O‘zbekiston | 19:02 / 02.07.2022
51967
7 daqiqa o‘qiladi

“Qoraqalpog‘istondagi vaziyat tashqaridan manipulyatsiya qilinayotgan bo‘lishi mumkin” - Alisher Qodirov

“Bugungi jarayonlarda o‘zbek va qoraqalpoq xalqini alohida ajratmoqchi bo‘lgan, ularning manfaatlarini, orzu-havaslarini, qadriyatlarini boshqa-boshqa deb talqin qilishni istagan sovet davrining ideologik eksperimentlari o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti”, deydi deputat Alisher Qodirov. U Qoraqalpog‘istondagi vaziyat tashqaridan turib manipulyatsiya qilinayotgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

O‘zbekistonda mustaqillikdan keyingi davrda inson manfaatlari uchun islohotlar o‘tkazishga ehtiyoj bor edi, deydi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Alisher Qodirov asosiy qonunning 90-moddasi va Qoraqalpog‘istonga oid qismlaridagi o‘zgarishlar yuzasidan Kun.uz'ga bergan intervyusida.

— E’lon qilingan Konstitutsiya loyihasi 90-moddasida prezidentning vakolat muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish yozilgan. Bunga sabab nimada va nega aynan 7 yil?

— 90-modda – Konstitutsiyada eng ko‘p muhokama qilingan va o‘zgarishi taklif qilingan moddalardan biri. Aynan prezidentlik vakolati muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish haqida emas, umuman moddaga kiritiladigan o‘zgarishlar yuzasidan juda ko‘p takliflar tushgan. O‘zgarishlar yuzasidan bildirilgan 60 mingta taklifning katta qismi shu modda bilan bog‘liqligi uni takomillashtirishga bo‘lgan ehtiyojdandir.

Aynan 5 yildan 7 yilga o‘zgartirilishi haqida gapirsam, mamlakat taqdirini o‘zgartiradigan iqtisodiy-siyosiy islohotlar uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi. Bu – butun dunyo tajribasida tan olingan jarayon. Majoziy ma’noda aytadigan bo‘lsak, yerga qadalgan urug‘ hosil berguniga qadar 15 yil vaqt ketadi. Shundan kelib chiqib, har qanday islohotni amalga oshirish uchun ham ma’lum siklga ko‘ra muddat belgilanishi kerak.

Shu nuqtayi nazardan 2 ta 5 yillik, ya’ni 10 yilda bir rahbar boshlagan ishini yakuniga yetkaza olmaydi. Yoki xalq uchun manfaatli bo‘lgan qaysidir jarayonning to‘xtatilishiga olib keladi. 2 ta 7 yillik muddat, ya’ni 14 yil bir nomzod o‘zining boshlagan ishlarini natijasini ko‘rsata olishi uchun yetarli bo‘ladi.

Agar birinchi muddatda uning faoliyati xalq tomonidan ijobiy baholanmasa, demak uni ikkinchi marotaba saylashmaydi. Konstitutsiya halq bilan boshqaruv apparatining o‘zaro kelishuvi hisoblanadi. Shunday ekan, xalq bir prezidentning olib borayotgan ishlaridan rozi va uni yana saylashni xohlaydi. Lekin Konstitutsiya bunga ruxsat bermaydi. Demak, xalqning huquqlari cheklanayotgan bo‘ladi. Bu – bizning qadriyatlarimizga zid tushayotgan holat. Bizda xalq nima desa shu bo‘lishi kerak. Xalqning o‘ziga qo‘yib beraylik. Agar olib borilayotgan islohotlar xalqqa yoqayotgan bo‘lsa, ishonch bildiradi va islohotlar yana davom etishi mumkin.

Kimdir bu muammolarni 5 yoki 7 yilda hal qilib berishni aytsa, men ishonmayman, bu yolg‘on bo‘ladi. Yuz yillar davomida shakllangan muammolarni hal qilish uchun xalqning to‘liq ishonchiga erishadigan bir rahbarning barqaror o‘zgarishlarni amalga oshirishi uchun imkoniyat berish deb qabul qilishimiz kerak.

