18:50 / 01.06.2022
52013

Islom Karimovga yozilgan xat, so‘m-kuponlar, 7 yoshda 3-sinf - bolalik xotiralari

Foto: KUN.UZ

Bolaligida qo‘y boqayotib vaqtini kitob o‘qish bilan o‘tkazgan vazir, yoshligida Islom Karimovga xat yozgan iqtisodchi, “O‘tkan kunlar”ni besh marta o‘qigan bloger, gimnaziya direktorining yap-yangi “Moskvich”i g‘ildiragini teshgan fond raisi, Bo‘zsuv kanalida shisha idishda baliq tutgan jurnalist.

Biz 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan davlat va jamoat faollaridan ayrimlarining bolalik xotiralari bilan qiziqdik.

“Ertalab ikkita nonni belga bog‘lab ketardik, kechqurun qo‘yni haydab qaytib kelardik”

Ibrohim Abdurahmonov, Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik:

— Tuman markazidan uzoqdagi tog‘li qishloqda katta bo‘lganman. Boshlang‘ich sinflarda asosiy ishim qo‘y boqish bo‘lgan. Ertalab ikkita nonni belga bog‘lab ketardik, kechqurun qo‘yni haydab qaytib kelardik. Qarindosh-urug‘larimizning aksariyati o‘qimishli bo‘lgani bois doimo qo‘limizga kitob ham berib yuborishardi. Vaqt ko‘p, atrofimiz tog‘, shu kitoblarni mutolaa qilib, kunni kech qilardik.

Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun ro‘zg‘or yumushlari bilan ko‘proq shug‘ullanishimga to‘g‘ri kelgan. O‘smirlik chog‘im tomorqadagi ishlarni qilardim – ekin ekish, ularni parvarishlash ilmini olganmiz... Mehnat qilishdan qochmasdim, lekin suv muammo bo‘lardi – dehqonchilikning eng katta mashaqqati bu sug‘orish edi.

7-8-sinfdan fan olimpiadalarida ishtirok eta boshladim. Birinchi marta matematika bo‘yicha tuman olimpiadasiga qatnashganman. Tuman bosqichida hech kim bir-birini tanimaydi, bo‘yim boshqa bolalarnikidan balandroq bo‘lgani uchun 8-sinflar o‘tirgan sinfga kiritib yuborishibdi. Tabiiyki, masala-misollarni yecholmadim, uyga xomush qaytib kelib, dadamga «men matematikani bilmas ekanman», deganman. Dadam maktabimizda biologiyadan dars berardilar, adashganimni surishtirib bilibdilar. Shundan keyin biologiya olimpiadasida qatnashgin, deb maslahat berdilar.

Keyingi yildan biologiya bo‘yicha tayyorlana boshladim. Avval tuman, keyin viloyat va respublika bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘ldim. O‘sha paytlari akademik Abdusattor Abdukarimov olimpiadaning respublika bosqichida raislik qilganlar. Eshitishimizcha, u kishi imtihon bo‘ladigan kuni ertalab savollarni almashtirgan ekanlar. Negaki, ayrim bolalarga avvaldan savollarni berib qo‘yish holatlari bo‘lib turarkan-da. O‘sha yili opam ikkimiz qatnashib, olimpiadada g‘olib bo‘ldik. Opam respublika olimpiadasi g‘olibi sifatida universitetga imtihonsiz o‘qishga kirdi. Ana o‘shanda odam harakat qilsa, o‘qisa, natijaga erishishiga amin bo‘lganman.

U paytlari universitetga kirishning yagona yo‘li biz uchun olimpiadada g‘olib bo‘lish edi. Negaki, sohada korrupsiya avj olgan palla edi. Shuning uchun ham 11-sinfgacha hayotim olimpiadalarga tayyorgarlik, olimpiadalarda qatnashish bilan o‘tdi. O‘smirligimda to‘ylar, turli ko‘ngilochar tadbirlarga borganimni eslolmayman – vaqtni qizg‘anardim.

