Rossiya Ilon orolini tashlab ketdi. Ukrain armiyasi orolni muntazam ravishda o‘qqa tutayotgandi
Rossiya mudofaa vazirligi Qora dengiz hududida, Odessaga yaqin joylashgan Ilon orolidan qo‘shinlarini olib chiqqanini ma’lum qildi. Ukraina qurolli kuchlari bir necha bor bu orolga raketa zarbalari yo‘llab, u yerga joylashtirilgan turli qurol va texnikalarni yo‘q qilgani haqida bayonot bergan.
RF armiyasi o‘z bayonotida qo‘shinlarni olib chiqish qarori «yaxshi niyat qadami sifatida» qabul qilinganini da’vo qilmoqda. Rossiyalik harbiylar bu kabi formulirovkani mart oyi oxirida Ukraina shimolidagi hududlardan (Kiyev, Chernihiv va Sumi oblastlari) chekinganida ham qo‘llagandi. G‘arblik ekspertlar fikricha, bu hududlarda Rossiya harbiy mag‘lubiyatga uchragan va chekinishga majbur bo‘lgan.
«Bu orqali Rossiya Federatsiyasi jahon hamjamiyatiga BMTning Ukraina hududidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish uchun gumanitar yo‘lak tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilmasligini namoyish etadi.
Bu qaror Kiyevga Qora dengizning shimoliy-g‘arbiy qismi Rossiyaning to‘liq nazoratida ekani tufayli bug‘doyni olib chiqish imkonsizligini aytib, yaqinlashib kelayotgan oziq-ovqat inqirozi mavzusida spekulyatsiya qilishiga imkon bermaydi», deyiladi RF mudofaa vazirligining Ilon orolidan qo‘shinlar olib ketilgani to‘g‘risidagi bayonotida.
G‘arb davlatlari va Ukraina Rossiya ukrain portlarini blokada qilishda davom etmoqda va bu orqali ukrain oziq-ovqat mahsulotlari jahon bozoriga olib chiqilishiga to‘sqinlik qilmoqda deb hisoblaydi.
RF mudofaa vazirligi bayonotidan oldinroq Ukrainaning «Janub» operativ qo‘mondonligi RF armiyasi qismlari joylashtirilgan Ilon oroli bo‘ylab raketa va artilleriya zarbalari orqali navbatdagi muvaffaqiyatli amaliyot amalga oshirilgani to‘g‘risida xabar tarqatgandi. Qo‘mondonlik xabarida bu hujumlar natijasida rossiyalik harbiylar «garnizonning qolgan qismini ikkita tezyurar kater orqali shoshilinch ravishda evakuatsiya qilgani va katta ehtimol bilan orolni tark etgani» ma’lum qilingandi.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham «Ilon orolida rossiyaliklar qolmagani» haqida yozgan. «Janub» operativ qo‘mondonligi aniqlik kiritishicha, ayni damda orolda yong‘in va portlashlar ro‘y bermoqda.
Yermak rossiyaliklarning «yaxshi niyat» haqidagi bayonotiga ham munosabat bildirgan. «Bularning barchasi butkul feyk. Birinchidan, Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarni Ilon orolidan haydab chiqardi. Ikkinchidan, rossiyaliklar g‘alla saqlanayotgan omborlarimizni o‘qqa tutishmoqda. Rossiya oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirishda va aldashda davom etmoqda. Ular hamon bizning portlarimizni bloklab turishibdi va donlarimizni yo‘q qilishmoqda. Ularga global Golodomor kerak», degan Yermak.
Urush boshidan buyon Ilon oroli uchun bir necha bor janglar boshlangan, ammo Ukraina qurolli kuchlari uchun uni ozod qilish ustuvor vazifa bo‘lmagan. May oyida Rossiya mudofaa vazirligi ukrain harbiylarining orolni qaytarib olish uchun muvaffaqiyatsiz urinishi haqida xabar berganida Ukraina mudofaa vazirligi bunday urinish amalga oshirilmaganini ma’lum qilgan, Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Aleksey Arestovich esa Ukraina oroldagi Rossiya nishonlariga zarba berish ancha osonlashganini aytib o‘tgandi.
