O‘zbekiston | 19:28 / 17.05.2022
13260
18 daqiqa o‘qiladi

«Anatomik teatr»dan «omon chiqqan» jamoa mavsum finaliga yo‘l oldi

Janubiy Afrika olmos konidagi uzoq yillik o‘g‘rilik qanday sodir etilgan? Nega vetnamliklar konussimon bosh kiyim kiyadi? 50-yillarda qulfli muzlatkichlar nima maqsadda ishlatilgan? “Zakovat” teleo‘yini bahorgi mavsumi 5-o‘yini tafsilotlari bilan tanishing.

Bahorgi mavsumning so‘nggi o‘yinida yangi tashkil etilgan Abbos Salaydinov jamoasi ishtirok etdi. Asosan yosh bilimdonlardan iborat bo‘lgan yangi jamoaning o‘yinini muxlislar ham bilimdonlar ham katta qiziqish bilan kutib yurgani shubhasiz.

Foto: Zakovat

Jamoa a’zolari (suratda chapdan o‘ngga):

  • Muhiddin Usmonov - muhandis;
  • Bobur Maksimov - huquqshunos;
  • Abbos Salaydinov - huquqshunos (jamoa sardori);
  • Temurbek Tursunqulov - Toshkent tibbiyot akademiyasi magistranti;
  • Sohib Jontoyev - buxgalter;
  • Muhammadxo‘ja Ahmedov - O‘zbek tili va adabiyoti universiteti 4-bosqich talabasi.

Jamoaning o‘yinlarga chanqoqligi ilk raunddayoq sezilib turdi. O‘zgacha ishtiyoq bilan o‘yinni boshlagan jamoa 1-raund savolini ilk soniyalardanoq topib qo‘ydi. Germaniyadagi o‘ziga xos teatr haqidagi savol bilimdonlarga ilk ochkoni keltirdi.

2-raundda maxsus qurilmadan qaysi sportchilar foydalanishi haqidagi savol o‘ynaldi. Muhokamaning asosiy qismida noto‘g‘ri variant atrofida aylangan jamoa so‘nggi soniyalarda to‘g‘ri variantni tanlay oldi. Bu raundning olinishida jamoadagi eng tajribali bilimdon Sohib Jontoyevning hissasi katta bo‘ldi. Hisob – 2:0.

3-raund savoli Xudoyberdi To‘xtaboyev asarida ta’rif berilgan bir «mamlakat» haqida bo‘ldi. Ammo jamoa ushbu savolda to‘g‘ri javobning yaqiniga ham yo‘lamadi. Balki yozuvchining kim ekani savolda aytilganida muhokama yanada jonliroq bo‘larmidi. Shu tariqa, muxlislar ilk ochkoni qo‘lga kiritdi. Hisob – 2:1.

Navbatdagi raundda ham jamoaning ishlari yurishmadi. Vetnamlik dehqonlar bosh kiyimi nega konussimon qilib ishlangani haqidagi savolga noto‘g‘ri javob berilishi natijasida hisob 2:2 ko‘rinishiga keldi.

5-raundga kelib yana jamoa hisobda oldinga o‘tib oldi. Janubiy Afrika olmos konidagi o‘g‘rilik haqidagi savolga ekran o‘yini debyutanti Bobur Maksimov to‘g‘ri javob berdi. Hisob – 3:2.

Keyingi raundda birinchi jahon urushi davrida yapon askarlarining oyoq kiyimlari o‘g‘irlanishiga qanday chek qo‘yilgani haqidagi savol jamoani qiynab qo‘ydi. Muhokamada to‘g‘ri variant yangragan bo‘lsa-da, jamoa bu variantga jiddiy e’tibor qaratmagani natijasida navbatdagi ochko boy berildi. Hisob yana tenglashdi – 3:3.

7-raund savoli jamoaga qulay bo‘lib chiqdi. Qizg‘in muhokamalar ostida bo‘lib o‘tgan raundda jamoa hisobni o‘z tomoniga og‘dirdi – 4:3.