Hozirgi Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar bir shaxs uchun qilinayotgan masala emas, O‘zbekiston boshqaruv tizimida o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolarni bartaraf etish uchun bildirilgan takliflardan biri sifatida qarash kerak.

— Mustaqil O‘zbekiston tarixida avval ham prezidentlik muddati 7 yil bo‘lgan, keyinchalik bu yana 5 yil qilib o‘zgartirilgandi. Ko‘pchilikning nazarida shu kabi konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni shunchaki amaldagi prezidentning ko‘proq muddat lavozimda qolishi uchun qilinadi.

— Biz prezidentlik muddatiga emas, saylov tizimining shaffof va haqqoniy o‘tishiga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Diqqatimizni shaxslarga qaratyapmiz, shaxsga emas, saylovning ochiq va demokratikligini ta’minlashimiz zarur.

Ayrim tanqidchilar tomonidan bu hokimiyatdan ketishni istamaslik deb talqin qilinyapti. Bu o‘zgarishlar kichik manfaatlar uchun bo‘lyapti, degan fikrdan yiroq bo‘lishimiz kerak. Shaxsan men bunga asos ko‘rmayapman.

— Loyihada Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham mavjud. Bu o‘zgarishlar kiritilishiga qanday omillar sabab bo‘ldi?

— Konstitutsiyaga kiritilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bilan tanishganimda qoraqalpoq xalqi hayotida yuz bergan keskin ekologik inqiroz, muammolar, qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida kiritilyapti, degan fikrga keldim. Bunga e’tirozlar bo‘lishi yoki muammoli holat deb qabul qilinishi bizning demokratik qarashlarimiz hali to‘liq shakllanmagani bilan bog‘liq.

Bir qaror ilgari surilganda, qaysidir qatlam ma’qullashi yoki qoralashi oddiy holat. Bu – demokratiya belgisi hisblanadi.

Loyihada qoraqalpoq xalqining manfaati, foydasi uchun davlatning kafolati belgilab berilyapti. Bu bizning qoraqalpoq xalqi dardiga befarq emasligimizni bildiradi. Bugungi jarayonlarda o‘zbek va qoraqalpoq xalqini alohida ajratmoqchi bo‘lgan, ularning manfaatlarini, orzu-havaslarini, qadriyatlarini boshqa-boshqa deb talqin qilishni istagan sovet davrining ideologik eksperimentlari o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti.

Hozir ijtimoiy tarmoqlar orqali “pashshadan fil yasash” holatlari ham uchraydi. Bizda bir narsa borki, e’tirozli holat e’lon qilinadi, lekin qo‘llab-quvvatlovchi kayfiyat e’lon qilinmaydi. Ular ko‘pincha o‘z fikri va qo‘llovini saylov uchastkasida e’lon qilishadi.

Bizning partiyamiz bilan o‘tkazgan kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, mazkur norozi qatlamning asosiy qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashaydigan qoraqalpoqlar emas. Ya’ni boshqa davlatlarda yashayotgan, bu yerda oxirgi yillarda ro‘y bergan yangiliklardan bexabar odamlar. Bu esa balki bu vaziyatni kimdir tashqaridan turib manipulyatsiya qilayotgandir, degan xulosaga keltiradi.

Aynan Qoraqalpog‘istonda yashayotgan aholining fikrini esa o‘sha yerga borib aniqlash kerak. Biz buni qildik, xulosalarimiz shuni ko‘rsatdiki, Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni quvvatlayotgan qatlam ham ozchilik emas. To‘g‘ri, buni inkor etayotganlar ham bor, ammo qoraqalpoq davlatining rivojlanishi uchun to‘g‘ri yo‘lni tanlayotgan aholi ko‘pchilikdan iborat.

Intervyuda Alisher Qodirov 5 iyul kuni muhokamasi yakunlanadigan loyihaning keyingi jarayonlari va o‘tkaziladigan referendum haqida ham ma’lumotlar berib o‘tdi.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Mavzuga oid