O‘zbekiston | 22:06 / 13.06.2022
19910
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yerusti metroning 2-bosqichi qachon ishga tushishi ma’lum qilindi

Prezidentga qilingan taqdimotda ma’lum qilinishicha, Toshkent yerusti metrosining 2-bosqichi doirasida 5ta bekat shu yil oxirida, qolgan 2tasi keyingi yil Navro‘z bayramiga ishga tushiriladi. Zamonaviy elektropoyezdlar olib kelinib, Toshkentdan Hojikent, Bekobod va Angrenga tezyurar qatnov yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Chapda – transport vaziri Ilhom Mahkamov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishi bilan tanishish chog‘ida jamoat transporti tarmog‘ini kengaytirish va metropoliten infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Bugun, 13 iyun kuni prezidentga ushbu ishlarni tashkil etishga qaratilgan loyihalar taqdim qilindi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qurilayotgan yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini davom ettirib, Sergeli yo‘nalishi bilan bog‘lash, zamonaviy qurilish uslublarini tatbiq etish, metro poyezdlarini yangilash, yo‘lovchi oqimini yanada oshirish reja qilingan.

Ma’lumki, yerusti metrosining ikkinchi bosqichi doirasida beshta bekat shu yil yakunida va qolgan ikkitasi kelgusi yil Navro‘zda ishga tushirish mo‘ljallangan. Bu orqali 62 ta mahalladagi 250 mingga yaqin aholi metropoliten bilan qamrab olinadi.

Shavkat Mirziyoyev barcha yo‘llarda insonlarga qulaylik va xavfsizlik birinchi o‘rinda bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Metropoliten uchun 14 ta yangi poyezd olib kelish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llagan holda metropolitenni kompleks rivojlantirish hamda Transport universiteti bilan birgalikda professional kadrlar tayyorlash uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish muhimligi aytildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkentda jamoat transporti yetib bormagan 26 ta mahallaga avtobus yo‘nalishlari ochilib, metro bilan bog‘lanadi. Buning uchun qo‘shimcha elektrobuslar xarid qilinadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Toshkent viloyatidan poytaxtga kuniga 1 milliondan ziyod yo‘lovchi kirib keladi. Ularni metro bekatlariga yo‘naltirib, ham aholiga, ham transportlarga yengillik yaratish zarurligi qayd etildi.

Zamonaviy elektropoyezdlar keltirib, “Toshkent – Hojikent”, “Toshkent – Bekobod” va “Toshkent – Angren” yo‘nalishida tezyurar qatnov yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.

Yangi metropoliten yo‘nalishi bo‘yida joylashgan mahallalarni obodonlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Loyihalarni takomillashtirib, qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid