Bundan 30 yil oldin, O‘zbekiston milliy valutasini muomalaga chiqargan paytda mamlakatdagi iqtisodiy holat qanday edi? O‘zbek so‘mi “tug‘ilganidan” beri qo‘shni davlatlar valutalaridan tezroq qadrsizlandimi? Kun.uz yubiley sana munosabati bilan shu savollarga mutaxassislardan javob oldi.

Bu yil O‘zbekistonning milliy valutasi – so‘m 30 yoshga to‘ldi. Ilk banknotlar 1994 yilning 1 iyulida, oraliq valuta sifatida muomalada bo‘lgan so‘m-kuponga 1000 ga 1 nisbatda muomalaga kiritilgan edi. Hozir dastlabki banknotlardan hech biri muomalada emas.

So‘m muomalaga kiritilgan kuni 1 AQSh dollarining rasmiy kursi roppa-rosa 7 so‘m bo‘lgan.

Kun.uz yubiley sana munosabati bilan o‘zbek so‘mining 30 yillik bosib o‘tgan yo‘li, milliy valuta muomalaga chiqarilganda mamlakatdagi iqtisodiy ahvol qanday bo‘lgani haqida mutaxassislarga savol berdi. Iqtisodchilar Otabek Bakirov va Shuhrat Rasul o‘zbek so‘mi qo‘shni davlatlar valutalariga nisbatan tez qadrsizlanyaptimi degan savolga ham javob berishdi.

Imkoni boricha uzoqroq vaqt rubl zonasida qolishga harakat qilingan” — Otabek Bakirov

— 1993 yil avgust oyida RF rubl zonasidan bir taraflama chiqib, Rossiya rublini muomalaga kiritgan va sovet rubllarini muomaladan chiqargan. Hech kim bilan maslahatlashilmagan, o‘sha paytda Markaziy Osiyo davlatlari rubl zonasida bo‘lgan va og‘ir vaziyatga tushgan. 80-yillar oxiridan yig‘ilib borayotgan rubl massasi rubl zonasida qolayotgan mustaqil davlatlarga oqib kela boshlagan. O‘sha paytda ayni o‘sha kun, o‘sha oy uchun tezroq qarorlar qabul qilish kerak bo‘lgan. O‘tish valutasini joriy qilish 1992 yildayoq ko‘tarilgan. Chunki so‘m kuponimizga (1992 yil nominalidagi kuponlar) “O‘zbekiston Respublikasi Davlat Banki” deb yozilgan. 1992 yil 2 iyulgacha O‘zbekistonda davlat banki bo‘lgan. Bu degani so‘m kuponlar allaqachon 1992 yil 2 iyulgacha chop etib qo‘yilgan, ya’ni rejalar bo‘lgan.

Nima uchun biz uzoq vaqt rubl zonasida qolganmiz? Buning katta ziyon tomonlari bo‘lgan, katta miqdorda qadrsizlangan pul oqimi kirib kelib, tovarlar olib chiqib ketilgan. U vaqtda O‘zbekistonning oltin zaxirasi bo‘lmagan, xalqaro iqtisodiy munosabatlar yo‘lga qo‘yilmagan, Avvalgidek Rossiya bilan savdo munosabatlarini olib borishga majbur bo‘lganmiz. Yoqilg‘ining 95 foizi, un mahsulotlarining 70-75 foizi Rossiyadan kelgan, yog‘och, temir kabi boshqa mahsulotlar ham. O‘ylashimcha, o‘shanda ikkita yomon vaziyatdan nisbatan yaxshirog‘ini tanlash holatida bo‘lganmiz. Imkoni boricha ko‘proq rubl zonasida qolishga harakat qilingan. Xuddi cho‘kayotgan kemada qolib, cho‘kib bo‘lguncha tirik qolish kabi. Rubl zonasidagi davlatlar iqtisodi cho‘kayotgan bo‘lgan, lekin o‘zaro munosabatlarni inobatga olgan holda, rubl zonasida qolgan davlatlar yutish ehtimoli mavjudligi nuqtayi nazardan qarash ham kerak.