Sport | 08:43 / 13.06.2022
21798
10 daqiqa o‘qiladi

«Bunyodkor» Xorvatiya bilan hamkorlikda o‘zbek futboliga yangiliklar tatbiq qilmoqchi

Yurtimiz futbolidagi eng yosh klublardan sanalmish hamda millionlar o‘yini olamiga chaqmoqdek kirib kelgan «Bunyodkor», ko‘pincha, o‘zbek futboli «bahori»ga tenglashtiriladi.

Foto: Bunyodkor FK

Yosh iqtidorlar makoni degan ta’rif olgan «qaldirg‘ochlar» jamoasi, darhaqiqat, o‘zbek futbolining yorqin kelajagi, desak, bu aslo mubolag‘a emas.

Futbol jamoatchiligi ko‘z o‘ngida «Bunyodkor» hamisha yangiliklarga intiluvchi, O‘zbekiston futbolida yangidan yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etuvchi klub sifatida gavdalanadi.

Iyun oyining birinchi dekadasi «Bunyodkor» futbol klubi tarixiga zarhal harflar bilan yozib qo‘yiladigan bo‘ldi: «Bunyodkor» FKning 70 kishiga yaqin katta delegatsiyasi Xorvatiyaga safar uyushtirdi. Xorvatiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchisi Refik Shabanovich ko‘magida olib borilgan uzoq muzokaralar natijasi o‘laroq, «Bunyodkor» FK akademiyasining uch jamoasi (U-11, U-13 va U-14) yozning birinchi haftasida bolalar o‘rtasidagi yirik xalqaro musobaqa – «Dalmatinko kubogi»da to‘p tepishdi. Va oldinga o‘tib, shuni alohida ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston klublari orasida o‘z tashrifi bilan Xorvatiyani ilk marotaba «kashf etgan» bo‘lishlariga qaramasdan, turnirda uchala yosh toifasidagi tarbiyalanuvchilarimiz munosib ishtirok etishdi.

Bolqon yarimorolidagi bu go‘zal mamlakatda ancha yillardan beri tashkil etib kelinayotgan an’anaviy «Dalmatinko Cup» musobaqasida qatnashish taklifi «Bunyodkor» jamoalariga kelib tushgan kundanoq «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi, «Bunyodkor» futbol klubi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Mehriddin Abdullayev ushbu tashabbusni yaqindan qo‘llab-quvvatladi: «Turnirda to‘p surishlari uchun biz «Bunyodkor»ning yosh jamoalariga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Zero, yosh iqtidorli futbolchilarimizning mazkur bahslarda ishtirok etishlari yurtimizda bolalar-o‘smirlar futboli tizimini yanada taraqqiy ettirishga xizmat qiladi. Kelajagimiz sifatida qaralayotgan yoshlarimiz bugungi kunda obro‘si eng baland hisoblangan Yevropa futboli dunyosining ich-ichigacha kirib kelishadi. Bolalarimizga bunday qiziqarli va foydali o‘yin amaliyotini qancha ko‘p ta’minlay olsak, bu tajriba O‘zbekistonda bolalar-o‘smirlar futbolini rivojlantirish strategiyasidagi muhim bo‘g‘inga aylanadi.

Shundagina milliy jamoalarimiz uchun yanada ko‘p va kuchli nomzodlar yetishib chiqadi. Xorvatiya safari yosh futbolchilarimiz murabbiylari uchun ham yevropalik hamkasblaridan bebaho tajriba o‘zlashtirishlariga keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Va, albatta, buning natijasida, biz davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyevning 2019 yil 4 dekabr kuni e’lon qilingan «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5887-son Farmonida ta’kidlangan yurtimiz bolalar-o‘smirlar futboli tizimini Xorvatiya bilan hamkorlikda rivojlantirishga oid vazifalar ijrosini ta’minlagan bo‘lamiz».