O‘yin tom ma’noda bilimdonlar va muxlislar o‘rtasidagi quvlashmachoqqa aylandi. 8-raundda muxlislar yana bilimdonlarga yetib oldi. Qulfli muzlatkichlar haqidagi savol o‘yindagi qiyin savollardan biri bo‘ldi. Ushbu savolni olishga jamoaning bilimi va tajribasi yetmadi. Hisob – 4:4.

Endi jamoani faqatgina vabank finalga olib chiqishi mumkin. Vabankka yetib borganda ham yutish kerak, boshqacha holatda mavsum finaliga Farrux Rafiqov jamoasi (6:3 hisobida g‘alaba qozongan) yo‘l oladi.

O‘yinni biroz bo‘shashtirgan jamoa 9-raundga kelib ilk bor muxlislarning oldinga o‘tib olishiga yo‘l qo‘yib berdi. Jamoa adabiy personajlar mavzusidagi blitsning ilk savolidayoq qoqildi. Hisob – 4:5.

10-raundni bilimdonlar tahlikali hisob bilan boshladi. Endigi savolga javob topilmasa, final tugul vabank ham orzuga aylanadi.

Bahs-munozaralar bilan o‘tgan raund yakunida jamoada yaxshi variant bor bo‘lsa-da, klub yordamini olish zarar qilmasdi. Shu sababli, har ehtimolga qarshi klubga murojaat qilindi. Klub to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, jamoadagi variant to‘g‘riligini tasdiqladi. Hisob – 5:5.

O‘yindan oldin jamoa finalga chiqish uchun vabankka murojaat qilishi ehtimoli katta edi. Shunday bo‘ldi ham. Yangi jamoa ilk o‘yinidayoq o‘zini vabankdek jiddiy sinovga ro‘para qildi.

Yigitlar Bobur Maksimovga ishonch bildirib, o‘yin stolini tark etdi.

11-raund. G‘oyat hayajonli daqiqalar. Endi Bobur Maksimov savolga to‘g‘ri javob bersa, 6:0 hisobida g‘alaba qozonadi, aks holda esa 0:6 hisobida yutqazadi.

Bir guruh rassomlar nega kiyik suratini chizayotgani haqidagi rasmli savol Bobur Maksimov uchun tanish ma’lumot bo‘lib chiqdi va ushbu savolga o‘ylab o‘tirmasdan javob berdi. Bilimdonning javobi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi va jamoa 6:0 hisobidagi g‘alabaga erishdi. Chiroyli o‘yin va ajoyib natija!

Shu tarzda yangi jamoa kutilmaganda tajribali raqiblarini ortda qoldirib, bahorgi mavsum finaliga yo‘l oldi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

12-raund. Savol muallifi - Azizxo‘ja Bahodirxo‘jayev, Baxmal tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Siz ekranda ko‘rib turgan teatrni 1884 yilda germaniyalik Gustav Noyberg qurdirgan. Keyinchalik boshqa joylarda ham bu kabi teatrlar qurila boshlangan.

Diqqat savol: Ushbu teatrning nomi nima bo‘lgan?

Javobni Temurbek Tursunqulov beradi: Tibbiyot xodimi bo‘lganim uchun ham shu narsani o‘ylab ko‘rishga harakat qildik. Taxminimizcha anatomik teatrlar mavjud. Hozirgi kunda ham ko‘p. Balki birinchi anatomik teatrlardan biri mana shu ko‘rib turgan teatrimizdir.

To‘g‘ri javob: Bu joy aynan teatr deb nomlanadi. Gustav Noyberg jarroh bo‘lgan, pastda professorlar bemorlarni operatsiya qilishgan, tepada talabalar, jurnalistlar va bemorning yaqinlari tomosha qilishadi. Bu teatrning nomi jarrohlik teatri.

Hisob: 1:0

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund. Savol muallifi - Husniddin To‘xtayev, Vobkent tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Siz bu suratda bir sport vakillarini tayyorlashda ishlatiladigan aksessuarni ko‘rib turibsiz. Bu sportchilarni chiniqtirish uchun ishlatiladi. Ular bundan foydalanishadi.

