukrainada kuchli raketaga qarshi qurollar yo‘q. Bizning havo kuchlarimiz Rossiyanikidan ancha kichik. Shuning uchun ularning osmondagi ustunligi - bu ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llashga tengdir.
- Ishonchim komilki, siz Rossiya Ukrainada to‘xtash haqida o‘ylamayotganini tushunasiz. O‘ylamayapti va o‘ylamaydi ham. U davom etishni istaydi. NATOning sharqdagi davlatlariga qarshi. Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha - bular aniq.
- Siz bizga o‘z samolyotlaringizdan bir foizini taqdim etishingiz mumkin. Tanklaringizdan bir foizini. Havo hujumidan mudofaa tizimlaridan bir foizini. Bir foiz! Biz ularni shunchaki sotib ololmaymiz - bu faqatgina NATOning [siyosiy] qaroriga bog‘liq.
- Bundan keyin, iltimos, hech qachon, hech qachon bizga bizning armiya NATO standartlariga javob bermasligi haqida gapirmang. Biz o‘z standartlarimiz nimalarga qodir ekanini ko‘rsatib qo‘ydik. Va biz Yevropa va dunyodagi umumiy xavfsizlik uchun yana ko‘p ish qila olishimiz mumkin.
Qayd etish kerakki, Vladimir Zelenskiy Ukraina NATOga kirishni istayotgani haqida hech narsa demagan. Avvalroq u bu deyarli imkonsiz ekani, bundan tashqari, Ukraina bloklardan xoli bo‘lishi - Rossiya talablaridan biri ekanini qayd etgandi. Shu bilan birga Ukrainada urush boshlanganidan buyon mamlakatning alyansga qo‘shilishi g‘oyasi rekord darajada mashhurlikka erishgan.
Mavzuga oid
08:37
Sibiga: Ukraina qanchalik uzoqroq zarba bersa, urush shunchalik tezroq tugaydi
01:00
Borrel AQSh Kiyevga 300 kilometrgacha bo‘lgan masofada Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashga ruxsat berganini tasdiqladi
22:02 / 18.11.2024
Ukraina uzoq masofaga uchadigan raketalar uchun ruxsat oldi: endi nima bo‘ladi?
21:08 / 18.11.2024