Jahon | 09:23 / 25.07.2022
21726
5 daqiqa o‘qiladi

Moskva Odessa portiga raketa zarbasi berilganini tan oldi

Rossiya TIV va Mudofaa vazirligi vakillari Odessa dengiz portiga qilingan raketa hujumining nishoni Ukraina harbiy kateri bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Foto: Associated Press/Nina Lyashonok

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Odessa dengiz portiga raketa hujumi sodir bo‘lganiga izoh berdi. 24 iyul, yakshanba kuni u o‘zining Telegram-kanalida «Kalibr» raketalari nishoni Ukraina harbiy obekti bo‘lganini yozdi. Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, zarba natijasida Ukraina harbiy kateri yo‘q qilingan.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi Odessa porti hududiga raketa hujumi uyushtirilganini tasdiqladi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, natijada «dokda turgan Ukraina harbiy kemasi», shuningdek, AQSh tomonidan yetkazib berilgan Harpoon kemalarga qarshi raketalari saqlangan ombor yo‘q qilingan. Bundan tashqari, «Ukraina harbiy-dengiz kuchlari kemalari tarkibini ta’mirlash va modernizatsiya qilish korxonasining ishlab chiqarish quvvatlari ishdan chiqarildi», deya ma’lum qildi Moskva. 

23 iyul kuni, Turkiyada erishilgan kelishuvlardan bir kun o‘tib rus qo‘shinlari Odessa dengiz portiga hujum qildi. «Yug» operativ qo‘mondonligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan ikkita raketa urib tushirilgan, yana ikkitasi port infratuzilmasi obektiga kelib urilgan. Shu bilan birga, ular don omboriga zarar yetkazmagan, zarba natijasida nasos stansiyasida yong‘in chiqqan, deb xabar berdi «Yug» operativ qo‘mondonligi. 

O‘sha kuni Rossiya Odessaning o‘qqa tutilganini rasman tasdiqlamadi, Turkiya Mudofaa vazirligi esa RF ularga hujumga aloqador emasligini ma’lum qilganini bildirdi. Zarba jahon hamjamiyatining keskin reaksiyasini keltirib chiqardi. U «Rossiyaning Ukraina g‘allasini yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha bir kun avval imzolangan kelishuvlarga rioya qilishiga jiddiy shubha tug‘diradi», dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken. «Ushbu hujum BMT, Turkiya va Ukrainaning jahon bozorlariga muhim oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ishiga putur yetkazadi. Rossiya global oziq-ovqat inqirozining chuqurlashishi uchun javobgardir va o‘z agressiyasini to‘xtatib, kelishuvlarga to‘liq rioya qilishi kerak», - dedi u. 

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Odessadagi portning o‘qqa tutilishini «qat’iy» qoraladi va RF, Ukraina hamda Turkiyani Ukraina doni va boshqa mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvga rioya qilishga chaqirdi. 

«Istanbul kelishuvlari imzolanganidan bir kun o‘tib don eksporti uchun asosiy bo‘lgan nishonga zarba berish qat’iy qoralanadi va Rossiya xalqaro huquq hamda majburiyatlarga e’tibor bermasligini yana bir bor namoyish etadi», dedi Yevroittifoqning tashqi siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Odessa portining o‘qqa tutilishini «oshkora rus vahshiyligi» deb atadi. «Bugungi kunda Rossiyaning Odessaga, bizning portimizga raketa hujumi bema’nilik va bu Rossiyaning o‘z siyosiy pozitsiyalariga zarba bo‘ldi. Agar dunyoda kimdir Rossiya bilan qandaydir muloqot, qandaydir kelishuvlar zarur deb ayta olsa, nimalar yuz berayotganini yaxshilab o‘ylab ko‘rsin. Bugun Rossiyaning «Kalibr» raketalari bunday bayonotlar ehtimolini yo‘q qildi», deya ta’kidladi u. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, jahon hamjamiyatining Odessaga raketa hujumiga munosabati «mutlaqo bir ovozdan» bo‘lgan va bundan keyin ruslar «endi hech kimni alday olmaydi».

Bir kun avval Istanbulda Rossiya va Ukraina BMT rahbari Antoniu Guterrish vositachiligida Rossiyaning dengiz portlariga bostirib kirishi boshlanganidan beri to‘sib qo‘yilgan millionlab tonna Ukraina g‘allasini eksport qilish muammosini hal qilish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv birgalikda tuzilmadi, aksincha, tomonlarning har biri Turkiya va BMT bilan alohida hujjat imzoladi. Gap uchta port – Odessa, Chornomorsk va Yujniyning blokdan chiqarilishi haqida ketmoqda, ulardan yaqin haftalarda Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishni qayta tiklash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Turkiyada barcha tomonlar vakillaridan iborat inspeksiya guruhlari tuziladi, ular yuk va kema ekipajlarini tekshirishni ta’minlaydi. 

Mavzuga oid