Sport | 14:49
6858
16 daqiqa o‘qiladi

«To‘pni yaxshi ushlab turolmadik» – futbolchilar turnirni tark etgandan keyin nimalar deyishdi?

Foto: Getty Images

JCh guruh bosqichi so‘nggi turi doirasida Kongo DR bilan o‘tkazilgan o‘yindan keyin milliy jamoa futbolchilari mikst-zonada turli nashrlar jurnalistlarining savollariga javob qaytarishdi.

Milliy jamoa sardori Eldor Shomurodov «Sport-Ekspress» muxbiri bilan suhbatda bunday darajadagi o‘yinlarda faqat bir jihatda kuchli bo‘lishning o‘zi yetarli bo‘lmasligi haqida gapirgan.

— Katta tajriba orttirdik, ammo afsuski, hech bo‘lmaganda bitta o‘yinda g‘alaba qozona olmadik. Hayot davom etadi. Endi nimaga intilishimiz va qanday rivojlanishimiz kerakligini bilamiz. Jahon chempionatida qatnashdik, ammo buni yaxshiroq amalga oshirishimiz mumkin edi, degan tuyg‘u bor. Natija salbiy bo‘lsa-da, bu turnirdan olib ketishimiz mumkin bo‘lgan ko‘plab ijobiy jihatlar ham bor. Bu turnir biz hali ko‘p narsani o‘rganishimiz va o‘sishimiz kerakligini ko‘rsatdi.

— Nima yetishmadi? Yoki O‘zbekiston jamoasining asl darajasi shumi?

— Ko‘p narsa yetishmadi. Bu yerda barchasi boshqacha. Bu yerda bitta narsada boshqalardan yaxshiroq bo‘lishing yetarli emas, balki barcha jihatlarda kuchliroq bo‘lishing kerak. Shuning uchun, biz barcha jabhalarda qo‘shishimiz kerak. Jamoamizning hozirgi darajasi shu ekan. Jahon chempionatida oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi, bu yerda mayda xatolarni ham jazolashadi. Bizga tajriba yetishmadi va endi bu tajriba hosil bo‘ldi.

— Fabio Kannavaro ham matbuot anjumanida tajriba yetishmagani va ikkinchi bo‘limda faqat uzun uzatmalar bilan o‘ynalganini aytdi, bunday o‘ynash oldindan rejada bo‘lmaganmi?

— Ha. Buning ruhiy tomoni ham bor – hisobda oldinda borayotganingda, gol o‘tkazib yubormaslik va hisobni saqlashni istaysan. Va shundan xatolar boshlanadi. Bunday xatolardan biri to‘pni yaxshi ushlab tura olmaganimiz bo‘ldi.

— Jamoa turnirda kutganingizdan yomonroq o‘ynadimi?

— Jahon chempionatiga kelib, Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi maydonga tushsang, qiyin bo‘lishini tushunasan. Agar istasang, bunga ijobiy qarashing mumkin. Ammo maydonda boshqa darajaga guvoh bo‘lasan. Biz qo‘limizdan kelganini qildik. O‘ylaymanki, O‘zbekiston futboli bizning bu yerga kelishimizdan ko‘p narsa yutdi. Iste’dodli yoshlarimizni ham kuzatishdi. Endi Yevropada futbolchilarimiz ko‘proq bo‘lishi mumkin.

— Afrika jamoalari bu chempionatda osiyoliklarga qaraganda yaxshiroq ishtirok etishdi. Bu ularning konfederatsiyasi siznikidan kuchliroq deganimi?

— Faqat jismoniy tomondan. Yevropada o‘ynaydiganlar – «fizika» va texnika uyg‘unligi nima ekanini biladi. Kongoliklarning esa barchasi o‘sha yerda o‘ynaydi. Bunday raqibga qarshi doim himoyalanish juda qiyin. Baribir to‘pga egalik qilish kerak edi!

— Ikkinchi bo‘limda jamoangiz hujum qilishni to‘xtatdi, hujumga o‘tganda ham faqat ikki-uch kishi bo‘lib. Bu Fabio Kannavaroning ko‘rsatmasi edimi yoki futbolchilarning tashabbusimi?

