O‘zbekiston | 14:17 / 10.06.2022
9129
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Bir yilda O‘zbekistonda 10 mlrd dollarlik elektr va gaz iste’mol qilinadi»

Prezident raisligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev raisligida iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va ijtimoiy soha obektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

“Nima uchun ushbu yig‘ilishni o‘zim o‘tkazyapman? “Inson qadrini ulug‘lash” yilida har bir fuqaromizning xonadonida yaxshi yashashiga sharoit yaratishimiz zarur.

Bir narsani aniq tushunish kerak. Bir yilda O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste’mol qilinadi. Agar buning 10 foizini iqtisod qilishni o‘rgansak, bu 1 milliard dollarni boshqa ehtiyojlar uchun sarflashimiz mumkin.

Hokim va vazirdan tortib, mahalla raisigacha barcha darajadagi rahbarlar bu masalaning qanchalik muhimligini tushunyaptimi, bu borada o‘zining mas’uliyatini his qilyaptimi, degan savollar meni juda qiynaydi.

Qaysi vazir yoki uning o‘rinbosari hisob-kitob qilib, energiya sarfini qisqartirish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatdi? Ular o‘zi nima uchun oylik olyapti?” - dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida aholining elektr ta’minotidagi uzilishlar ancha qisqargani qayd etildi. Lekin, kuz-qish mavsumida aholining gazga bo‘lgan ehtiyoji keskin oshishi sababli barcha yuklama elektr tarmoqlariga tushmoqda.

Bildirilishicha, hozirgi kunda aholining kamida 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talabi mavjud. Kelgusi besh yilda esa bu ehtiyoj yana 10 milliard kilovatt soatga oshadi.

Bunday vaziyatda eng samarali yo‘l – muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirish. Bu borada 2019 yilda alohida jamg‘arma tashkil qilinib, aholiga budjetdan subsidiya berish tizimi joriy etildi.

Lekin birorta viloyat, tuman va shahar hokimida yoki vazirda o‘z tizimidagi tashkilotlarda energiya iste’moli, uni tejash, muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi, ular joriy qilingan subsidiya va kompensatsiyadan o‘z tarmog‘i yoki hududida foydalanish bo‘yicha jon kuydirmagani tanqid qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid