O‘zbekiston | 07:51 / 21.06.2022
2602
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryo aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qashqadaryo viloyati aholisi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va hududni kompleks rivojlantirish yo‘lida viloyatning Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Qarshi tumanlari va Qarshi shahrini markazlashgan ichimlik suv ta’minoti bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsad qilingan.

“O‘zsuvta’minot” AJ Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda Qashqadaryo viloyati aholisi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida “Yakkabog‘-Qarshi magistral ichimlik suv quvurini qurish va mavjud suv taqsimlash inshootlarini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan va loyiha prezident huzurida joriy yil 21-22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif davomida taqdimot qilingan.

Loyiha 2022-2024 yillar davomida amalga oshiriladi. Viloyatning Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Qarshi tumanlari va Qarshi shahri markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Loyihani amalga oshirishda quyidagilar:

  • zamonaviy texnologiyalarni jalb qilgan holda qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borish;
  • elektr energiyasi iste’moli va ichimlik suvi yo‘qotishlarini kamaytirish, suv ta’minoti korxonalarida zamonaviy uskunalar, o‘lchash jihozlari va ta’mirlashga yo‘naltirilgan resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali suv ta’minoti inshootlarini ekspluatatsiya qilishni takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlar qilib belgilanadi.

Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda texnik-iqtisodiy asoslanishni ishlab chiqish uchun respublika budjeti qo‘shimcha manbalari hisobidan 8 mlrd so‘m ajratilishini ta’minlaydi.

Texnik-iqtisodiy asoslanishni ishlab chiqish maqsadida
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zsuvta’minot” AJ, Qashqadaryo viloyati hokimligining:

a) quyidagilarni:

“O‘zsuvta’minot” AJning “Suv ta’minoti va oqova suv obektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” UKni – buyurtmachi etib belgilash;

bosh loyiha tashkilotni tanlov (tender) savdolari orqali aniqlash;

b) buyurtmachi va bosh loyiha tashkilotlariga asoslangan hisob-kitoblarga ko‘ra texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqish uchun 30 foiz bo‘nak ajratishga rozilik beriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar loyihani amalga oshirish uchun 100 mln dollar miqdorida xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘radi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid