Jahon | 22:19 / 13.07.2022
32671
20 daqiqa o‘qiladi

Ukrainaga yangi havo hujumidan mudofaa tizimlari va’da qilinmoqda. Bu nimani o‘zgartiradi?

So‘nggi bir oy davomida Ukrainaning harbiy ta’minoti nomenklaturasi o‘zgardi. G‘arb yetkazib bermoqchi yoki sotmoqchi bo‘layotgan qurollar ro‘yxatida zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari paydo bo‘ldi. BBC bu frontdagi vaziyatni nechog‘lik o‘zgartirishi mumkinligini tahlil qildi.

NASAMS - AQSh va Norvegiyaning qo‘shma mahsuloti. Foto: KONGSBERG

Bungacha Ukrainaga asosan qo‘lda olib yuriluvchi, Amerikaning Stinger yoki Britaniyaning Starstreak kabi mobil zenit-raketa tizimlari yetkazib berilardi. Faqat bir marta aprelda katta masofaga harakatlanuvchi S-300 havo hujumidan mudofaa tizimi yetkazib berilgan - Ukrainaga uni Slovakiya tomoni topshirgan.

So‘nggi xabarlar orasida - Pentagonning Ukrainaga yangi NASAMS zenit-raketa majmualari yetkazib berish to‘g‘risidagi va’da ham bor, bunday tizim AQSh va Norvegiya hamkorligida ishlab chiqilgan. Ayni vaqtda gap ikki dona majmua yetkazib berish haqida ketmoqda.

Defense News nashri AQSh harbiy doiralaridagi manbasiga asoslangan holda xabar berishicha, zenit-raketa majmualari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma yaqin vaqt ichida kelishiladi - bir necha haftadan bir necha oyga qadar bo‘lgan muddatda. Keyin esa ukrain mutaxassislari bu kompleksni o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi.

Bu ancha yangi mobil zenit-raketa majmuasi bo‘lib, uni 1989 yilda tayyorlay boshlashgan, 1994 yildan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, barcha sinovlar sikli 1990-yillar oxiriga kelib yakunlangan. 1999 yilda yaxshilangan varianti - NASAMS II zenit-raketa majmualari paydo bo‘lgan.

Pentagon Ukrainaga ikkita zenit-raketa majmuasi yetkazib berilishini va’da qilgan. Foto: KONGSBERG

Ukrainaga aynan qaysi tizim yetkazib berilishi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q, ammo birinchi avloddagi zenit-raketa majmuasi AN/MPQ-64 Sentinel radarlaridan foydalanadi va aynan shunday qurilma 2022 yil mayida e’lon qilingan AQSh jo‘natmalari ro‘yxatida ko‘rsatilgan.

Nima bo‘lganda ham bu ancha kuchli zenit-raketa majmuasi bo‘lib, 25 km uzoqlik va 16 km balandlikdagi nishonni yo‘q qilishga qodir. Bu majmua o‘z sinfiga ko‘ra Rossiya va Ukraina armiyasida mavjud bo‘lgan «Buk-M1» majmuasiga mos keladi.

NASAMS’ning o‘ziga xosligi shundaki, u AMRAAM AIM-120 aviatsiya raketalaridan foydalanadi. Bunday raketalarning xususiyatlarini, jumladan, uchish masofasini yaxshilaydigan ko‘plab turli modifikatsiyalari bor.

Mazkur aviatsiya raketalarining asosiy afzalliklaridan biri shundaki, bunday raketalardan 13 mingdan ortig‘i ishlab chiqarilgan. Bu shiddatli kechayotgan harbiy mojaro sharoitida zenit-raketa majmualari uchun o‘q-dori iste’moli yuqori hisoblanadi, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi asosini esa sovetlar davrida ishlab chiqarilgan majmualar tashkil etadi.

Ukrainaga G‘arbdan havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berish haqida birinchi bor va’da berishmayapti. Iyun oyi boshida Germaniya Ukrainaga o‘rta masofaga harakatlanuvchi Iris-T SLM zenit-raketa majmualari yetkazib berishini ma’lum qilgandi. Ukrainaning Germaniyadagi elchisi (endilikda sobiq) «Ukrinform» nashriga bergan intervyusida Kiyev 10 ta uchirish qurilmasi xarid qilmoqchiligini aytgandi.

Bunday zenit-raketa majmualari quruqlikdan uchirish uchun modifikatsiya qilingan IRIS-T SL rusumli havo hujumiga qarshi aviatsiya raketalaridan foydalanadi. Raketa ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish Diehl Defence kompaniyasi saytida aytilishicha, Iris-T SLM raketalarini uchirish bilan bog‘liq ilk sinovlar 2014 yilda o‘tkazilgandi.

Ukraina harbiylari olishi mumkin bo‘lgan zenit-raketa majmualarining harakatlanish masofasi - 40 kilometr, nishonni to‘xtatish mumkin bo‘lgan maksimal balandlik - 20 kilometrni tashkil etadi.

Ukrain harbiylari to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan asosiy muammolardan biri - G‘arbning bu ikkita majmuasini o‘z havo hujumidan mudofaa tizimiga qo‘shish hisoblanadi.

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimidagi qurollar eskirib qolgan. Foto: Getty Images

Rossiyalik harbiy  ekspert Aleksandr Xramchixin BBC uchun bergan intervyusida bunda jiddiy muammo ko‘rmayotganini aytadi: «Istak bo‘lsa, barchasini birlashtirish mumkin».

Boshqa ekspert - isroillik David Gendelman esa unga qo‘shilmaydi. «Mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimiga integratsiya bo‘lish masalasi juda ham muhim, chunki NASAMS boshqa vositalar bilan maksimal integratsiya uchun mo‘ljallangan, shunday holatda u yanada samarali bo‘ladi. Ammo ular agar Germaniya tomonidan va’da qilingan IRIS-T SLM bilan NATO standartlari bo‘yicha taktik ma’lumotlar almashinuvi tarmog‘i orqali birlashtirilsa, ukrainlarning sovetlar davriga mansub zenit-raketa majmualari bilan integratsiya bo‘lish uchun qo‘shimcha texnik yechimlar talab etiladi», deya izohlaydi u.

Xorijning zenit-raketa majmualarini Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimiga integratsiya qilish - juda muhim vazifa, chunki havo hujumidan mudofaa tizimi barcha tarkibiy qismlar yagona tarmoqqa ulangan tizim sifatida samarali hisoblanadi.

Havo hujumidan mudofaa tizimi Ukraina uchun qanchalik muhim?

Ukraina mojarosida havo hujumidan mudofaa muammosi Rossiya armiyasi uchun - eng jiddiy muammolardan biri.

Kiyev yaqinida urib tushirilgan rossiyaliklar harbiy samolyoti parchasi. Foto: Getty Images

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi eng zamonaviy qurollar bilan qurollanmagan - nisbatan eng kuchlilari o‘rta masofaga harakatlanuvchi S-300PS va S-300PT raketa majmualari bo‘lib, ular 1980-yillarda qurilgan. Bundan tashqari, armiyada o‘rta masofaga harakatlanuvchi Buk-M1, yaqin masofali Tor-M, S-125, turli tashib yuriluvchi va jang maydonida qo‘llanuvchi artilleriya tizimlari mavjud.

Ammo Ukrainada eshelonlarga bo‘lingan havo hujumidan mudofaa tizimi tashkil etilgan. Bu shuni anglatadiki, bu majmualarning barchasi radarlar, qo‘mondonlik va axborot markazlarini o‘z ichiga oluvchi umumiy sxemaga kiritilgan.