Diqqat savol: Suratni yaxshilab kuzating va ayting! Qaysi sportchilar va qanday sportda ishlatiladi?

Javobni Sohib Jontoyev beradi: Bu savolga yuguruvchilar varianti kelgandi, mashg‘ulotda ichiga qum solib yugursa, sport o‘yinlari paytida uni olib tashlab yugurishi kerak edi, lekin bunday qilsa qum to‘kilib ketib qolar ekan. Shuning uchun javobim suzuvchilar. Mashg‘ulot payti shuni taqib suzadi, suv kirib unga qarshilik ko‘rsatishi mumkin, shunda u ko‘proq harakat qiladi, haqiqiy sport o‘yini payti uni yechib tashlab suzganda oson bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Mashg‘ulotda og‘ir bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi. Suzuvchi buni beliga mahkam taqib mashq qila boshlaydi, Suzgan sari kosachalar suvga to‘lib qarshilik ko‘rsatadi.

Hisob: 2:0

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi - Asadbek Mahmudov, Rishton tumani.

Boshlovchi: Bir mashhur o‘zbek adibining bir asarida quyidagi ta’rif berilgan: "Tog‘-u toshlar bora bora cho‘kishi, daryo-yu ko‘llar qurishi, yam-yashil o‘rmonlar o‘tinlar uyumiga aylanishi, zo‘ravonlik bilan paydo bo‘lgan davlatlar yemirilishi mumkin. Lekin shunday bir saltanat borki u zinhor zavol ko‘rmaydi. Sinalgan qonun qoida asosida yashayveradi".

Diqqat savol: Zamon, makon, irq, din, jins tanlamas bu qanday saltanat?

Javobni Bobur Maksimov beradi: Bizning jamoamiz fikricha bu o‘lim saltanati, ya’ni qabriston.

To‘g‘ri javob: Marhum Xudoyberdi To‘xtaboyevning "Mungli ko‘zlar" asaridan olingan ushbu parchada, bu ta’rifni bolalikka bergan. 

Hisob: 2:1

Savol muallifi Asadbek Mahmudov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

4-raund. Savol muallifi - Dilmurod Mirzaaliyev, Chortoq tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Vetnamlik oddiy qishloq aholisi kiyadigan maxsus qalpoq surati. Mahalliy dehqonlar garchi biroz noqulay bo‘lsa ham uni boshdan qo‘yishmaydi.

Diqqat savol: Bu bosh kiyimlar nega ularga kerak?

Javobni Bobur Maksimov beradi: Bosh kiyimning shaklini ko‘rib turibmiz, nimadir tushsa o‘rnashib qolmaydi, yerga tushib ketadi. Vetnamda daraxt ko‘p, ilonlar asosan daraxtda yashadi. Agar shu ilonlar tushsa u odamni chaqmasdan pastga tushib ketishi uchun, deb o‘yladik.

To‘g‘ri javob: Daraxtlar deganingizda maqsadga ancha yaqin keldingiz deb o‘ylab turgandim. Tropik mamlakatlarda daraxtlarda yirik-yirik mevalar o‘sadi. Kokos kabi mevalar agar boshingizga tushsa, to‘ppa-to‘g‘ri asfalasofilinga ketish mumkin. Bu bosh kiyimlar ataylab shunday qilingan va pishiq materiallardan tayyorlanishiga sabab boshga tushadigan og‘ir mevalardan saqlaydi.

Hisob: 2:2

Savol muallifi Dilmurod Mirzaaliyev 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

5-raund. Savol muallifi - Davron Tog‘ayev, Narpay tumani.

Boshlovchi: Janubiy Afrika Respublikasida yirik olmos konlaridan birida, 1970 yilda doimo o‘g‘rilik qilib yurgan bir inson qo‘lga olinadi. Shundan so‘ng ishchilarni faqat chiqayotganda emas, kirayotganda ham tekshirish boshlanadi.

Diqqat savol: Bir daqiqadan keyin yigit nima bilan o‘g‘rilik qilganini toping.

