O‘zbekiston | 11:18 / 27.07.2022
7558
2 daqiqa o‘qiladi

YeXHT milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari O‘zbekistonga kelyapti

Foto: Getty Images

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari (YeXHT MOOK) Qayrat Abdurahmonov 28 iyuldan 2 avgustga qadar rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad davlat organlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan O‘zbekiston va MOOK vakolatxonasi o‘rtasidagi hamkorlik masalalari va kelgusidagi o‘zaro aloqalar istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.

Tashrif doirasida oliy komissar Oliy Majlis, Tashqi ishlar, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida muzokaralar olib boradi, mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar madaniyat markazlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissar lavozimi 1992 yilda YeXHT mas’uliyati doirasida millatlararo totuvlikni ta’minlash va turli jamiyatlarda o‘zaro tushunishni mustahkamlash vositasi sifatida tashkil etilgan.

Oliy komissar preventiv diplomatiya sohasida tashriflar va sa’y-harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega. Bunga milliy ozchiliklar va hukumatlar vakillari bilan muntazam aloqalar va safarlar uyushtirishni ko‘zda tutadi. 

Oliy komissar uch yil muddatga tayinlanadi, bir yildan ziyod bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. Qayrat Abdurahmonov ushbu lavozimga 2020 yil dekabr oyida saylangan.

Mavzuga oid