— Ha, agar gol ursak, qanday qilib bo‘lmasin hisobni saqlab qolishimiz kerak, degan ruhiy kayfiyat bor edi. Ammo Kongoga ham g‘alaba kerakligi o‘z so‘zini aytdi, bu jamoa jismonan juda kuchli edi. Shuning uchun ular faqat oldinga borishdi va bizni himoyadan o‘ynashga majbur qilishdi. Qolganini o‘zingiz ko‘rdingiz.

Biz to‘pni yaxshiroq ushlab turishimiz mumkin edi. Faqat bir jihatda yaxshi bo‘lish yetarli emasligini aytganimda shuni nazarda tutgandim. Agar siz pressingda yaxshi bo‘lsangiz, ammo to‘p bilan yaxshi ishlay olmasangiz, bu muammo baribir fosh bo‘ladi va buning uchun jazolanasiz. Hammasi tajribaga bog‘liq. Boshqa darajadagi o‘yin sur’atini, bunga odatlangan futbolchilarni ko‘rganingda, buni o‘rganish kerakligini tushunasan.

— Urgan chiroyli golingiz haqida aytib bering. To‘pni darvozabon ustidan «parashyut» qilib tashlash fikri qanday keldi?

— Gol chiroyli chiqdi, ammo bizga yordam bermadi. Gol urish doim yoqimli va o‘shanda hissiyotlar ijobiy edi. Ammo asosiysi – jamoa g‘alabasi, yutqazganimiz tufayli gol zavqi ham butunlay yo‘qqa chiqdi.

— Shunga qaramay, jahon chempionatlaridagi gollaringiz hisobini ochish muhimdir?

— Albatta, men uchun bu muhim. Baribir buni eslab yurasan – har kuni ham jahon chempionatida gol urib yurmaysan. Ammo yutganimizda – yanada yaxshiroq bo‘lardi.

— O‘sha vaziyatda Abbos Fayzullayev to‘pga tekkanmidi? Ya’ni golli uzatmani u berganmi?

— O‘zi to‘pga teginganini aytdi!

— Bu yerdan qandaydir qimmatli futbolka olib ketyapsizmi? Kolumbiya va Portugaliya bilan o‘yinlardan keyin futbolka almashdingizmi?

— Menda futbolka almashadigan kayfiyat yo‘q edi.

— Srechko Katanets, Timur Kapadze bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Kannavaro – jamoaga nima berdi?

— Ko‘p ijobiy narsalar! Bittalab aytib o‘tirmayman, lekin shunisi aniqki, chempionatda u xohlagandek o‘ynash uchun ko‘p vaqtimiz bo‘lmadi. Professional jihatdan u futbolchilarga ko‘p narsa beradi va o‘rgatadi. O‘yin tempini, professionallikni va bunday darajada o‘ynash uchun kerakli bo‘lgan boshqa barcha jihatlarni.

O‘zbekiston milliy jamoasining jahon chempionatlaridagi ilk goli muallifi bo‘lgan Abbos Fayzullayev esa «Chempionat» muxbiriga bergan intervyusida jamoa o‘z darajasida o‘ynay olmadi, deb hisoblashini aytgan.

— Natijaga qaramasdan, orzu amalga oshdi, deyish mumkinmi?

— Jahon chempionatida o‘ynaganimizni nazarda tutadigan bo‘lsak – ha. Ammo bu yetarli emas. Men g‘alaba qozonishni xohlayman. Biz esa buni uddalay olmadik. Umid qilamanki, keyingi jahon chempionatiga chiqamiz va o‘z g‘alabalarimizni qo‘lga kiritamiz. Hozir esa juda charchadim.

— Yaxshiroq o‘ynashingiz mumkinmidi? Yoki bu maksimummi?

— Yo‘q, bu maksimum emas. Biz nimaga qodirligimizni, qanday futbol o‘ynay olishimizni bilaman. Shunchaki bu yerda buni ko‘rsata olmadik.

Milliy jamoa himoyachisi Rustam Ashurmatov ham «Sport-Ekspress» muxbiriga bergan intervyusida jamoa bundan yaxshiroq natija qayd etishi mumkin bo‘lganini ta’kidlagan.

— Yaxshiroq o‘ynashimiz mumkin edi va biz, albatta, xafamiz. Biz birinchi jahon chempionatini orzu qilardik – lekin, albatta, shunchaki o‘ynashni emas, balki ochko to‘plash va g‘alaba qozonishni ham istardik. O‘xshamadi. Sabablar juda ko‘p va hozir ular haqida xolisona gapirishga hali erta. Shunisi aniqki, qaysidir pallalarda noto‘g‘ri harakat qilindi. Bu bizning birinchi jahon chempionatimiz va bu biz uchun saboq bo‘lishi kerak.