Javobni Bobur Maksimov beradi: Fikrimizcha, odamlar kelishida o‘zi bilan kabutar yoki shunga o‘xshash qush olib kirishni nazorat qilgan, ya’ni ular qushni olib kirgandan keyin olmosni o‘g‘irlab, biror idishga solib, qushni oyog‘iga bog‘lab uchirvorgan o‘zining uyiga. Shu orqali o‘g‘rilik qilgan bo‘lishi mumkin.

To‘g‘ri javob: U o‘zi bilan ichki cho‘ntagiga berkitib har gal kabutar olib kirgan. U yerdan olmosni olib, qushning oyog‘iga bog‘lab uchirib yuborgan.

Hisob: 3:2

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi - Sherzod Tog‘aymurodov, Sariosiyo tumani.

Boshlovchi: Militaristik Yaponiya hukmronlik davrida harbiylar armiyadan qurol-aslaha, harbiy kiyim-kechak, xullas nima qo‘lga ilinsa o‘g‘irlashgan ekan. Faqat poyabzallardan tashqari.

Diqqat savol: Nega oyoq kiyimlarni o‘g‘irlashmagan?

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Taxmin qilib ko‘ramiz, balki oyoq kiyimiga davlat ramzlari tushirilgan bo‘lsa, o‘g‘irlab ketish mumkin bo‘lmagan. Muqaddas narsa tasviri bo‘lsa, o‘g‘irlab ketsak sha’nimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb o‘ylashgandir.

To‘g‘ri javob: Militaristik Yaponiya hukmronligi davrida harbiylar kiyimlari, oyoq kiyimlari ayniqsa juda qadrlangan, Shuning uchun ular o‘ng poyini boshqa joyda saqlashgan, chap poy poyabzalni esa boshqa joyda saqlashga majbur bo‘lishgan. Bu o‘g‘riliklarning oldini olgan.

Hisob: 3:3

Savol muallifi Sherzod Tog‘aymurodov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

7-raund. Savol muallifi - Sunnatilla Rasulov, Kattaqo‘rg‘on tumani.

Boshlovchi: Qadimgi hind shoiri Kabir unga quyidagicha ta’rif bergan:

"U birdan donishmandga aylanib oldi.

Uy berishdi, ovqati mo‘l, qorni to‘q.

Barchaga to‘xtovsiz saboq bersa ham,

o‘zining arzirli fikri yo‘q".

Polshalik shoir Yulian Tuvim esa:

- shaharning istalgan g‘iybatchisi ham uning oldida ip esholmaydi, degan.

Diqqat savol: Uning nimaligini toping.

Javobni Muhiddin Usmonov beradi: Fikrimizcha, she’rda to‘tiqush haqida gap ketyapti.

To‘g‘ri javob: U birdan donishmandga aylanib oldi.

Uy berishdi, ovqati mo‘l, qorni to‘q.

Barchaga to‘xtovsiz saboq bersa ham,

o‘zining arzirli fikri yo‘q.

Albatta, bu qanaqadir jonli narsa ekanligi ma’lum. Yulian Tuvim sizlarga yordam uchun berildiki, shaharning istalgan g‘iybatchisi ham uning oldida ip esholmaydi, chunki u qulog‘iga kirgan gani hammaga tortinmasdan baralla aytaveradi. U to‘tiqush.

Hisob: 4:3

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi - Samandar Temirov, Nurobod tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Muzlatkich. Hozirgi muzlatkichlarda qulf o‘rnatilganini ko‘rmaymiz. Ammo bundan 70-80-yillar ilgari ba’zi muzlatkichlar qulfli qilib ishlab chiqarilgan.

Diqqat savol: U muzlatkichlarni asosan kimlar sotib olgan?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Bunday muzlatkichlarni yosh bolali oilalar olgan, maqsad ichkariga bolasi o‘ynab kirib qulflanib qolmasligi uchun. Ota-ona ishlatib bo‘lganidan so‘ng qulflab qo‘yadi va bolalar kira olmaydi.

