O‘tgan haftada Rossiya prezidenti Vladimir Putin kutilmaganda «nodo‘st davlatlar» Rossiya gazi uchun rublda to‘lov amalga oshirishi kerakligini aytdi - bu amalda Rossiya gazining asosiy iste’molchilari bo‘lgan Yevropaning barcha mamlakatlariga taalluqli edi. O‘tgan vaqt davomida YeIning qator davlatlari bunga rozi bo‘lmasliklarini ma’lum qilib bo‘lishdi.
«Biz rublda to‘lamaymiz. Biz Yevroittifoqning boshqa barcha davlatlari bilan yakdilmiz», dedi 30 mart kuni Avstriya mudofaa vaziri Klaudia Tenner PULS 4 telekanaliga bergan intervyusida.
Shu kuni Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya prezidenti o‘rtasidagi telefon muloqotida gazga to‘lov masalasi muhokama qilindi. Germaniya hukumati rasmiy vakili Shteffen Xebestrayt suhbat mazmunini qisqacha keltirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin Sholsga, yevropalik hamkorlar uchun hech narsa o‘zgarmasligini aytgan: to‘lovlar avvalgidek yevroda o‘tkazilishi va sanksiyalarga uchramagan «Gazprombank»ka kelib tushishi, keyin rublga konvertatsiya qilinishini aytgan.
«Shols suhbatda bunday protseduraga rozilik bildirmadi, ammo yaxshiroq o‘rganish uchun xat orqali ma’lumot yetkazishni so‘radi», deya xabar qilgan Xebestrayt.
Ta’minotda uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli tufayli Germaniya va Avstriya favqulodda holatlar rejimidagi harakatlar rejasini ishga tushirgan. Germaniya ehtimoliy taqchillikni inobatga olgan holda aholi va kompaniyalarni gaz iste’molini qisqartirishga chaqirgan. Avstriya hukumati gaz bozorida nazorat qat’iylashtirilishini ma’lum qilgan.
«Fransiya rublda hisob-kitob qilishga qarshi», degandi biroz avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. 29 mart kuni u urush boshlanganidan buyon to‘qqizinchi marta Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Makron va Putinning muloqoti kuni «Katta yettilik» yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda G‘arb davlatlari ham gaz uchun rublda to‘lov qilmaslikka kelishib oldi. «Yetkazib berish dollar yoki yevro orqali amalga oshirilishi kerak», dedi Yevrokomissiya matbuot kotibi Erik Mamer.
Sharqiy Yevropa davlatlari vazirlari ham o‘zgarishga qarshi chiqishgandi. «Men Yevropada kimdir rublning qanday ko‘rinishda ekanini bilishiga shubham bor», deya Sloveniya bosh vaziri Yanez Yanshaning so‘zlarini keltirgan Reuters.
Putin Rossiya «do‘st bo‘lmagan davlatlar»ga gazni faqat rublda sotishini e’lon qildi

