Respublikada 1-o‘rinni olib, butunittifoq olimpiadasida ham ishtirok etganman. Moskva davlat universiteti professori bilan suhbatda bo‘lganim maktab davrimdagi eng katta taassurotlarimdan bo‘lgan. Menga bu olimpiadada «genlar dreyfi» haqida savol tushgan. Qishloqda o‘qiganim uchun rus tilini yaxshi bilmasdim. Uni o‘sha professorga tarjimon orqali tushuntirib berganman. O‘shanda shu professor menga biologiya bo‘yicha katta kitob sovg‘a qilgandi. U yerda o‘rin ololmaganman, lekin shu voqea o‘z ustimda yanayam qattiq ishlashimga turtki bo‘lgan.

Babinskiy muallifligidagi «Odam fiziologiyasi» degan kitobni yoddan bilardim. Har bir suyaklarning nomini yodlab olgandim. Shuning uchun biofakda o‘qish qiyin bo‘lmagan – birinchi kursdan laboratoriyada ishlardim.

Mixlangan qizil tobut, paxtazorda dori sochayotgan samolyotlar

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

— Bolalik turlicha o‘tgan, lekin Bolalar kuni bo‘lgani to‘g‘risida bilmaganimiz aniq. Bolaligingda nimalar bo‘lgan desa, juda katta ta’sir o‘tkazgan voqealar va kartinalarni sanayman.

Hozirgi tilda aytganda kalit so‘zlar: Umurzoq amakimning sovet armiyasidan tobutda qaytishi, mixlangan qizil tobut, paxtazorda dori sochayotgan samolyotlar, qo‘l siltayotgan uchuvchilar (keyin bilsam, ular qoch, deb qo‘l siltar ekan), ariqdagi loyqa, jigarrang suv, traktor pritsepiga ortilayotgan beshiklar, qizamiq, ko‘zoynak, ikki gektar yagana, paxta chopiq, obedgacha yoki obeddan keyin magazinda navbatda turish, talon, shakar, 1991 yil 31 avgust, kupon, so‘m-kupon, Maradona, Spartak, Paxtakor, Moskva, Ujgorod, maktab podvalidagi jismoniy tarbiya darslari, O‘sh, geografiya, matematika, olimpiada, sholi, mashoq, tegirmon. Bularning har biri alohida hikoya bo‘ladi.

Orzularga kelsak, esim kirmagan paytda prezident Islom Karimovga prezident bo‘laman va qarzimni qaytaraman, deb xat yozganim esimda. Aql-hushim joyida bo‘lganida esa pul topadigan kasbdan boshqa yo‘l yo‘qligini tushunganman.

«O‘sha paytda odamlar bir-biri bilan ko‘proq jonli muloqot qilardi»

Shahnoza Soatova, adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bloger:

— Mening bolaligim o‘sha paytda men bilan yashagan bolalardan juda farq qilmagan. Ancha faol bo‘lganmiz. Ko‘chadan uyga haydab kirisholmasdi, rang-barang o‘yinlar, qiy-chuv to‘polon bo‘lardi. Mahallamizda ham bola ko‘pmidi, xullas, o‘zimdan 3 yosh katta va 3 yosh kichkina shu oraliqdagi bolalar bilan juda ham faol o‘ynardik.

Bolaligimning ajralmas qismi kitoblar qurshovida o‘tgan. O‘sha paytda hammaning uyida bitta televizor bo‘lardi. Lekin bizning televizor negadir ko‘p buzilib qolardi. Ta’kidlash joiz, u paytda telekontentlar hozirgidan farq qilardi. Ancha yuqori standartli, ya’ni to‘g‘ri tarbiyalaydigan yaxshi filmlar qo‘yilardi. Kechki payt har kuni bir marta kino berilardi. Shu kinoni kutib o‘tirardik. Lekin televideniye kontenti hozirgidek boy emas edi.

Uyimizda televizor buzilib qolsa, xuddi bir odam yo‘qolib qolgandek, azadek bo‘lib qolardi. Men shunday paytlarda bo‘shliqni to‘ldirish uchun radio eshitardim yoki kitob o‘qirdim. Men o‘sha paytda o‘zim uchun BBC o‘zbek xizmati radiosini kashf qilganman. Ularning yo‘nalishi o‘sha paytdagi radio yo‘nalishlaridan farqli bo‘lardi. Boshlovchi, jurnalistlar nutqida o‘zbek tilidagi so‘zlarning yangicha tovlanishlarini eshitardim.

Mahallamizda bitta kutubxona bor edi. Ta’til paytlari o‘sha yerga borib, haftada bitta kitob olib kelib o‘qirdim. U yerga borolmagan yoki yaxshi kitob topolmagan paytim qo‘ni-qo‘shnilardan kitob so‘rardim. Kitob topolmagandimdan kitoblarni takror-takror ham o‘qiganman. Masalan, “Ikki eshik orasi”ni 4 marta, “O‘tgan kunlar”ni 5 marta o‘qiganman. Shular meni tarbiyalagan.

Nimagadir o‘sha paytda mahallamizda odamlar bir-biri bilan ko‘proq jonli muloqot qilardi, deb o‘ylayman. Bolalar ko‘chaga yugurishardi, onalari ularga qaragani ko‘chaga chiqib, o‘zaro muloqot qilishardi. Qish kuni bo‘lsa, biz qorbo‘ron o‘ynagani chiqsak, onalarimiz chanada sayr qilishardi. Qorlar ham ko‘p yog‘ardi.

Bolaligimning salbiy jihatlari ham bor, otamni erta yo‘qotganmiz, ro‘zg‘or tashvishlari erta boshimizga tushgan. Otam yo‘qligi sabab o‘ksiganim, notengliklarni ko‘rganim ham bor, lekin bugun yorqin xotiralarimni eslamoqchiman.

«Gimnaziya direktorining yap-yangi «Moskvich»i g‘ildiragini teshganman»

Komil Allamjonov, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi:

— To‘qsoninchi yillar oilamiz boy bo‘lmagan, lekin och ham qolmaganmiz. Onam doya, otam avtoslesar edi. Bolalar tug‘ilavergan, mashinalar buzilavergan, ota-onam ishsiz qolmagan. Ularning eng katta orzusi farzandlariga yaxshi ta’lim berish bo‘lgan. Shuning uchun oyim o‘qishimni oltinchi sinfdan O‘zMU qoshidagi gimnaziyaga (keyinchalik akademik litseyga aylantirildi) o‘tkazgan. Hech kimga pul-mul bermagan. Oyim pora berish kerakligini bilmasdi ham.

Gimnaziyada prokurorlar, deputatlarning bolalari bilan o‘qiganman. Doim atrofdagilarga birovdan kam emasligimni isbotlashga majbur edim. To‘g‘ri, men u yerga porasiz, hech qanday qo‘ng‘iroqsiz, o‘z bilimim bilan kirganman. To‘g‘ri, ota-onam oddiy odamlar. Lekin menga past nazar bilan qarashlariga yo‘l qo‘ymasdim. Gimnaziya direktorining: «Allamjonov, yaxshi o‘qi. Seni «kontrakt»da o‘qitishga ota-onangning baribir qurbi yetmaydi», degan gapi ayniqsa yomon tegib ketgan. Hammaning oldida kamsitgani uchun yap-yangi «Moskvich»ining g‘ildiragini teshib, o‘chimni olganman.

O‘n uch yoshimda qand qiroli bo‘lishga qaror qildim. O‘zimga velik olishim kerak edi. Velosipedi bor o‘rtoqlarim uchishga bermay qo‘yishdi. Ota-onam esa: «Komiljon, veliksiz ham doim qayoqlardadir sang‘ib yurasan, velosiped minsang, seni umuman topolmay qolamiz!» deb gapni qisqa qilishgan.

