Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gazining «do‘stona bo‘lmagan davlatlar»ga eksporti uchun to‘lov rublda amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bunday davlatlar ro‘yxati mart oyida Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga javoban kiritilgan sanksiyalar tufayli jiddiy kengaytirilgan. Endi qariyb 50 mamlakat Rossiya ichki bozorida rubl sotib olishiga to‘g‘ri keladi.
«Interfaks»ning yozishicha, Putin Markaziy Bank va hukumatga bir hafta ichida Rossiya gazi xaridorlari Rossiya ichki bozorida rubl sotib olishi bo‘yicha operatsiyalar o‘tkazishi tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.
«Ko‘rinib turibdiki, mahsulotlarimizni Yevropa davlatlari va AQShga yetkazib berib, to‘lovni dollar va yevroda qabul qilishdan ma’no qolmadi. Shu sababli to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha choralarni amalga oshirishga qaror qildim. Ishni tabiiy gazdan boshlaymiz — nodo‘st mamlakatlarga yetkazib beriladigan gaz uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazamiz. Ya’ni hisob-kitoblarda o‘zini oqlamagan barcha valutalardan foydalanishdan voz kechamiz», degan Putin.
Putinning so‘zlaridan keyin dollar kursi 101 rubldan kamaydi, keyinroq Moskva birjasida bir dollar 95 rublgacha tushgan.
O‘z navbatida, Rossiyaning bu qarori e’lon qilinishidan keyin Yevropada gaz narxi 10 foizga ko‘tarilgan. Shu bilan birga, o‘sish o‘tgan kundagi yopilishdagi narxga qaraganda 25 foizdan ortiqni tashkil etgan.
Putinning bayonotidan keyin ICE Futures birjasida aprel fyucherslari ming kubmetr gaz uchun 1359 dollarga chiqdi. Bir kun avvalgi savdolar 1077 dollar darajasida yopilgandi.
Ayni vaqtda Rossiya hukumati «nodo‘st mamlakatlar» ro‘yxatiga 48 davlatni kiritgan.
7 mart kuni bu ro‘yxat rossiyalik harbiylarning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli qo‘llangan sanksiyalarga javoban keskin kengaytirilgandi. «Nodo‘st mamlakatlar»ning avvalgi ro‘yxatida atigi ikki davlat - AQSh va Chexiya bor edi. Ular bu ro‘yxatdan 2021 yil 14 mayda o‘rin olgan.
Rossiya hukumati yana 46 davlatni qo‘shib, yangi ro‘yxatni tasdiqlagan: bular YeIning barcha a’zolari, shuningdek Avstraliya, Albaniya, Andorra, Buyuk Britaniya (Jyersi, Angilya, Britan Virjin orollari va Gibraltar bilan birga), Islandiya, Kanada, Lixtenshteyn, Mikroneziya, Monako, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Janubiy Koreya, San-Marino, Shimoliy Makedoniya, Singapur, AQSh, Tayvan, Ukraina, Chernogoriya, Shveytsariya va Yaponiya.
Endi Rossiya kompaniyalarining «nodo‘st mamlakatlar» kompaniyalari bilan kelishuvlari MB vakillari va prezident ma’muriyati vakillaridan iborat hukumat komissiyasi tomonidan ma’qullanishi kerak bo‘ladi.








