Metan-ballonli yengil mashinalarni jarima maydoniga joylashtirish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmagan - IIV
Internetda siqilgan tabiiy gaz (metan) quyilgan ballon bilan jihozlangan mashinalar jarima maydoniga qo‘yilayotgani haqida video tarqaldi. IIV bu asossiz ekanini ma’lum qildi. ISUZU rusumli yuk avtomobillariga Italiya kompaniyasi o‘rnatgan gaz-ballonlar portlashi bir necha marta qayd etilgan – boshlangan tekshiruvlar shu bilan bog‘liq.
25 iyun kuni Telegram kanallarda siqilgan tabiiy gaz (metan) quyilgan ballon bilan jihozlangan mashinalar jarima maydoniga qo‘yilayotgani haqida video tarqaldi.
“O‘rtoqlar, kecha chiqqan qarorga ko‘ra, mashinalarga o‘rnatilgan, raqami “F1”dan boshlangan gaz ballonlarini talabga javob bermaydi deb topishibdi. Eng ko‘pi bizning Zangiota rayonidan chiqibdi. Ertadan boshlab shunaqa gaz ballonli mashinalarning hammasini “shtrafnoy”ga tiqisharkan. Ehtiyotlaringni qilib, gaz ballonlaringga qarab qo‘yinglar”, deyiladi videoda.
Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida IIV JXD YHXX Texnika nazorati bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Abduraimov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, ISUZU MPR82L rusumidagi transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
“So‘nggi ikki kunda bir xil markadagi, ya’ni Samarqand viloyatida ishlab chiqarilgan ISUZU MPR82L rusumidagi transport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlari portlab ketayotgani kuzatilyapti. Ushbu avtomobillarga Italiyaning FABER firmasida ishlab chiqarilgan gaz ballonlar qo‘yilgani aniqlandi. O‘rganishlar davomida ushbu gaz ballonlarning taxminan 50–60 foizi sifatsiz chiqayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shu sababli IIV JXD Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan bizga xuddi shunday gaz ballonlari bilan jihozlangan ISUZU MPR82L rusumidagi transport vositalarini tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Tekshiruv davomida mashinalardagi gaz ballonlari yechib olinib, unga 300 atmosfera bosimida suv yuboriladi. Agar u yaroqsiz bo‘lsa, tekshiruv davomida portlab ketadi.
Sifatsiz gaz ballon bilan harakatlanish xavfli. U jamoat joyida portlaydigan bo‘lsa, nafaqat haydovchining o‘zi va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga, balki fuqarolarning hayotiga ham katta xavf tug‘diradi. Shu sababli rahbariyat gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarini ko‘zdan kechirish, FABER firmasida ishlab chiqarilgan gaz ballonlar aniqlangan taqdirda ularni tekshiruvdan o‘tkazish haqida topshiriq bergan.
Agar tekshiruv davomida gaz ballon yaroqli deb topiladigan bo‘lsa, ulardan foydalanishda davom etishga ruxsat beriladi”, deydi Ibrohim Abduraimov.
Mutasaddining so‘zlariga ko‘ra, sinov jarayonida gaz balloni portlab ketgan taqdirda haydovchilar mashinasiga sinov o‘tkazilgan joyning o‘zida yangi, sifatli gaz ballonini o‘rnatib olishlari mumkin, ungacha avtomobillar shu yerda qoladi.
Ibrohim Abduraimov gaz balloni bilan jihozlangan yengil mashinalarni jarima maydoniga joylashtirish bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmaganini ta’kidladi.
“Internetda tarqalgan gap-so‘zlar asossiz. Yengil mashinalar bo‘yicha hech qanday topshiriq bo‘lgani yo‘q. Faqatgina ISUZU MPR82L rusumidagi chiqindi tashuvchi, yuk tashuvchi mashinalar to‘xtatilib, ularning jihozlari ko‘zdan kechirilmoqda. Italiyaning FABER firmasida ishlab chiqarilgan gaz ballonlar bilan jihozlangan mashinalar aniqlansa, ular sinovdan o‘tkazish uchun yuborilmoqda”, deydi u.
Basharti ayrim yengil avtomobillarga ham shunday tipdagi gaz ballonlari o‘rnatilgan bo‘lsa, mas’ullar shaxsiy xavfsizlik uchun ham ularni sinovdan o‘tkazish tavsiya qilinishini aytishmoqda.
Kun.uz'ning IIVdagi manbasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 11 noyabrdagi 326-sonli qarori bilan siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan gaz ballonlardan foydalanishga ruxsat berilgani, biroq amaliyotda bunday jihozlarni o‘zboshimchalik bilan o‘rnatib olgan, eski, yaroqsiz gaz ballonlarda yurgan avtomobillar ko‘plab uchrayotgani, yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra hujjatlari bo‘lmagan yoxud rekvizit raqamlari mos kelmagan gaz qurilmalaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
U ayni sabab bilan YHX xodimlari istalgan transport vositasini to‘xtatib, unga o‘rnatilgan jihozlarni ko‘zdan kechirishga va hujjatlarini talab qilishga haqli ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, internetda ISUZU rusumidagi yuk mashinalari turgan joyida va harakatlanib ketayotgan vaqtda portlab ketgani aks etgan videolar tarqaldi. SamAuto korxonasi avtozavod tegishli davlat idoralari bilan birgalikda hodisa sabablarini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Kun.uz'ning IIVdagi manbasi so‘zlariga ko‘ra, portlab ketayotgan ISUZU'larga o‘rnatilgan gaz ballonlari o‘rnatilgan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan yoki mavjud tartib aylanib o‘tilgan.
Avvalroq Jizzaxdagi metan zapravkada “Jiguli”, Yangiyo‘l tumani hududida harakatlanib ketayotgan “Nexia-2” mashinasiga o‘rnatilgan gaz balloni portlab ketgan, hodisa oqibatida ikki kishi hayotdan ko‘z yumgandi.
Mavzuga oid
17:03 / 15.12.2024
Buxoroda haydovchi mast holda avtobus boshqarib, odam tashiyotganda ushlandi
21:25 / 09.12.2024
O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklovlar kiritiladi
13:39 / 08.12.2024
Avtohalokat tufayli kelib chiqqan mojaro bir inson umriga zomin bo‘ldi
10:06 / 24.11.2024