Bunday eshelonlangan tizimdan o‘tish qiyin, chunki turli masofalarga harakatlanuvchi zenit tizimlari bir-birini yopadi va turli balandlikdagi nishonlarga qarshi birgalikda harakatlanadi, turli radarlardan ma’lumotlar kelib tushadi, qayta ishlanadi va boshqaruv markaziga yuboriladi, u yerda nishonni yo‘q qilish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi.

Uzoq va o‘rta masofalarni qamrab oladigan tizimlardan o‘tishning yo‘llaridan biri - past balandlikda uchishdir, ammo bu holda yelkada olib yuriluvchi zenit-raketa majmualari va yaqin radiusdagi nishonlar uchun mo‘ljallangan majmualar katta xavf tug‘dirishi mumkin.

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi naqadar samarali ishlayotganini baholash qiyin, chunki urib tushirilgan nishonlar va xatoliklar to‘g‘risida ochiq ma’lumotlar berilmaydi. Ukrain harbiylari arsenalida zenit qurilmalari uchun qancha o‘q-dori qolgani ham noma’lum - 24 fevraldan buyon ular nafaqat aviatsiyaga qarshi turishiga, balki raketalar bilan kurashishiga ham to‘g‘ri kelmoqda.

Ammo taxmin qilish mumkinki, ertami kechmi Ukrainada raketalar va zenit-raketa majmualari taqchilligi sezila boshlaydi, ular Rossiya aviatsiyasi va raketalari harakatidan ham, shunchaki buzilib ham safdan chiqishi mumkin.

Rossiya uchun muammo

Ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimi rossiyaliklar aviatsiyasi imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklaydi, ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, rus samolyotlari qarama-qarshilik chizig‘ida taktik harakatlarni amalga oshirishda davom etmoqda, ammo ukrain qo‘shinlarining frontorti hududiga kirishga jur’at etmayapti.

Rossiya aviatsiya borasida katta ustunlikka ega, ammo havo hujumidan mudofaa tizimlari tufayli ulardan foydalanish oson kechmayapti
Foto: AFP

Bunday vaziyat Rossiya aviatsiyasi Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini yakson eta olmagani oqibatidir.

Avvalroq BBC bilan intervyuda rossiyalik harbiy ekspert Ilya Kramnik bunga ko‘p jihatdan Rossiya harbiy rejasida eshelonli havo hujumidan mudofaa tizimlarini bostirish vazifalari ko‘rib chiqilmagani va Rossiya harbiy-kosmik kuchlari bunga tayyorlanmagani sabab bo‘lganini aytib o‘tgandi.

«Rossiya birinchi navbatda NATO bloki namunasidagi raqibga qarshi urushga tayyorlangan. NATO bloki esa alohida o‘choqlarni hisobga olmaganda, quruqlikda eshelonli havo hujumidan mudofaa tizimiga ega emas va asosan havodagi kuchga tayanadi. NATOning asosiy havo hujumidan mudofaa tizimi - bu qiruvchilardir», degandi u.

«Rossiyaning havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi va zarbdor samolyotlarga qarshi kurashish bo‘yicha barcha mashg‘ulotlari  - NATO zarbdor aviatsiya orqali havo hujumidan mudofaa tizimini yorib o‘tishga urinishiga, Rossiya esa havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali himoyalanishiga to‘g‘ri kelishiga tayyorlanish edi. Rossiya o‘z havo hujumidan mudofaa tizimiga ega bo‘lgan raqib mudofaasini yorib o‘tish uchun tayyorlanmagandi», deb hisoblaydi Kramnik.

Juda kam

G‘arbdan Ukrainaga qurollar yetkazib berilishi Rossiyaning 24 fevral kungi bosqinidan avvalroq boshlangan, ammo urush boshlangach, yetkazib berish hajmi keskin oshgan.

Asosiy donor - ham qurol-yarog‘, ham moliyaviy yordam yetkazib berishda - AQSh bo‘lib qolmoqda. 24 fevraldan buyon Amerikaning Ukrainaga yordami hajmi 6,92 milliard dollardan oshgan. Agar 2021 yil boshidan hisoblansa, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga xavfsizlik sohasida yordam berish uchun 7,62 milliard dollardan oshiq sarmoya kiritgan.