20 iyun kuni ham ukrainlar Ilon oroli bo‘ylab muvaffaqiyatli zarbalar yo‘lladi. Ushbu hujumdan keyin Ukraina qurolli kuchlari oroldagi Rossiya garnizoni jiddiy yo‘qotishlarga uchragani haqida ma’lumot berdi. Bu zarbalar ortidan, xuddi o‘sha kunning o‘zida Rossiya Odessa oblasti bo‘ylab 14 raketa zarbasi yo‘lladi. Ukrain harbiylari o‘shanda bu orolga qilingan hujumga javob reaksiyasi bo‘lganini aytishgandi.
Rusi instituti eksperti Jastin Bronkning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kuchlari orolni katta ehtimol bilan ukrainlarda uzoq masofaga otuvchi artilleriya qurollari paydo bo‘lgani tufayli tark etishdi. Ukraina qurolli kuchlari uchun orol ikkinchi Chernobayevkaga aylandi (Xerson oblastidagi Chernobayevka haqida ham mem tarqalgan - Rossiya qo‘mondonligi bu hududdagi aerodromga yangidan yangi kuchlarni yuboraveradi, ukrainlar esa ularni har safar yakson qilaveradi).
«Rossiya uchun bu orolni ushlab turish doim qiyin bo‘lgan. Ukraina so‘nggi vaqtlarda bir necha bor texnik innovatsion va ta’sirchan hujumlarni amalga oshirdi - raketa tizimlari orqali ham, aviatsiya yordamida ham. Orolda joylashtirilgan Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari va boshqa tizimlar muntazam ravishda vayron qilingan. Rossiyaliklar doimiy ravishda orolga yangi tizimlarni olib kelishgan, ularga esa orolga yetib kelmasidan zarbalar berilgan. Men o‘ylaymanki, bu Rossiyaning Ukrainada endi yetarli darajada uzoqqa o‘t ochuvchi artilleriya qurollari paydo bo‘lganini tan olishi natijasidir», degan ekspert.
Tahlil: Ilon orolining strategik ahamiyati nimada?
Pavel Aksenov, BBC korrespondenti
Ilon (Zmeiniy) oroli - Qora dengizdagi kichik quruqlik (maydoni 20,5 gektar), eng yaqin Ukraina sohili 35 kilometr masofadan o‘tgan. U Odessa va Mikolayivdan ancha uzoqda (mos ravishda 140 va 230 km) joylashgan bo‘lsa-da, havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirish platformasi sifatida uning Rossiya uchun harbiy ahamiyati yuqori edi.
Ilon oroliga o‘rta masofaga harakatlanuvchi zenit-raketa majmualari joylashtirilsa, bu orqali Odessa yaqinida Rossiya harbiy-dengiz kuchlari desant amaliyoti amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash mumkin edi - ukrainlar shunday bo‘lishidan qattiq xavotirda edi.
Ilon orolining kamchiligi shundaki, u chindan ham juda kichik orol bo‘lib, unda tabiiy boshpanalar deyarli yo‘q va sohil yaqinligi bu yerni o‘ziyurar gaubitsalar va baravar o‘t ochish tizimlari orqali osonlik bilan o‘qqa tutishga imkon beradi - havo hujumidan mudofaa tizimlari bunday vositalarga qarshi samarali emas. Bu yerga beriladigan zarbalardan yashirinishning imkoni yo‘q, maydon kichikligi esa texnika va garnizonni tig‘iz joylashtirishga majbur qiladi. Shu bilan birga, orol Qora dengiz flotining dengiz va havo bazalaridan ancha yiroqda joylashgan.
Garnizonni dengiz aviatsiyasi va flot bilan qo‘llab-quvvatlash samolyot va kemalarning o‘zini xavf ostida qoldiradi, chunki dengiz yoki havodagi har qanday faollik G‘arb tomonidan zarur vositalar bilan ta’minlangan Ukraina tomonidan kuzatiladi, Ukraina qurolli kuchlari havodagi nishonlarga va kemalarga qarshi majmualar bilan qurollangan.
