AQSh Moliya vazirligi Moskva birjasini sanksion ro‘yxatga qo‘shgani sabab Rossiya dollar va yevroning rublga nisbatan kursini aniqlashning eng oson yo‘lidan mahrum bo‘ldi. Xo‘sh, bu vaziyat rubl kursiga qanday ta’sir qiladi, O‘zbekiston rezidentlari bunday vaziyatda nima qilishlari kerak? Kun.uz'ning bu haqdagi savollariga iqtisodchi Otabek Bakirov javob berdi.
O‘zi nima gap?
AQSh Moliya vazirligi Rossiya valuta bozorida dollar savdosiga vositachilik qiluvchi bir nechta moliya institutlariga, xususan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.
Natijada birja 13 iyundan boshlab dollar va yevro savdosini to‘xtatdi. Kurs tebranishi haddan tashqari yuqoriligi sabab Rossiyadagi bir qator banklar dollar sotishni vaqtincha to‘xtatdi.
Rubl atrofidagi holat yuzasidan iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uzga bergan intervyusida sharh berdi.
“Bu texnik masala, iqtisodiy omillarga bog‘liq emas”
— 12 iyun kuni AQSh Rossiyadagi bir nechta biznes sub’yektlari, yirik ishlab chiqaruvchilarga, davlat nazoratidagi yuridik shaxslarga sanksiyalar paketini kengaytirdi. Bu 12 iyun kuni tushdan keyin soat 3-4 larda ma’lum bo‘ldi, ish kuni yakunlanishiga yaqin xabar berildi. Moskva birjasi, uning kliring palatasi, depozitariysi sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan. Bu shuni anglatadiki, sanalgan uchta sub’yekt endi dollardagi operatsiyalarni amalga oshira olmaydi. Kechga yaqin valuta birjasi “ertadan biz qimmatli qog‘ozlar, metallar va valuta platformasida savdolarni dollarda amalga oshirmaymiz”, deb bayonot berdi. Ertalab Hongkong dollarida ham savdolar to‘xtatildi, chunki Hongkong dollari ham Moskva birjalarida savdosi mavjud edi. U dollarga qattiq bog‘langan, bunday valutalar dollarning funksiyasini o‘zida aks ettiradi. Bu xavotir uyg‘otdi. Ammo bu iqtisodiy hodisa emas, iqtisodiy motivlarga asoslangan omil emas. Chunki bu yerda import oshib ketayotgani yo‘q, eksport tushib ketayotgani yo‘q. Rubl kursiga ta’sir qiladigan fundamental motivlar yuz berayotgani yo‘q. Texnik holat yuz beryapti. Bu shu paytgacha bozor ishtirokchilari bo‘lgan sub’yektlarga yetarli darajada ta’sir qiladi. Bugundan birjada savdolar amalga oshmagani uchun eksportchilar birjaga tushumini olib chiqib sota olmadi, importchilar dollar sotib ololmadi. Bozorda yetarli darajada sotuvchilar va sotib oluvchilar mavjud bo‘lmagani uchun kurs qanday o‘zi, bugun savdolar qanaqa lotlarda amalga oshiriladi, degan mavhumlik paydo bo‘ldi.














