19:53 / 23.06.2022
21293

Energosubsidiyani kimga berish kerak? Ijtimoiy multfilm

Energetikamizning mavjud holati – sobiq ittifoqdan meros. Eskirgan bu tizimni voqelikka mos ko‘rinishga keltirish kerak bo‘lyapti. Bu uchun esa ma’lum islohotlarni o‘tkazish zarur. Ilmiy asoslangan va to‘g‘ri amalga oshirilgan bunday islohot energetikamizni tejamli, rivojlangan mamlakatlardagi kabi holatga keltirishi zarur.

Hozircha esa u quyidagi ko‘rinishda:

Ishlatgan elektr energiyamiz uchun to‘laydigan pulimizning bir qismini o‘rnimizdan davlat to‘lab beradi. Bu aholiga yordam sifatida qilinadi – elektr energiyasi aholi uchun arzonlashadi. Buni “energetik subsidiya” deyishadi va bu uchun davlat budjetining sezilarli qismi sarflanadi.

Hammasi yaxshiku-ya, biroq bu yordamdan hamma – kambag‘al-u boylar birdek foydalanadi. Vaholanki, energiyani odatda boylar ko‘proq ishlatishadi, kambag‘allar esa odatda energiyani iqtisod qilishadi. Natijada budjet pullari yordamga muhtoj bo‘lmaganlarga “yordam” sifatida ketib qoladi.

Bu narsa davlat budjeti egniga og‘ir yuk bo‘lib tushadi va mamlakat rivojlanishiga to‘siq bo‘ladi. Natijada davlat keraklicha foydali ishlarni qilolmaydi – yuk bosib turaveradi chunki.

Shu uchun ham ilg‘or davlatlarning barchasida boshqacha tizim yo‘lga qo‘yilgan. Bu tizimda faqat yordamga muhtojlarga energiya uchun to‘lov qilishda yordam beriladi, barchagamas. Natijada mamlakatning yuki yengillashadi, foydali ishlarni ko‘proq qiladi.

Bu qanday amalga oshiriladi?

Elektr energiyasini uni ishlab chiqargan korxonadan iste’molchiga yetkazish vazifasi xususiy korxonalarga topshiriladi. (Zero davlatga tegishli bo‘lgan korxonalar samarali ishlamaydi: uskunalarni iloji boricha yangilamaydi, samarali uslublarni qo‘llamaydi va hokazo).

Bu uchun ochiq tanlov e’lon qilinadi va uni yutib chiqqan eng munosib firmalar bu vazifani o‘z egniga oladi. Ular o‘rtasida raqobat paydo bo‘ladi va bu, tabiiyki, narxni “ushlab turadi”. Davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga “vaucher” degan hujjat beradi, bu ularga ma’lum miqdordagi energiyani past narxda yetkazuvchidan sotib olish imkonini beradi.

Bu islohot, hali aytganimizdek, butun jamiyat va davlat kuchini to‘g‘ri taqsimlash, mablag‘larni to‘g‘ri sarflash, vositalarni to‘g‘ri ishlatish imkonini beradi.

Top