AQShning jo‘natmalari 1400 donadan ortiq Stinger zenit-raketa majmualari, 6500 dan ortiq Javelin tankka qarshi qurilmalar va 20 mingdan oshiq boshqa rusumdagi tankka qarshi qurollarni o‘z ichiga oladi. Birgina AQShning o‘zidan Ukrainaga 126 dona M777 rusumli gaubitsa va bu qurollar uchun to‘rt milliondan ortiq snaryadlar yetkazib berilgan.

Ammo bu jo‘natmalar Ukraina qurolli kuchlari Rossiya bilan solishtirganda ustunlikka ega bo‘lishini ta’minlamadi.

Iyun oyi boshida, Ukrainaga gaubitsalarning katta partiyasi yetib kelgan va ulardan frontda faol foydalanish boshlangan mahalda Independent gazetasi Rossiya armiyasining artilleriya borasidagi ustunligi 20 ga 1 ni tashkil etishi, otilayotgan snaryadlar soni esa 40 ga 1 nisbatda ekanini yozdi.

13 iyun kuni BBC uchun bergan intervyusida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Rossiya Ukrainaga qaraganda 10 barobar ko‘proq o‘t ochish kuchiga ekanini aytdi.

O‘shanda Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak rossiyaliklar harakatini to‘xtatish uchun Ukraina qurolli kuchlariga bir necha ming dona og‘ir qurollar kerakligini aytgandi: 155 mm kalibrli 1000 ta gaubitsa; 300 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari; 500 tank; 2000 dona zirhli texnika; 1000 dron.

Ko‘zdan panalar

Mixail Podolyak bu raqamlarni keltirganidan keyingi muddatda Ukrainaga ko‘plab harbiy yuklar keldi, ammo ochiq manbalardagi ma’lumotlarga qarab aytish mumkinki, bu hali Mixail Podolyak aytgan raqamlarga umuman yaqin kelmaydi.

«Ochiq manbalar» haqidagi band rasmiyatchilik emas - Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha kengash kotibi Aleksey Danilov 18 iyun kuni Liga.net nashriga bergan intervyusida, «juda ko‘plab davlatlar o‘zlari berayotgan harbiy qurollar haqidagi ma’lumotlarni ochiqlamaslikni so‘rashgani» haqida aytdi.

Harbiy ekspertlarning fikricha, Ukraina qurolli kuchlarini qurollantirishni maxfiy ravishda olib borish - bugungi kunda juda qiyin ish. Ammo iloji bor.

«Harbiy harakatlardan oldinroq yetkazib berilishi boshlangan qurollar, ya’ni individual qurollar haqida gap ketsa, ularni istalgan miqdorda va butunlay yashirin yetkazib berish mumkin. Yirik texnikalarni esa yashirincha yetkazib berib bo‘lmaydi», degan BBC bilan suhbatda Aleksandr Xramchixin.

David Gendelman esa chindan ham «yetkazib berilayotgan qurollar barcha jihatlari bilan batafsil ochiqlanmasligi», ammo hozirgacha frontda oldinroq matbuotda chiqqan xabarlarda tilga olinmagan qandaydir jiddiy qurol paydo bo‘lmaganini aytadi. Shu bilan birga, u maxfiy yetkazmalar oqibatlarini kuzatish qiyin bo‘lgan sohalarda bo‘lishi mumkinligini istisno etmaydi.

«Snaryadlarning muayyan turi va boshqa «arzimas narsalar» oldindan aytilmaydi, bu bo‘lib turadi. Bunday holat qisman samolyotlar va yerusti texnikalari uchun ehtiyot qismlar, aloqa vositalari, radioelektron kurash vositalari va umuman olganda, yangi turdagi qurollardan farqli o‘laroq frontda ko‘zga tashlanmaydigan barcha boshqa vositalar sohasida ham bo‘ladi», degan u.

Gendelmanning so‘zlariga ko‘ra, e’tiborni o‘ziga tortmaydigan yordam turlari bo‘ladi, ammo ularning urushdagi ahamiyati artilleriya tizimlari yoki tanklarnikidan kam bo‘lmaydi.

«Maxfiy bo‘lishi bilan birga jamoatchilik e’tiborini jalb qilmaydigan o‘q-dori va yonilg‘i mahsulotlari kabi jo‘natmalar bo‘ladi: bir necha o‘nta o‘ziyurar gaubitsalarsiz ham jang qilib turish mumkin bo‘lsa, ulkan miqdorda o‘q-dorilar, birinchi navbatda artilleriya snaryadlari yetkazib berilmaganida, ularning zaxirasi allaqachon tugagan bo‘lardi», deydi ekspert.

Harbiy yordam hajmini aniqlash ko‘p hollarda imkonsiz ish. Masalan, ko‘plab mamlakatlar moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda yoki zirhli texnikalarni ta’mirlash imkoniyatini yaratib bermoqda.

Shu bilan birga, Ukrainaga yangi qurollar yetkazib berilishi haqida deyarli har kuni yangi ma’lumotlar paydo bo‘lib turadi.

Arsenaldan ajratilgan qurollar

Ukrainaga xorijiy harbiy yordam turli manbalardan kelib tushmoqda. Birinchi navbatda, qurolli kuchlarning omborlaridan. Ya’ni biror davlat Kiyevga o‘z armiyasi omborlarida mavjud bo‘lgan qurollarni bermoqda yoki sotmoqda.

Aleksandr Xramchixin bunday vaziyat ta’minotni sezilarli darajada cheklashini aytadi: «Mening tushunishimcha, G‘arb shunchaki o‘zi qurolsiz qolmasligi uchun katta miqdorda  [qurol] yetkazib bera olmaydi».

Ikkinchidan, donor-davlat Ukrainaga yuborgan qurollar o‘rni uchinchi davlat tomonidan yetkazib beriladigan qurollar hisobiga qoplanishi mumkin.

Masalan, Polsha bilan shunday holat bo‘lgan, ushbu davlat qo‘shnisiga sovetlar davriga mansub 240 dona T-72 rusumli eski tanklarni bergan. Buning evaziga ular G‘arbdan texnikalar kelishidan umid qilishgan, ammo hozircha Berlin bilan bu boradagi muzokaralar naf keltirmadi. Varshava lend-liz to‘g‘risidagi qonun doirasida AQShdan ham qanchadir tank olishga umid qilmoqda.

Nihoyat, yana bir yo‘li bor - shunchaki qurol sotib olish, yoki yangisi, yoki ishlatilganlarini. Iyunda Kiyev Polshadan Krab rusumli o‘ziyurar artilleriya qurilmalari xarid qildi, oldinroq 18 dona shu kabi texnikadan iborat partiyadan farqli o‘laroq, bunisi to‘lig‘icha harbiy buyurtma bo‘ldi.

Ammo bunday to‘laqonli shartnomalar bajarilishi, qoidaga ko‘ra, ma’lum vaqt talab etadi, chunki ko‘p hollarda qurollarni zavodga buyurtma qilish kerak bo‘ladi.

Lend-liz qanday yordam berishi mumkin?

Aleksey Danilovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQSh prezidenti Jo Bayden 2022 yil 9 mayida imzolagan lend-liz to‘g‘risidagi qonun qachon kuchga kirishini kutmoqda.

«U yerda protsedura bor. Lend-liz hali boshlanmayapti [...] Bu iyul-avgust, balki, sentabrda bo‘lishi mumkin. Bu yerda juda ko‘p omillar bor. Dunyo u qadar katta emasligini tushunish kerak. Har kim o‘z mamlakatida nima borligini biladi. Qurol-yarog‘, ularni ishlab chiqarish uchun uskunalar, o‘q-dorilar borligini», degandi u 18 iyun kungi intervyusida.