— Qaysi o‘yin barchasidan alamliroq bo‘ldi? Kolumbiya bilan o‘yinda hisobni tenglashtirgandingiz, bugungi o‘yinda hisobda oldinda bordingiz...

— Barchasi alamli. Kolumbiya bilan o‘yinda durang o‘ynashimiz, bugun g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Biz bu jahon chempionatini juda uzoq vaqt – 34 yil kutgandik! Ammo o‘xshamadi – hech bo‘lmaganda bitta ochko qo‘lga kirita olmadik.

— Kongo DR bilan o‘yinning birinchi bo‘limini juda yaxshi o‘tkazgandingiz, uni yutdingiz. Ikkinchi bo‘limda nima o‘zgardi?

— Biz yaxshi tayyorlangandik, yaxshi boshladik, darhol darvozani ishg‘ol etdik – hisobga olinmagan bo‘lsa ham. Keyin yana gol urdik. Gol urib olganimizdan keyin nimadir o‘zgardi, deb hisoblamayman. Biz shunday o‘ynashda davom etdik. Ammo raqib ham o‘yinga yaxshi tayyorlangandi. Ularga g‘alaba kerak edi va gol o‘tkazib yuborishganidan keyin yanada faolroq harakatlanishdi. Shundan keyin barchasi biz xohlaganimizdek kechmadi.

— Kongoliklar darvozasiga juda chiroyli gol urgan sardor Eldor Shomurodov uchun xursandmisiz?

— Albatta, u mening eng yaxshi do‘stim va jamoamiz sardori! U gol urgani, o‘yinda ham, turnirdagi gollari bo‘yicha ham hisobni ochgani zo‘r bo‘ldi. Afsuski, bu g‘alaba qozonishimizga yordam bermadi.

— Kongoliklar bilan o‘yindan keyin Fabio Kannavaro nimalar deyishga ulgurdi?

— Albatta, u ham g‘alabani xohlagandi. Aytishim mumkinki, u biz uchun, jamoa uchun barchasini qildi. Uning xafaligi biznikidan kamroq emas. U barchasini ortda qoldirish kerakligi va oldinda Osiyo chempionati turganini, unga ham tayyorlanishimiz kerakligini aytdi.

— Uch mag‘lubiyat fonida Kannavaro va futbolchilar orasidagi munosabatlar yomonlashmadimi?

— Yo‘q-yo‘q, murabbiylar shtabi bilan barchasi ajoyib. Hech qanday muammo yo‘q.

— Aftidan, muxlislar haqida ham shu gapni aytish mumkin. Uchta o‘yinda ham mag‘lubiyatga qaramay, ular tribualarda qolishdi va sizlar bilan iliq xayrlashishdi.

— Ha, to‘g‘risini aytsam, bu odamni xursand qiladi. Chunki jamoa yutqazganida, ular bizni qo‘llab-quvvatlashdi, bu juda qiyin. Shuning uchun, ularning reaksiyasi – bizga katta ishtiyoq beradi. Ularga jamoani oxirigacha qo‘llab-quvvatlaganlari uchun katta rahmat.

Milliy jamoa hujumchisi Igor Sergeyev xatolar ustida ishlanishini ta’kidlagan.

«Men o‘yin paytida ham aytdim, hozir ham yigitlarga takrorladim, boshni egmaslik kerak. Ha, alamli, ha, yoqimsiz. To‘g‘ri, bu hammaga, bizga ham, yaqinlarimizga ham, butun mamlakatga ham og‘ir. Lekin oldinga harakat qilamiz, ishlaymiz, taslim bo‘lmaymiz. Menimcha, endi ikki-uch barobar ko‘proq mehnat qilamiz», – deya uning so‘zlarini keltiradi Gazeta.

U o‘yindan keyin Fabio Kannavaro kiyim almashtirish xonasida futbolchilarga nima degani haqidagi savolni ochiq qoldirgan: «Keling, bu jamoa ichida qolsin. Uning ham o‘z xavotir va kechinmalari bor edi. U shunday gaplarni gapirdiki, menimcha, ular kiyim almashtirish xonasida qolishi kerak».

Sergeyev jamoa turnir boshlanishidan oldin ham raqiblarning kuchini yaxshi anglaganini ta’kidladi.