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Farmonida esa quyidagi muhim jumlalar ta’kidlangan: «Futboli rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinganda, aksariyat hollarda, yoshlarni professional futbolchi sifatida tayyorlash orqali futbol klublarining biznes tuzilma sifatida shakllanganini ko‘rishimiz mumkin.

Misol uchun, futbol rivojlanish istiqbollari jihatidan O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan Xorvatiya so‘nggi o‘n yillikda futbol sohasida shiddatli o‘zgarishlarni amalga oshirib, Angliya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya kabi futboli yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlar bilan raqobatlashish darajasiga chiqdi.

Xorvatiya futbol akademiyalarida tarbiyalangan mahoratli sportchilar aynan yuqorida nomlari keltirilgan futboli rivojlangan mamlakatlarning futbol klublari safini to‘ldirdi. Bu esa Xorvatiya tomonidan futbol akademiyalarini tubdan rivojlantirish orqali mahoratli futbolchilarni tarbiyalab, mamlakat daromadlarini oshirishga hamda futbolchilar va ularning oila a’zolari manfaatdorligi oshishiga xizmat qiladi».

Shunga monand ravishda, «Dalmatinko kubogi-2022»da «Bunyodkor» tarbiyalanuvchilari Xorvatiyaning mahalliy futbol akademiyalarida tahsil olayotgan tengqurlari bilan kuch sinashishdi. O‘zlarining futbolchi sifatida o‘sib va shakllanib borish sur’atlarini yosh xorvatlar bilan solishtirish imkoniyatiga, ulardan zamonaviy bolalar-o‘smirlar futbolidagi so‘nggi usul va uslublarni o‘zlariga og‘dirish uchun qulay shart-sharoitga ega bo‘ldilar.

Turnir jami 10ta yosh toifasida o‘tkazildi. Har yili muntazam tarzda tashkil qilinadigan musobaqaning bu galgisida 13 mamlakatdan 200ga yaqin jamoa, 3500 nafardan ortiq yosh futbolchilar to‘p tepishdi. Qatnashchilar geografiyasi juda keng: Xorvatiya, O‘zbekiston, Sloveniya, Makedoniya, Ukraina, Qozog‘iston, Kosovo, Vengriya, Albaniya, Chexiya, Bosniya va Gersegovina va h.k.

«Bunyodkor-2008» (U-14) va «Bunyodkor-2009» (U-13) jamoalari chorakfinal bellashuvlarida alamli tarzdagi mag‘lubiyatlarga uchrashdi.

Miraziz Mirzaahmedov murabbiyligidagi «Bunyodkor-2008» guruhda uch g‘alaba va bir durangga erishdi. Jumladan, Xorvatiyada eng kuchli akademiyalardan bo‘lgan

«Hayduk» (Split) jamoasini 1:0 hisobida yengdi. Ammo navbatdagi raund - 1/4 finalda asosiy vaqtda «Primorats» klubiga qarshi ikki bor hisobda oldinda borishiga qaramay, yakunda durang o‘ynadi – 2:2. Keyinchalik esa raqibga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi (2:4).

Alisher Ibrohimov boshchiligidagi «Bunyodkor-2009» guruh bosqichidan so‘ng 1/8 finalni ham oshib o‘tdi. Chorak finalda jamoamizga mamlakatning eng kuchli, dunyoda oltinchi, Yevropada esa uchinchi o‘rinda turuvchi akademiyasi – «Dinamo» (Zagreb) vakillari ro‘baro‘ kelishdi. Nomdor raqib bilan futbolchilarimiz tengma-teng kurash olib borishdi. Uchrashuvda hisob ochilmadi. Va, afsuski, bu gal ham penaltilar seriyasida mezbonlar ustun kelishdi – 7:8.

