Ijtimoiy norma: Qancha elektr energiyasi sarflayotganingizni kuzatib borish mumkin
2022 yil 1 iyuldan boshlab tabaqalashtirilgan to‘lov tizimiga o‘tilishi ko‘zda tutilmoqda. Elektr va gaz tariflariga ijtimoiy norma kiritilib, unga ko‘ra, oyiga 250 kVt soatgacha elektr energiyasidan foydalanganda har 1 kVt soat uchun – 325 so‘mdan, undan ortig‘iga esa har 1 kVt soat uchun – 650 so‘mdan pul to‘lanadi.
Shu o‘rinda iste’molchilar tomonidan bir oyda qancha elektr energiyasi iste’mol qilishlari, ijtimoiy normada belgilangan elektr yetish yoki yetmasligi haqida ko‘plab savollar berilmoqda. Kun.uz muxbiri ushbu savollarga javob olish maqsadida "Hududiy elektr tarmoqlari" AJning Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazida bo‘ldi.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJning "Elektr energiyasini avtomatlashtirish markazi" filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek Nishonovning aytishicha, iste’molchilar endi ishlatayotgan har bir kilovatt elektrni qayerga ketayotganini, nimaga sarflanayotganini onlayn kuzatishlari mumkin.
Hududiy elektr tarmoqlarining het.uz sayti orqali iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori, qoldiq va boshqalar to‘g‘risida real vaqt (on-line) rejimida batafsil ma’lumot taqdim etiladi.
“het.uz sayti orqali “Iste’molchilar uchun” bo‘limiga kiriladi va “Shaxsiy kabinet” tanlanadi. “Maishiy iste’molchilar uchun” bo‘limi orqali kirilganda foydalanuvchidan login va parol so‘raladi. O‘z shaxsiy kabinetingizni yaratishda bu bosqich muhim sanaladi. Siz login-parolni olish uchun o‘z hududingizdagi elektr ta’minoti bo‘limiga murojaat qilib, mobil raqamni ro‘yxatdan o‘tkazishingiz kerak. Yoki 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi koll-markazimizga 1154 raqamlari orqali bog‘lanib, ro‘yxatdan o‘tish ham mumkin. Sayt orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham yaratilgan. Iste’molchining mobil raqami bazaga kiritilgandan so‘ng unga 2100 qisqa raqamidan sms-xabarnoma yuboriladi (Aynan 2100 raqamiga “D” harfi yuborilganda shaxsiy kabinetga kirish uchun vaqtinchalik login-parol olish ham mumkin).
Shaxsiy kabinetda iste’molchilar ma’lumoti taqdim etiladi. Bu yerda iste’molchi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar: ism-familiyasi, yashash manzili, shartnoma va joriy tarifi, o‘rnatilgan hisoblagich turi, vaqti, telefon raqami kabilar aks etadi. Agar mobil raqamda o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish imkoniyati mavjud.
Keyingi bosqichda esa iste’molchining hisoblagich ko‘rsatkichi haqida bilib olish mumkin. Hisoblagichning ayni vaqtdagi ko‘rsatkichi vaqti va sanasi bilan aks etadi.
Shuningdek, barcha qilingan to‘lovlar tarixi ham saqlanib turadi. Aynan vaqti va to‘lov turigacha ko‘rsatib beriladi.
Menyuning navbatdagi bosqichida hisobraqam holati ko‘rinadi. Real vaqt rejimida qanday hisob-kitob amalga oshirilayotganligi, qarzdorlik yoki oldindan to‘lov holati haqida batafsil ma’lumot ko‘rsatiladi. Bunda oyma-oy iste’mol qilingan elektr energiyasi va to‘langan mablag‘ haqida bilish mumkin”, - dedi direktor o‘rinbosari.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ maishiy iste’molchilarga xonadonlar uchun elektr energiya xarajati kalkulyatoridan foydalanib, iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun amaldagi va taklif etilayotgan tariflar bo‘yicha qiyosiy hisob-kitobni amalga oshirib ko‘rishlarini taklif qiladi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’molchilar uchun amaldagi tarif bilan taklif etilayotgan yangi narxlar o‘rtasidagi farqni hisoblashdan iborat.
Shuningdek, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan iste’molchilarga qulaylik yaratish maqsadida jamiyat veb-saytidagi “Shaxsiy kabinet” orqali abonentlarning shaxsiy hisobraqamga oid ma’lumotlar – iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdori, qoldiq va boshqalar to‘g‘risida real vaqt (on-line) rejimida batafsil ma’lumotga ega bo‘lishini soddalashtirish maqsadida ham texnik tadbirlar olib borilmoqda.
Shu bilan bir qatorda, yurtimizdagi mavjud to‘lov tizimlari orqali iste’molchilar elektr energiyasining davriy iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rish imkoni yaratilmoqda.
Mavzuga oid
22:42 / 17.09.2024
Toshkentda Bobur ko‘chasining bir qismida avtomobillar harakati cheklanadi
15:21 / 20.08.2024
O‘zbekistonda hududiy elektr tarmoqlari boshqaruvini xususiy sektorga berish boshlanadi
20:26 / 07.08.2024
Elektr energiyasi hisobi uchun yangi billing dasturi ishga tushirildi
18:47 / 31.07.2024