24 may kuni Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” to‘plami va “Inson qadri” onlayn platformasi taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir yakunlanarkan, taqdimot spikerlaridan biri, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev OAV vakillarining qator savollariga javob berdi.

Kun.uz:

Sodiq Salixovich, sizningcha, O‘zbekistonning 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan “Harakatlar strategiyasi”da belgilangan rejalarga qanchalik erishildi?

Sodiq Safoyev:

Menimcha, savolingizga javobni xalqimiz prezidentlik saylovlar paytida berib bo‘ldi. Undagi muhokama va bahslarda odamlar prezidentimiz boshlagan islohotni nafaqat qo‘llab-quvvatladi, balki davom ettirish va chuqurlashtirish uchun ham vakolat berdi.

Shu bilan birga, bugungi tadbir haqida gapirsam. Fikrimcha, birinchi besh yillikda o‘zbek jamiyati oldida turgan birlamchi muammolar yechilgan bo‘lsa, endi fundamental masalalarni yechish, shu bilan bog‘liq  huquqiy, tashkiliy masalalarni hal qilish vazifasi turibdi.

Bu haqda bugungi tadbirda so‘z olgan notiqlar ham aytib o‘tdi. Albatta, mamlakatni, jamiyatni zamonaviylashtirish hamda raqobatbardosh qilish birgina da’vat yoki shior bilan amalga oshmaydi. Bu hammamizdan katta harakatni talab qiladi.

Men ko‘p marotaba aytganman va yana bir bor qaytaraman, islohotlar yengil bo‘lmaydi. Yengil-yelpi bo‘ladigan islohotlarni hech bir jamiyat, hech bir tarix ko‘rmagan.

Islohotlar shuningdek, jamiyatda turli ziddiyatlarni ham kuchaytiradi. Bunga hozir misol keltirib o‘tirmayman. Bu yerda bir narsani anglash kerak, ya’ni islohotlarni buyruq bilan amalga oshirib bo‘lmaydi. Islohotlar samarali va muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun jamiyatdagi aksariyat insonlar, ayniqsa islohotlarni bevosita amalga oshiradigan hukumat xodimlari, parlament a’zolari tayyor bo‘lishi kerak.Ular  islohotlarning muqarrar ekanligiga ich-ichidan ishonishi kerak, bu birinchidan.

Ikkinchidan, ular bilimga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni islohot qilish uchun faqat harakatlarni kuchaytirish emas, balki aqlga, fanga, innovatsiyaga asoslangan harakatlar kerak.

O‘ylaymanki, bugungi tadbir mana shunday g‘oyalarni, “Taraqqiyot strategiyasi” bilan bog‘liq fikrlarni, dasturlarni ommaga yetkazish uchun bo‘lib o‘tmoqda. Ya’ni jamiyatimizda shu islohotlarga ishongan va unga intilgan qatlamni yetakchi qatlamga aylantirish bilan bog‘liq.