Lend-liz to‘g‘risidagi qonunning o‘zi qaysidir muayyan qurollarni yetkazib berishni belgilamaydi. Bu hujjat shunchaki AQShda qurol sotib olishning ancha murakkab tartibini maksimal darajada soddalashtiradi, bu esa qurollarni Ukraina yoki Sharqiy Yevropaning boshqa mamlakatlariga ijaraga berishga sharoit yaratadi.

Masalan, qonun bo‘lmaganda ijaraga oluvchi qurolni besh yil ichida AQShga qaytarishi va har qanday shikastlanish uchun zararni qoplab berishi talab etiladi. Lend-liz to‘g‘risidagi qonun bu cheklovni bekor qiladi.

U shuningdek AQSh prezidentini Kongressga hisobot berish va Ukrainaga favqulodda shartlar asosida ijaraga berilishi mumkin bo‘lgan qurollarni tanlashda ruxsat olish majburiyatidan xalos etadi.

Shu bilan birga, may oyi oxirida AQSh Kongressi Ukrainaga qariyb 40 milliard dollar miqdoridagi misli ko‘rilmagan yordam paketini ma’qulladi. Bu mablag‘ning katta qismi Ukraina armiyasini qurol-yarog‘ bilan ta’minlash uchun ajratiladi.

Shu tariqa Vashington, bir tomondan, Kiyevga qurol yetkazib berish tartibini soddalashtirdi, ikkinchi tomondan - bunday yordamni moliyaviy jihatdan mustahkamladi.

BBC bilan gaplashgan harbiy ekspertlar esa lend-liz va moliyaviy qo‘llab-quvvatlov mojarodagi vaziyatni jiddiy darajada o‘zgartirishi mumkinligiga shubha bilan qarashgan.

Aleksandr Xramchixinning so‘zlariga ko‘ra, zavodlardan qurol yetkazib berish masalasi G‘arb mudofaa sanoati bunday yirik ko‘lamli mojaro uchun qurol ishlab chiqarish salohiyatiga ega emasligi tufayli murakkablashishi mumkin.

«Yangi qurollar juda qimmat va ishlab chiqarilishi murakkab jarayon. Hozircha men G‘arb tom ma’noda urushga zavodlardan qurol yetkazib berish uchun harakat qila boshlaganining hech qanday alomatini ko‘rmayapman», degan u.

David Gendelmanning so‘zlariga ko‘ra esa, qurollar yetkazib berish har qanday holatda ham siyosatchilar irodasiga bog‘liq: «Bu Oq uyning siyosiy qarorlariga bog‘liq. Aslida, kelajakda sanoat orqali to‘ldirishni hisobga olgan holda hozirgacha berilganidan ko‘proq berish mumkin edi, ammo barchasi aynan siyosiy qarorga bog‘liq».

Lend-liz ishlay boshlagach, Ukrainaga qanday hajmda va qaysi qurollar yetkazib berilishi haqida hozircha hech bir ekspert aniq ayta olmaydi, ammo hozirda Kiyev o‘nlab, hatto yuzlab qurollar so‘rayotgan vaqtda yetkazib berilayotgan qurollar partiyasi ko‘p hollarda bir necha donadan oshmayapti.

HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bilan ham shunday bo‘ldi, hozircha Ukrainaga bunday quroldan faqat to‘rttasi yetkazib berilgan. Ularni Ukrainaga jo‘natar ekan, Pentagondagilar bu faqat dastlabki partiya ekani, ulardan qurollarni o‘rganish uchun foydalanilishini bildirdi. NASAMS tizimlari yuborish to‘g‘risidagi press-relizda esa bunday band yo‘q. Shu bilan birga, kelgusida bunday qurollardan yanada ko‘proq yetkazib berilishi to‘g‘risidagi va’da ham.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid