O‘zbek oilalarida erkak kishining chetda migrant bo‘lib ishlab pul yuborib ro‘zg‘or tebratishiga ko‘pchilik o‘rganib qolgan. Ayniqsa, qishloqlarda yigitlar maktabni bitirgach, Rossiya yoki boshqa bir xorijiy davlatga ketishi – odatiy hol.

Yarim milliondan oshiq migrant ayollar

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi taqdim etgan rasmiy statistikaga ko‘ra, ayni paytda 2,3 mln o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilmoqda. Shulardan 568 492 nafari – ayollar.

Hududlar kesimida: Samarqand viloyati, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda vodiy viloyatlari xotin-qizlari eng ko‘p chet elga ishlashga ketgan. Birgina Samarqand viloyatining o‘zidan 90,9 ming xotin-qiz chetda ishlayapti.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmatovning ma’lumot berishicha, o‘zbekistonlik xotin-qiz migrantlar, asosan, Turkiya va Rossiyada ishlashadi.

“O‘zbekistonlik xotin-qizlar Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish yo‘nalishida, Turkiya va BAAda uy xizmatlari, Janubiy Koreyada esa ishlab chiqarish yo‘nalishlarida mehnat qiladi. Qozog‘istonda esa ayollarning mehnat migratsiyasidagi ulushi deyarli sezilmaydi. Bu davlatda ishlaydigan ayol migrantlar asosan qishloq xo‘jaligida ishlashi mumkin”, deydi Azim Ahmatov.

“Siz nega chetda ishlayapsiz?”

Facebook ijtimoiy tarmog‘ining ayollar guruhida ayni paytda xorijda ishlayotgan xotin-qizlardan aynan nima sababdan chet elga ishlashga ketganliklari va imkon bo‘lsa O‘zbekistonga qaytishlari haqida savollar bilan murojaat qildik.

Savollarga javob bergan migrant ayollarning aksari bolalarini yaqinlariga qoldirib ketganini, bu og‘ir bo‘lganini bildirdi. Javoblarning ayrimlarini to‘laligicha keltiramiz.

“O‘zim tibbiyot institutini tugatganman. Hozir Turkiyada ishlayman, lekin o‘z soham bo‘yicha emas. Bu yerda “xozyayka”mni mashinada olib yuraman, ofisida hisob-kitob ishlariga yordamlashaman. Turkiyaga ishlashga kelishimga hech kim majburlamagan, o‘z xohishim bilan kelganman. Farzandim bor, unga onam qaraydi. O‘zbekistonda farmatsevtikaga ixtisoslashgan kompaniyada ishlaganman, Turkiyadagi maoshim undan 3 barobar ko‘p. Lekin O‘zbekistonga qaytsam, albatta, o‘z yo‘nalishim – tibbiyot bo‘yicha ishlayman”.

“Rossiya va Turkiyada oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman. Maqsadim uy olish edi. Bir o‘g‘lim ota-onam qaramog‘ida qolgandi. 8 yil borib-kelib ishlaganman. Har 10-11 oyda bir O‘zbekistonga kelardim. Agar imkon bo‘lsa, ishlagani emas, yashagani ketardik”.