Ilon orolini ushlab turish uchun dengizda va havoda katta amaliyot boshlash talab etilardi. Shunga qaramay, Rossiya orolni egallab turish harakatidan qaytmadi va bu faqat yangi yo‘qotishlarga olib keldi. Natijada uni tashlab ketish mantiqiy qaror bo‘ldi.
Ukraina ham orolni o‘z nazoratiga olishga urinishini aytish qiyin - uning relefi va hajmi Ukraina qurolli kuchlari uchun ham Rossiya armiyasiga bo‘lgani kabi muammo tug‘diradi.
Urushga qadar orolda chegarachilar xizmat qilgan va Odessa milliy universiteti olimlari ishlagan, bu yerda prichalga, shuningdek pochta, bank va retranslyator (retranslatsiya uchun oraliq punkt vazifasini o‘taydigan inshoot)ga ega kichik posyolka qurilgan, turistik va dayving markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgandi.
Rossiya harbiylari uchun bu orol qanday manfaatni anglatishi mumkinligi haqida savol tug‘iladi. Ammo ular bu orolchani urushning ilk kunlaridayoq egallashgandi.
Britaniya mudofaa vazirligi vakillarining hisoblashicha, agar Rossiya orolda mustahkam o‘rnashib, u yerga havo hujumidan mudofaa, sohil mudofaasi, qanotli raketalar tizimlarini joylashtira olganida, u Qora dengizning shimoli-g‘arbida ustunlikni qo‘lga kiritgan bo‘lardi.
«Moskva» kreyseri yo‘qotilgani va ukrainlar kemalarga qarshi raketalarga ega bo‘lganiga qaramay, Rossiya harbiylari ukrain sohillariga desant tushirish amaliyotidan voz kechilishi haqida ma’lum qilishmadi. Ilon oroli o‘t ochish vositalari hamda radiolokatsion baza joylashtirish mumkin bo‘lgan platsdarm vazifasini o‘tashi mumkin edi.
Orol shunday geografik joylashuvga egaki, u yerdagi kuzatuv vositalari nafaqat Odessa oblasti atrofi, balki Moldova, Dnestrbo‘yi va Ruminiyaning ham havo va dengiz makonini nazorat qilish imkonini berardi.
Rossiya uchun ham, Ukraina uchun ham muammo shundaki, Ilon orolini egallash oson, uni saqlab tutish qiyin. U yerda otishmalardan yashirinadigan joy yo‘q, agar dushman tomon orolga kuchli o‘q yog‘dirishga qaror qilsa, garnizonni qanday himoya qilish mumkinligi tushunarsiz.
Ammo boshqa hamma gaplarga qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, Ilon oroli - bu urush ramzlaridan biri.
Beadab mem
24 fevral kuni Ukraina hududiga bostirib kirgan rossiyalik harbiylar Ilon oroli ustidan nazorat o‘rnatgandi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklar harbiy kemasi ukrain askarlariga taslim bo‘lishni taklif etgani, ukrain harbiylaridan biri esa uyatsiz so‘zlar bilan rad javobi qaytargani haqidagi audioyozuv tarqalib ketgandi
Shundan keyin Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya harbiy kemasidan raketa-artilleriya zarbasi yo‘llanishi oqibatida oroldagi 13 nafar ukrain chegarachisi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Ammo keyinroq Ilon orolida xizmat qilgan ukrain harbiylari tirikligi va rossiyaliklar qo‘lida asirlikda ekani ma’lum bo‘ldi. Aprel oylarida ular rossiyalik asirlarga almashtirildi.
Ilon orolini egallashda ishtirok etgan «Moskva» kreyseri 13 aprel kuni raketa zarbasiga uchradi va keyingi kuni dengizga cho‘kib ketdi.
Chegarachilarning rus kemasiga qarata aytgan uyatsiz iborasi memga aylanib ketgan, «Ukrpochta» esa ushbu voqeaga bag‘ishlangan pochta markasini muomalaga chiqargandi.
Mavzuga oid
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024
Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK
15:39 / 21.11.2024