Eng kichik jamoamiz – G‘ulom Halimtoyev shogirdlari bo‘lgan «Bunyodkor-2011»ga esa omad ko‘proq kulib boqdi. Ular finalgacha yetib borishdi. Ammo yakunda Sloveniyaning «Domjale» jamoasidan yengilishdi. Lekin birinchi ishtirok uchun 2-o‘rinni ancha yaxshi natija sifatida qabul qilish lozim. Shu tariqa ular ikkinchi o‘rin sohibiga beriladigan kubok egasiga aylanishdi.

Birinchi safar uchun, bizningcha, uchala jamoaning ham natijalarini yaxshi baholash mumkin. Ayniqsa, Xorvatiyaning taniqli akademiyalari tarbiyalanuvchilari bilan tengma-teng o‘ynab, U-13 va U-14 jamoalarimiz ham bu yosh toifalarida qolishmasligimizni isbotlashdi.

Yevropaga tashrifning bolajonlar uchun eng esda qolarli yana bir voqeasi 6 iyun kuni yuz berdi. UYeFA Millatlar Ligasi turniri doirasida shu kuni Split shahridagi «Polyud» stadionida so‘nggi jahon chempionatining finalchilari – Xorvatiya va Fransiya milliy jamoalari o‘zaro bahslashishdi. Zlatko Dalich hamda Dide Desham kabi jahon metrlari shogirdlari – Domagoy Vida, Luka Modrich, Benjamen Pavar, Adriyen Rabo, Antuan Grizmann va boshqa ko‘plab yulduzlarning o‘yinlarini bolajonlarimiz bevosita stadiondan turib kuzatishdi. Bu ularga katta zavq, olam-olam taassurotlar, unutilmas lahzalar tuhfa etgani shubhasiz.

Musobaqaga «Bunyodkor» delegatsiyasi tarkibida borib kelgan yosh futbolchilarimizning otalari – Azizbek Qudratov va Sanjar Salimjonov o‘zlarining safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi: «Va nihoyat, bolalarimiz Yevropa futboli havosidan ham bahra olishdi. Xorvatiya safari «Bunyodkor» klubi tomonidan a’lo darajada tashkillashtirildi. Bunday yurtlarga borish bolalarimiz uchun orzu edi. Turnir juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Bevosita o‘yinlarda ishtirok etishdan tashqari, o‘g‘illarimiz u yerda sport mahoratlarini oshirishdi, ko‘plab yangi do‘stlar orttirishdi, vaqtlarini mazmunli va maroqli o‘tkazishdi, Split shahri bo‘ylab ekskursiyada bo‘lishdi. Adriatika dengizi sohillarida maza qilib hordiq chiqarishdi, dengizda suzishdi. Yosh futbolchilarga bunday sharoitlar yaratib berganlari uchun biz barcha ota-onalar nomidan «Bunyodkor» klubi prezidenti Mehriddin Razzoqovich Abdullayevga o‘zimizning chuqur minnatdorchiligimizni izhor qilamiz».

«Bunyodkor» klubi rahbariyati turnir tashkilotchilari bilan «Dalmatinko kubogi»da akademiyamiz jamoalari bundan buyon muntazam tarzda, ya’ni har yili qatnashishlari borasida kelishib oldi. Shuningdek, Xorvatiya jamoalarini O‘zbekistonga taklif etish masalasida ham o‘zaro ijobiy qarorga kelindi.

Bundan tashqari, safar mobaynida «Bunyodkor» FKning bir guruh mutaxassislari Zagreb shahriga ham tashrif buyurishib, mashhur

«Dinamo» klubida tanishuv amaliyotida bo‘ldilar. Klubning infratuzilmasi, ish faoliyati, ish yuritish modeli va strategiyasi, o‘ziga xos xususiyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Va eng asosiysi, «Dinamo» FK rahbariyati bilan ularning yoshlar jamoalariga har yili «Bunyodkor»dan eng iqtidorli 4-5 nafar futbolchilarni stajirovkaga va ko‘rikka yuborish borasida bitimga erishildi.

«Bunyodkor» FK matbuot xizmati

Mavzuga oid