22:11 / 28.07.2022
14209

«Barselona» Jyul Kunde transferini e’lon qildi

«Barselona» «Sevilya» himoyachisi Jyul Kunde jamoaning yangi a’zosiga aylanganini rasman e’lon qildi.

Foto: FC Barcelona

Klub rasmiy sayti xabariga ko‘ra, Kataloniya va Andalusiya klublari Kunde transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Fransiyalik 23 yoshli himoyachi tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgach, tomonlar shartnoma imzolaydi.

Avvalroq, Jyul Kunde transferi uchun «Barselona» «Sevilya»ga 50 million yevro va yana 5 million yevroni bonus sifatida to‘lashi haqida xabar berilgandi. Fransiya milliy jamoasi himoyachisining «Barsa»dagi yillik maoshi 6 million yevroni tashkil etishi haqida ma’lum qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kunde transferi uchun «Barsa»dan tashqari, «Chelsi» ham kurash olib borgandi.

Ma’lumot uchun, Kunde 2019 yil «Bordo»dan 25 million yevro evaziga «Sevilya»ga ko‘chib o‘tgandi. U yakunlangan mavsum klubi safida La Ligada 32 o‘yinda maydonga tushib, 2ta gol va bitta assistga mualliflik qilgan.

Top