O‘zbekiston | 09:45 / 19.05.2022
13530
4 daqiqa o‘qiladi

Ekologiyaning ifloslanishi dunyodagi har oltinchi o‘limning sababi ekani ma’lum bo‘ldi 

Atrof-muhit ifloslanishining maishiy turlaridan o‘lim darajasi kamayganiga qaramay, sanoat ifloslanishidan o‘limlar soni bir yarim baravar oshdi.

Foto: Getty Images

17 may, seshanba kuni The Lancet Planetary Health jurnalida e’lon qilingan global o‘lim va atrof-muhitning ifloslanishiga oid tadqiqotga ko‘ra, har yili 9 millionga yaqin odam havo, tuproq va suv ifloslanishidan nobud bo‘ladi.

Tadqiqotchilar ifloslanishni kasallik va erta o‘lim bo‘yicha dunyodagi eng katta ekologik xavf omili deb atadi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili dunyoda har oltinchi o‘limga shu sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, atrof-muhit ifloslanishining turli shakllari tufayli 2015 yilda jahon iqtisodiyoti 4,6 trillion dollar yo‘qotdi (jahon yalpi ichki mahsulotining 6,2 foizi).

Olimlarning yozishicha, qashshoqlik bilan bog‘liq uy xo‘jaliklarining ifloslanishidan o‘lim holatlari kamayganiga qaramay, atmosfera degradatsiyasi va qo‘rg‘oshin kabi zaharli kimyoviy moddalardan ifloslanishdan o‘lim holatlari sezilarli darajada oshgan.

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, havo ifloslanishi har yili 6,5 milliondan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ladi, qo‘rg‘oshin va boshqa kimyoviy moddalar esa har yili 1,8 million kishining o‘limiga sabab bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich 2015 yildan buyon 7 foizga, 2000 yildan buyon esa 66 foizdan ko‘proqqa o‘sdi.

Bu, birinchi navbatda, nazoratsiz sanoatlashtirish va urbanizatsiya oqibatlari bilan bog‘liq. Tadqiqotchilar, shuningdek, aholi sonining ko‘payishi, qazib olinadigan yoqilg‘ilarning ishlatilishi va «kimyoviy moddalar bo‘yicha tegishli milliy va xalqaro siyosat»ning yo‘qligi atrof-muhit ifloslanishidan o‘lim holatlarining ko‘payishiga sabab ekanini ko‘rsatdi. Tadqiqotda qayd etilishicha, ifloslanish bilan bog‘liq o‘limlarning katta qismi – 90 foizi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda sodir bo‘ladi.

«Atrof-muhitning ifloslanishi inson va sayyoralar salomatligiga ekzistensial tahdid bo‘lib, zamonaviy jamiyat barqarorligiga tahdid keltirib chiqaradi», deb xulosa qiladi olimlar. «Biz qozonda o‘tirib, asta-sekin yonib ketyapmiz», deb yozgan tadqiqot hammuallifi va global Pure Earth notijorat tashkiloti rahbari Richard Fuller.

O‘z tahlillarida olimlar maishiy chiqindilar yoki kanalizatsiya kabi an’anaviy ifloslantiruvchi jihatni zamonaviy sanoat ifloslanishidan ajratib oldi. Tadqiqotda aytilishicha, an’anaviy ifloslantiruvchi moddalardan o‘lim dunyo bo‘ylab kamayib borayotgan bo‘lsa-da, ular Afrikada asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. 

Chad, Markaziy Afrika Respublikasi va Nigerda ko‘pchilik odamlar suv va tuproq ifloslanishidan nobud bo‘ladi. Efiopiya va Nigeriyada 2000 yildan 2019 yilgacha bu o‘lim darajasi uchdan bir qismga kamaydi. 

Tadqiqot mualliflari atrof-muhitning ifloslanishidan o‘lim holatlarini kamaytirish bo‘yicha sakkizta tavsiyani ilgari surdi, bunda monitoringni yaxshilash, hisobotlarni takomillashtirish hamda sanoat va avtomobil transportini davlat tomonidan qattiqroq tartibga solish zarurligi ta’kidlandi. «Biz bu muammolarning har birini qanday hal qilishni bilamiz. Faqat siyosiy iroda yetishmayapti», deb yozadi Fuller. 

Mavzuga oid