«Biz ham yosh bola emasmiz, raqiblar jiddiy, top-jamoalar ekanini tushunib turgandik. Portugaliya ham, Kolumbiya ham, o‘sha Kongo ham. Negadir hamma ularni hisobdan chiqarib qo‘ygandi, lekin biz videolarini ko‘rgandik. Juda yaxshi shakllangan jamoa. Umidlarimiz katta edi, kamida guruhdan chiqishni ko‘zlagandik. Ammo nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘ldi», – deydi u.

Uchta mag‘lubiyatdan keyin bo‘lishi mumkin bo‘lgan tanqidlar haqida gapirarkan, hujumchi jamoa ilgari ham bunday salbiy munosabatni boshdan kechirganini aytib o‘tdi.

«Norozi bo‘ladigan odamlar topiladi. Futbolni tushunmaydigan, shunchaki, tomosha qilib, yutishimizni xohlaydigan odamlar ham bor. Men ularni tushunaman. Jamoada bizni rosa tanqid ostiga olishgan paytlar ham bo‘lgan. Lekin biz o‘syapmiz va jahon chempionatiga chiqdik. Bunday salbiy qarashlar esa o‘tib ketadi», – dedi Sergeyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir milliy jamoani avvalgidan ko‘ra ko‘proq qo‘llab-quvvatlashmoqda.

«Baribir, yutqazayotganimizga qaramay, bizni qo‘llab-quvvatlayotganlar ko‘p. Tariximizda ilk bor jahon chempionatiga chiqqanimizning o‘zi juda yaxshi natija. Bu xalq uchun, futbolga qiziqmaydigan, uni doim tomosha qilmaydigan va futbolning ichki olamidan xabari yo‘q insonlar uchun ham juda katta ijobiy turtki bo‘ldi», – dedi u.

Hujumchi Portugaliya bilan o‘yindagi natija umumiy taassurotga soya solganini tan oldi.

«Beshta to‘p o‘tkazib yuborish – bu ko‘p, albatta. Lekin salbiylik ko‘rishni xohlagan odam, doim salbiylik topadi. Ijobiylikni ko‘rishni istagan odam esa, har doim yaxshilikni ko‘ra oladi. Ha, yutqazdik, lekin yomon tajriba ham tajriba. Bundan ham xulosa chiqarib, o‘rganish mumkin va faqat oldinga harakat qilish kerak», – deya ta’kidladi Sergeyev.

Kelajakdagi maqsadlar haqida gapirarkan, Sergeyev milliy jamoa jahon chempionatidagi debyutdan so‘ng ortga qadam tashlamasligi kerakligini ta’kidladi.

«Mening shaxsiy [umidlarim] — ortga qadam tashlamaslik. Qanday rivojlangan, qanday yo‘l bosgan bo‘lsak, mayli sekin, mayli kichik qadamlar bilan bo‘lsa ham, xuddi shunday oldinga harakat qilishda davom etishimiz kerak. Ushbu jahon chempionatida nimalarga qodirligimizni ko‘rsata olmadik. Xatolar bo‘ldi. Endi keyingisiga chiqishga harakat qilishimiz, bu yerga shunchaki bir marta tasodifan kelib qolmaganimizni, balki har safar barqaror ravishda yo‘llanma olishimizni isbotlashimiz kerak. Keyin esa guruhdan ham muntazam chiqishga intilishimiz lozim», – dedi u.

U bunday maqsadlar ambitsiyali ko‘rinishi mumkinligini, ammo jamoa bosqichma-bosqich harakat qilishi kerakligini qayd etdi. «To‘g‘ri, bu biroz katta rejalardek tuyulishi mumkin, lekin mahalliy chempionatimiz ham o‘sishi, biz ham oldinga ketishimiz uchun qadamma-qadam harakat qilish lozim. Men aynan shuni xohlayman. Shunchaki jahon chempionatiga chiqdik, keldik, katta rahmat, endi yana 30 yil kutamiz, degan narsa bo‘lmasligi kerak. Mana shuni istamayman», – dedi Sergeyev.

Hujumchi Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy jamoasi oldiga ancha yuqori vazifalar qo‘yilishi lozimligini qayd etgan. «Osiyoda vazifalar biroz boshqacha va menimcha, u yerda chempionlik uchun kurashish qo‘limizdan keladi», – deya ta’kidladi u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid