O‘zbekiston | 19:56 / 16.05.2022
5829
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida 4 oy ichida 7777 ta jinoyat fosh etilgani ma’lum qilindi

2022 yilning yanvar–aprel oylarida Toshkentda aniqlangan jinoyatlarning 31 foizi giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlardir.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, poytaxt prokurori va Milliy gvardiya poytaxt boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida 2022 yilning ilk 4 oyi yakunlari bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

IIBB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘tgan davr davomida shaharda 2 435 ta jinoyat aniqlangan va ulardan 769 tasi giyohvandlik va psixotrop vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlardir. Ularda 217 kg 305 gramm giyohvandlik va 24 kg 328 gramm kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining tarqalib ketishining oldi olingan.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati
Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati
Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

“Murojaatlar ortidan 7 777 ta jinoyat fosh etilib, ulardan 221 tasi o‘tgan yillarda sodir etilgan jinoyatlardir. 537 nafar qidiruvdagi jinoyatchilar ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Yig‘ilishda Toshkent shahar hududida jinoyat salmog‘i yuqori deb topilgan 169 ta mahallalarga mas’ul rahbarlar biriktirilib, ularga topshiriqlar berib o‘tildi. Tadbirda shahar prokurori, IIBB hamda MG Toshkent shahar boshqarmasi boshliqlarining “Xavfsiz poytaxt” profilaktik oyligini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma qarori tasdiqlanib, ijroga qaratildi.

Huquqni muhofaza qilish organlarining ayrim rahbarlarining faoliyati qattiq tanqid qilinib, ikkinchi chorak yakuni bo‘yicha ko‘rsatkichlar ijobiy tomonga o‘zgarmagan taqdirda egallab turgan lavozimlaridan ozod etilishlari to‘g‘risida ogohlantirildi”, – deyiladi xabarda.

Mavzuga oid