To‘g‘ri javob: XX asr 50-yillaridan keyin sobiq ittifoqda kommunal kvartiralar qurish boshlangan. O‘sha paytda 4 xonali uyda 4 ta oila yashagan. Bir-birlaridan oziq-ovqat o‘g‘irlash holatlari ro‘y bergandan keyin qulfli muzlatkichlar ishlab chiqarilgan.

Hisob: 4:4

Savol muallifi Samandar Temirov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

9-raund. Blits. 1-savol muallifi - Pardavoy Umrzoqov, Oqoltin tumani.

Blits mavzusi: Adabiy personajlar

1-savol:

Boshlovchi: Marhum yozuvchimiz Abdulla Oripov "O‘tkan kunlar" romani asosiy qahramonlari Kumush bilan Otabek emas, Yusufbek hoji deganlar. Agar asarda bu muxtasham obraz bo‘lmaganida edi, asar oddiy ishqiy qissaga aylangan bo‘lar edi, deb bir tarixiy asarga taqqoslaganlar.

Diqqat savol: Qaysi asarga o‘xshab qoladi deganlar?

Javobni Abbos Salaydinov beradi: Romeo va Juletta.

To‘g‘ri javob: 1001 kecha, aynan 1001 kechaga o‘xshash tuyulib qolmasligi uchun Yusufbek hojidek faylasuf kiritilgan.

Hisob: 4:5

Savol muallifi Pardavoy Umrzoqov 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi‌‌.

10-raund. Savol muallifi - Zarifjon Alijonov, O‘zbekiston tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Suratdagi ayollar birinchi jahon urushi paytida inson boshi haykallarini yasashgan. Shu ishlari tufayli ularga haq to‘langan. Qizig‘i bu bosh haykallari pishiq qilib yasalmagan. Bu tomonda urush, bu tomonda esa ayollar haykal yasashmoqda.

Diqqat savol: Bu haykallarni kimlar nima maqsadda yasagan?

Jamoa klub yordamidan foydalandi.

Javobni Muhammadxo‘ja Ahmedov beradi: Bu haykallar transheyalardan chiqarilgan va bu haykallarni nishonga olishgan, keyin esa o‘sha yerdagi ofitserlar merganlar qayerda o‘tirganligini aniqlashgan. Mana shu haykalga tekkan o‘q trayektoriyasi bo‘yicha.

To‘g‘ri javob: Ko‘rinishi xuddi tirik odamga o‘xshaganidan dushman snayperlarini chalg‘itish va ularning qayerda ekanligini aniqlash uchun ishlab chiqarilgan.

Hisob: 5:5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Jamoa “Bor baraka” o‘yinini o‘ynaydi.

O‘yin qoidasi: Jamoada bir ishtirokchi qoladi. Jamoa savolga to‘g‘ri javob bersa 660 hisobida g‘alaba qozonadi, aks holda esa 066 hisobida yutqazadi.

O‘yinda jamoadan Bobur Maksimov qoladi!

11-raund. Savol muallifi - Asadbek O‘rinov, Ellikqal’a tumani.

Boshlovchi: Marhamat ekranga qarang!

Ushbu rasmda rassomlar o‘tirishibdi, o‘rtadagi kiyikning rasmini chizib o‘tirishibdi. Shuncha rassom kiyikni o‘rtaga olib, uning suratini chizmoqda.

Diqqat savol: Bir daqiqadan keyin rassomlar nega bu kiyikni o‘rtaga olib rasmini chizayotganligini topib bering.

Javobni Bobur Maksimov beradi: Adashmasam bu rasmni avval ko‘rganman internet saytlarida, bu rasmdagi rassomlarning hammasi Disney kompaniyasi rassomlari va bular "Bembi" multfilmi uchun kiyik chizishyapti.

To‘g‘ri javob: Disney kompaniyasi "Bembi" multfilmi uchun rassomlarga kiyik chizdirishmoqda.

Hisob: 6:0

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Eng yaxshi savol muallifi - Sunnatilla Rasulov. U to‘tiqush haqidagi savoli uchun 5 mln so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Bobur Maksimov. U 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid