Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shomurodovning «Roma»dagi davri nihoyasiga yetdimi? Hujumchida variant ko‘p emas
«Roma» hujum chizig‘ini kuchaytirmoqda, Mourino jamoani Dibala atrofida qurmoqchi.
«Chempionat» nashri kolumnisti Dmitriy Zimin o‘zbekistonlik hujumchining «Roma»dagi istiqbolini tahlil qildi.
2019 yilda Joze Mourino Osiyo Kubogini TV orqali sharhlash uchun taklif qilingandi. «Manchester Yunayted»ni endigina tark etgan murabbiy ishtiyoq bilan yangi loyihaga kirishadi. O‘shanda u ilk marta Eldor Shomurodovning o‘yinini ko‘rdi.
Biroz vaqt o‘tgach, shaxsiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uni futbolchining agenti German Tkachenko tashkil qildi. Shunda Eldor portugaliyalik mutaxassis nafaqat o‘zini, balki statistikasini ham yaxshi bilishidan hayratda qoldi. Esdalik sifatida birga suratga tushishdi. Shomurodov xursand edi, chunki u bolaligidan Jozening «Chelsi» klubiga muxlis edi.
Bir-ikki yildan keyin bu yoqimtoy odam hujumchini bosh murabbiy sifatida tanqid qiladi, deb kim o‘ylabdi deysiz. Corriere Dello Sport nashriga ko‘ra, Mourino «Roma» rahbariyatiga yangi mavsumda Eldorni jamoada ko‘rmayotganini ma’lum qilgan. Nashr xabariga ko‘ra, «Roma» hujumchidan qutulmoqchi, chunki Eldor mavsumlar oralig‘ida murabbiyda yaxshi taassurot qoldira olmagan. Avvaliga klub yomon mavsumdan keyin futbolchiga imkoniyat bermoqchi edi. Ammo, aftidan, u bu ishonchni oqlamadi. Nashrning yozishicha, Eldorda A Seriyaning boshqa klublaridan variantlar bor. Biroq qiziqishlar u qadar ko‘p emas.
Ehtimoliy ketish uchun muhim sabab – Paulo Dibalaning taklif etilishi. Argentinalik futbolchi «Yuventus»ni tekinga tark etgach, «Roma»ni tanlashini ko‘pchilik kutmagandi. Lekin uning tanlovida Mourino katta rol o‘ynagandek ko‘rinmoqda. U shaxsan Dibalaga qo‘ng‘iroq qilib, yangi mavsumdagi katta vazifalar va ambitsiyalar haqida gapirgan. Va u aynan argentinalik forvard atrofida jamoa qurishni va’da qilgan.
Asoslar ish berdi, yaxshi maosh esa qo‘shimcha rag‘batga aylandi. Umuman olganda, «Roma» yozgi transfer kampaniyasini juda zo‘r o‘tkazmoqda. Klub Jozening deyarli barcha talablarini qondirdi. Zeki Chelik «Lill»dan, Mile Svilar «Benfika»dan, Nemanya Matich esa «Manchester Yunayted»dan olib kelindi. Darhaqiqat, asosiy pozitsiyalar mustahkamlandi. Demak, murabbiy endi futbolchilar soni oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasligi mantiqan to‘g‘ri.
Bir necha futbolchi allaqachon «Roma»ni tark etgan, Italiyada esa Shomurodov keyingisi bo‘lishi mumkinligi haqida gapirishmoqda. Unga uchta o‘rtoqlik o‘yinida imkon berildi, ammo u katta taassurot qoldirmadi. Shu sababli, uning ketishi faqat strategiyaga bog‘liq bo‘lishi mumkin: klub transfer oynasi yopilguncha kutib turadi va eng yaxshi taklifni tanlaydi.
O‘tgan mavsumda Shomurodov qanday o‘ynadi?
Unchalik yaxshi emas. Eldor o‘zi dastlab Jyekoning o‘rniga olingandi, ammo uning o‘rnini bosa olmadi. Ko‘p narsa Mourinoning o‘zi uchun tanish bo‘lgan Temmi Abraham bilan shartnoma imzolaganiga bog‘liq bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da, mavsum boshida Shomurodovga imkoniyat berildi. Keyin esa zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib qoldi va faqat o‘yin oxirlarida maydonga tushirildi. Yakunda 9 oy ichida atigi 5 ta gol, Rimda buni kutishmagan edi.
Norozilik cho‘qqisiga yil boshida chiqildi. «Roma» o‘z maydonida «Yuventus»ni 3:1 hisobida mag‘lub etayotgandi. Keyin maydonga Shomurodov tushdi va o‘yin 3:4 hisobida yakunlandi. Mourino hammani, shu jumladan, Eldorni ham qattiq koyidi. «Roma» muxlislari esa futbolchini taxminan quyidagicha ta’riflay boshlashdi: unda iste’dod bor, lekin ruhiy qahr yo‘q. Usiz esa Mourino jamoasida hech narsa qilib bo‘lmaydi.
Bahorda Shomurodov o‘yin amaliyotidan norozi ekanini ochiqchasiga aytdi.
«Roma»dagi o‘yin uchun berilayotgan vaqtdan noroziman. Ko‘proq o‘ynashni xohlayman. Mourino bilan munosabatim? Yaxshi. Ehtimol, avvalgidek emas, lekin hali ham yaxshi. Klub bilan shartnomam bor. Agar ko‘proq o‘ynasam, qolaman. Ammo endi zaxira o‘rindig‘ida o‘tiraverish istagim yo‘q», deya futbolchi so‘zlarini keltirdi RomaPress.net.
Keyinchalik bu so‘zlar rad etildi. Futbolchining so‘zlari noto‘g‘ri talqin etilgani aytildi. Ammo baribir qalbda qandaydir dog‘ qoldi. Keyingi 10 o‘yinda hujumchi bor-yo‘g‘i 83 daqiqani o‘tkazdi. Shubhasiz, shunchaki tasodifan emas. Biroq, mavsum oxirida umid o‘chog‘i paydo bo‘ldi. Italiyada buni mashg‘ulotlardagi mashaqqatli mehnat bilan bog‘lashdi – u murabbiy e’tiboridan chetda qolmadi. Mavsum oxirida bir necha o‘yinlarda va hatto Konferensiyalar Ligasi finalida «Feyyenord»ga qarshi o‘yinda maydonga tushdi.
Biroq, endi «Roma»dagi davri nihoyasiga yetayotgandek tuyulmoqda. Yechimlar kam: yo uchinchi hujumchi bo‘lib qolish yoki boshqa klublardan variant izlash.
Mavzuga oid
17:44
Peres «Real»ga Joze Mourino bosh murabbiy bo‘lishini e’lon qildi
01:18 / 18.05.2026
Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining eng yaxshi to‘purari bo‘ldi
00:56 / 25.04.2026
Shomurodov dubl qayd etgan o‘yinda “Boshoqshehir” yirik hisobda g‘alaba qozondi
18:27 / 22.04.2026