24-26 mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz anjumanda yangragan ayrim fikr-mulohazalarni keltirib o‘tadi.

«Asosiy maqsad – byurokratik cheklovlarni olib tashlash» Mario Yebsim

Mario Yebsim

Boeing kompaniyasining mintaqaviy direktori Mario Yebsim turizm sohasini rivojlantirish uchun sarflangan mablag‘ mamlakatga ortig‘i bilan daromad keltirishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

«Turizm nafaqat daromad keltiradi, balki ko‘plab odamlarni ish bilan ham ta’minlaydi. Bu sohaga ayollarni jalb qilish juda muhim. Asosiy maqsad – byurokratik cheklovlarni olib tashlashdir.

Ekspertlarning baholashicha, turistik xizmatlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri sarflangan har bir dollar turdosh sohalarda taxminan qo‘shimcha uch dollar daromad keltiradi. Ko‘plab xorijlik sayyohlar uchun birdaniga Osiyodagi bir necha mamlakatga tashrifni ko‘zda tutuvchi turlar qiziq bo‘lar edi va bu mamlakatlarga ham yaxshigina foyda keltiradi».

«Hududiy qatnovlar uchun 40ga yaqin yo‘nalishlar ochishni rejalashtiryapmiz» Ra’no Jo‘rayeva

Ra’no Jo‘rayeva

Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva hududiy qatnovlar kamligi, shu sababdan ham odamlar harakatlanishda muammolarga duch kelayotgani haqida aytib o‘tdi.

«Aeroportlar O‘zbekistonning har bir hududida bor, ularning yaxshi faoliyat yuritishi turistik sohani rivojlantirish uchun juda muhim. Hozirda mamlakatda mavjud aviaqatnovlarga talabni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tgan yili hududiy aviakompaniya tashkil etish tashabbusini ilgari surdik.

Hududiy qatnovlar kam, ularni rivojlantirish kerak, shu bois 40ga yaqin yo‘nalishlarni ochishni rejalashtiryapmiz. Hozir odamlar avtotransport, poyezdlar orqali harakatlanib, chiptalar taqchilligi singari noqulayliklarga duch kelishmoqda. Millionga yaqin odam o‘tgan yili milliy aviakompaniya xizmatlaridan foydalandi, biroq amalda bu ko‘rsatkich bundan ancha yuqori bo‘lishi kerak. Yaqinda biz Samarqandda aeroport qurdik va davlat ushbu loyihani xususiy hamkorlar investitsiyalaridan foydalanib amalga oshirdi».