Kommunistik mafkura puchga chiqqan paytlar. Qo‘ni-qo‘shni orasida faqat biznes, tez va osongina boyib ketish yo‘llari haqida gap-so‘zlar yurardi. Biz o‘n uch yashar o‘smirlar ham cho‘ntagimizda doim pul bo‘lishini xohlardik. Ko‘p tengdoshlarim o‘zi ishlab daromad topar, kimdir oilasiga yordam bersa, yana kimdir kichik orzulariga pul yig‘ardi.

«7 yoshimda uchinchi sinfni bitirganman»

Aziza Qurbonova, jurnalist-bloger

— Bolaligim Uchtepa tumanining Cho‘ponota mahallasida kechgan. Men juda ham quvnoq bolalik kechirganman. Ota-onamning 4 farzandi bor, men ikkinchisiman, akam va 2 ukam bor. Oilada yolg‘iz qiz ekanimni, g‘amxo‘rlik va himoyani his qilib yashaganman. Uyda demokratik muhit bo‘lgan. Faqat ayol kishi yoki qiz bola uy ishlarni qilishi kerak, degan tushunchadan yiroq edik. Onam bizning teng ishlashimiz uchun idish-tovoq yuvishni ham kunlarga bo‘lib qo‘ygandilar. Akam va ukalarimning ham idish yuvadigan kunlari bo‘lardi. Shunaqa demokratik ruhda ulg‘ayganim uchun hozir ham ayolning huquqlari, erkini cheklash noto‘g‘ri ekanini bilaman.

Uydagilarim imkoniyatidan qat’i nazar nimaga qiziqsam ham yo‘q deyishmagan. Sinab ko‘rishim uchun sharoit yaratib berishgan.

Yoz kelsa, olchalarni terib, butilkaga solib, shakar sepib – uni “olchali do‘q-do‘q” derdik – shunaqa qilib, taxtachalar bilan uni ezib, taxtani shimib katta bo‘lganimiz esimda. Yana bir voqea yorqin xotira bo‘lib qolgan. Uyimizning oldida Bo‘zsuv kanali oqardi. Kanalning bo‘yiga tushib, 1 litrli bonkaga nonlarni maydalab, suv solib, bonkaning og‘zini arqon bilan o‘rab, Bo‘zsuvga otardik, unga mayda baliqchalar tushardi. O‘sha paytda Toshkentning ekologik muhiti yaxshi bo‘lgan shekilli, baliqlar ko‘p, suv toza edi. Tutgan baliqlarimizni ota-onam kelgunicha qovurib yeb olardik.

Maktab davrlariga kelsak, qiziq bo‘lgani – men 3-sinfni 7 yoshimda tugatganman. Maktabga chiqqanimda o‘qish tezligim kuchli bo‘lgan, 4 yoshimda alifboni tanitishgan. U paytda 1 yilda 2ta sinfni bitirishga ruxsat bor edi. Man 6 yoshimda 1-2-sinfni o‘qib bo‘lganman va keyingi yil 7 yoshimda 3-sinfga chiqqanman. Lekin o‘sha paytda boshqa joyga ko‘chganimiz, yangi joyga moslashuvimni hisobga olib, onam meni 3-sinfda qayta o‘qishimni xohlagan.

Men juda katta orzular qilganman va jurnalist bo‘lishimni aniq bilardim. Bunga hech qanday shubham bo‘lmagan. Boshqa kasb haqida o‘ylamaganman. 5-sinfdan televideniyega kelib, «Binafsha» degan ko‘rsatuvda qatnashib yurardim. Keyinchalik o‘sha meni ilk stendaplarimni olgan operatorlar bilan filmlar, loyihalar qilish nasib qildi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid
Top