Jahon | 17:02 / 01.08.2022
4128
3 daqiqa o‘qiladi

Myanma harbiy xuntasi favqulodda holat rejimini 2023 yil fevraligacha uzaytirdi

Myanmada 2021 yil boshida harbiy xunta hokimiyatni egallab olganidan beri amalda bo‘lgan favqulodda holat 2023 yilning fevraligacha uzaytirildi.

Foto: AFP

Myanma harbiy xuntasi mamlakatdagi favqulodda holat rejimini yana olti oyga, 2023 yilning fevraligacha uzaytirdi, deb xabar bermoqda AFP 1 avgust, dushanba kuni davlatga qarashli Global New Light of Myanmar gazetasiga tayanib.

Milliy mudofaa va xavfsizlik kengashi Myanma QK oliy bosh qo‘mondoni Min Aun Xlaynning taklifini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi gazeta. Harbiy rahbariyat yana mamlakatda parlament saylovlarini o‘tkazishga ruxsat berdi, biroq aniq sanani keltirmadi, deb yozadi agentlik. «Mamlakatimizda xalq orzu qilgan chinakam va intizomli ko‘ppartiyaviy demokratik tuzumni mustahkamlashda davom etishimiz kerak», — deya generalning so‘zlarini keltiradi mahalliy nashr. 

Myanmada harbiy holat 2021 yil fevralida mamlakatda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng xunta tomonidan joriy qilingan va shundan beri bir necha bor uzaytirilgan. O‘shanda mamlakat qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni boshchiligidagi harbiylar amaldagi bosh vazir va tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji boshchiligidagi saylangan hukumatni ag‘dardi. U shu yilning aprel oyida korrupsiyada ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 

Qo‘zg‘olondan beri xunta mamlakat aholisining ommaviy mitinglar, ish tashlashlar va fuqarolar itoatsizligiga qaratilgan barcha urinishlarini shafqatsizlarcha bostirdi. BMT 2021 yilda mamlakat bo‘ylab shaharlarda namoyishchilarga qarata ro‘y bergan otishmalarni qayd etdi. Huquq himoyachilariga ko‘ra, rejimning kamida 1756 nafar muxolifi o‘ldirilgan, 13 mingdan ortiq kishi hibsga olingan. BMT mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealarni «ommaviy qotilliklar» deb atadi.

Iyul oyida mamlakat harbiy ma’muriyati bir necha o‘n yilliklar ichida birinchi marta o‘lim jazosini qo‘lladi: rejimning qamoqdagi to‘rt nafar muxolifi «shafqatsiz va g‘ayriinsoniy terrorchilik harakatlari»da ayblanib, qatl etildi. Bundan avval o‘nlab faollar ham o‘lim jazosiga hukm qilingan edi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xunta qarorini «yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini qo‘pol ravishda buzish» deb atadi.

Mavzuga oid