1 yanvardan boshlab xarid chekini “Soliq” mobil ilovasidan ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolarga xarid summasining 1 foizi qaytarila boshlandi. Chek bermaganlik holatlari yuzasidan soliq idoralariga xabar bergan fuqarolarga esa mukofot puli berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Aynan chek bermaslik holatlari yuzasidan xabardor qilish tizimi tadbirkorlar va fuqarolar o‘rtasida rezonanslarni keltirib chiqarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda samosud, xaridor va sotuvchi janjallari aks etgan videolar kunda-kunora tarqalmoqda.

Jamiyatda bu o‘zaro kelishmovchiliklar ildizi qayerda, nega tadbirkor chek bermaydi, muammoga yechim bormi – ushbu savollar yuzasidan tadbirkorlar bilan muntazam ishlaydigan soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov Kun.uz'ga o‘z fikrlarini bildirdi.

“Kasalning sababi bilan emas, asorati bilan kurashyapmiz”

— Jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishmoqchi, lekin bu jarayonda jamiyatning aksariyat qismi tadbirkorlarga teng imkoniyat yaratilmaganini bilgan holda “ustupka”ga boryapti.

Bitta shaxs tomonidan bir kunda o‘nlab do‘kondan 1-2 ming so‘mlik xaridlar amalga oshirilgan holatlar bor, maqsad – tadbirkor chek bermasligi va uning ustidan shikoyat yozib pul ishlash. Siz har kuni 30ta do‘konga kirib, 1-2 ming so‘mlik narsa sotib olmaysiz. Ehtiyojingiz bo‘lsagina sotib olasiz.

Bu – salbiy tomoni. Ijobiy tomoni esa ko‘pchilik jarimadan qo‘rqib chek uryapti. Biroq aholi va tadbirkor o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda, bu hatto samosud holatlariga ham sabab bo‘lmoqda. Tadbirkorlik o‘zi oson ish emas va uni doimiy jarimaga tushirayotgan odamni topsa, ertaga uni kechirmaydi. Avvalo, tadbirkor chek urmasligining sababi nima degan masalaga to‘xtalishimiz kerak.

Soliq yuki…

— Bizda holat shundayki, tagiga olov yoqilgan joydan yugurmasdan o‘tish talab qilinyapti. Chek uradigan bo‘lsa, qaysidir miqdorda soliq yuki oshib ketib qoladi. 1 mlrd so‘mgacha aylanmadan soliq to‘layotgan tadbirkor, aylanmasi 1 mlrddan oshgandan keyin QQS to‘lovchisiga o‘tib ketadi. Bu u uchun soliq yuki 4-5 barobarga oshib ketdi degani. Bu narsadan qochish uchun tadbirkor chek urmaslikka majbur bo‘ladi.

Ayb balki odamlarda emas, mexanizm to‘g‘ri yaratilmaganidadir? Hozir kasalning asorati bilan kurashyapmiz, lekin u qayerdan kelib chiqayotgani bilan qiziqmayapmiz.