Sport | 00:59 / 08.06.2022
32100
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo kubogi U-23. Qarshida rekord tomoshabin yig‘ilgan bahsda O‘zbekiston Eron bilan durang qayd etdi

Foto: UFA

Osiyo kubogi U23 3-turi doirasida O‘zbekiston olimpiya jamoasi Qarshida Eron bilan o‘ynadi.

Temur Kapadze shogirdlari 2-turda Qatarni yirik hisobda mag‘lub etib, guruhdan chiqish vazifasini muddatdan avval bajarganiga qaramay, vohaning bosh arenasi «Markaziy» stadion o‘yin oldidan muxlislar bilan to‘lib toshdi. Shu kuni arenaga 19 876 nafar tomoshabin yig‘ilib, o‘yingohda so‘nggi dekadadagi rekord kuzatildi.

Uchrashuvda Kapadze Toshkentdagi o‘yindan farqli ravishda deyarli ikkinchi tarkibni maydonga tushirdi. 22-daqiqaga kelib Otabek Jo‘raqo‘ziyevning golidan so‘ng, stadion larzaga keldi – 1:0.

Ikkinchi bo‘limning 62-daqiqasida esa forslar tarkibidan Oriyon Yusufiy hisobni tenglashtirdi – 1:1. 

Uchrashuv yakuniga qadar hisob o‘zgarmadi. Natijada, vakillarimiz A guruhida 7 ochko to‘plab, 1-o‘rin bilan chorakfinalga yo‘llanma olishdi. Bu bosqichda O‘zbekiston 11 iyun kuni Iroqqa qarshi saf tortadi.

Osiyo kubogi U-23. A guruhi. 3-tur
O‘zbekiston U23– Eron U23 – 1:1

Qarshi. «Markaziy» stadioni, 19 876 tomoshanbin.
Gollar: Otabek Jo‘raqo‘ziyev 22 – Oriyon Yusufiy, 62.
Bosh hakam: Ahmad Abubakar (Ummon)
O‘zbekiston: 12.Vladimir Nazarov, 4.Abubakr Rizo Turdialiyev, 6. Jaloliddin Sodiqov, 11.Otabek Jo‘raqo‘ziyev, 13. Eldor Begimov, 14.Abbosbek Fayzullayev, 15.Odilbek Abdumajidov, 16.Shahzod Toirov, 17.Diyor Xolmatov (7.Hojimat Erkinov, 65), 20.Ruslanbek Jiyanov (9.Ulug‘bek Hoshimov, 82), 22.Alisher Odilov (19.Husayn Norchayev, 53).
Eron: 22.Parsa Jafari, 2.Mahdiy Hoshimnajod, 3.Milad Kor, 4.Saman Fallah, 7.Muhammad Xudabandexlo, 10.Yosin Salmoniy, 13.Muhammadmahdi Ahmadiy, 14.Amir Ja’fari, 16.Muhammad Qurboni, 18.Alirizo Xudoyi, 23.Oriyon Yusufiy.

Mavzuga oid