Jahon | 09:51 / 19.03.2026
2393
2 daqiqa o‘qiladi

Odessa Rossiyadan uchirilgan dronlar hujumiga uchradi

Odessada Rossiyadan uchirilgan dronlar hujumi oqibatida uch kishi jarohat oldi, bir nechta uyga zarar yetdi, deb xabar qildi shahar hokimiyati. Zarar ko‘rgan hududlarda yong‘inlar chiqqan, ammo ular tezkor ravishda o‘chirilgan.

Foto: Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati

Rossiya 18 mart, chorshanba kuni kechqurun Odessaga uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujum qildi. Buning oqibatida uch kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan, deb ma’lum qildi shahar harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisak.

Bundan tashqari, ikkita ko‘p qavatli turar joy, tarixiy markazdagi bir bino va xususiy sektordagi bir nechta uy zarar ko‘rgan, deya qo‘shimcha qildi u. Lisak ta’kidlashicha, zarar ko‘rgan hududlarda yong‘inlar chiqqan, ammo ular tezda o‘chirib qo‘yilgan. Hodisa joylarida tezkor xizmatlar va kommunal xizmat xodimlari ish olib bormoqda, dedi shahar harbiy ma’muriyati rahbari.

So‘nggi qariyb to‘rt yil davomida Odessa bir necha bor Rossiya qurolli kuchlari hujumlari nishoniga aylangan. Faqat yil boshidan buyon zarbalar ostida turar joy binolari ham, muhim infratuzilma obektlari ham qolgan.

Shu orada qo‘shib olingan Qrimdagi Sevastopolning “gubernatori” Mixail Razvojayev ham dronlar hujumi haqida ma’lum qildi va buning uchun javobgarlikni Ukraina armiyasi zimmasiga yukladi. Uning aytishicha, havo mudofaasi kuchlari 27 ta dronni urib tushirgan.

Razvojayev ma’lum qilishicha, ushbu hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishida o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohatlari qayd etilgan. Shuningdek, bir nechta turar joy uylarining oynalari singan, urib tushirilgan dronlar parchalaridan sakkizta avtomobil zarar ko‘rgan. Fiolent buruni atrofida xususiy uy va o‘rmonzor hududining bir qismi yongan, Fiolentovskoye shosse hududida esa sanoat binosiga zarar yetgan, deya qo‘shimcha qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid